Top-300 xorijiy universitetlarga kirgan talabalarga ta’lim krediti beriladi

04.03.2026 | 16:522 дақиқа

Dunyoning top-300 universitetlariga qabul qilingan o‘zbekistonlik talabalarga bir yilga 20 ming dollargacha ta’lim krediti beriladi.

Top-300 xorijiy universitetlarga kirgan talabalarga ta’lim krediti beriladi

O‘zbekistonda dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olishni istagan yoshlar va pedagoglar uchun yangi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi ishga tushirildi. Hukumat qarori bilan Top-300 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan talabalarga imtiyozli ta’lim krediti ajratish tartibi tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, kreditlar Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladi. Nizom imtiyozli ta’lim kreditini ajratish, undan foydalanish va uni qaytarish tartibini belgilab beradi. Bu mexanizm O‘zbekiston fuqarolarining xalqaro nufuzli universitetlarda tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Universitetlar qaysi reyting bo‘yicha belgilanadi?

Imtiyozli kredit «Quacquarelli Symonds» yoki «The Times Higher Education» reytinglari bo‘yicha dunyodagi Top-300 universitetlar ro‘yxatiga kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. U bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olish uchun ajratiladi.

Kredit miqdori bir o‘quv yili uchun 20 ming dollargacha belgilangan bo‘lib, mablag‘ milliy valutada ajratiladi. U asosan talabalarning kontrakt to‘lovlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Kredit qachondan to‘lanadi?

Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan keyin 7 oy o‘tgach qaytarila boshlaydi. Qarzni to‘lash muddati 7 yil qilib belgilangan.

Kredit olish uchun kerakli hujjatlar

Kredit olish uchun talabalar va pedagoglar bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, birinchi kurs uchun qabul xati, ikkinchi kursdan boshlab akademik o‘zlashtirish natijalari, kontrakt shartnomasi va universitet bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoysni taqdim etishi lozim.

Shuningdek, birgalikda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik daromadlari haqida ma’lumot taqdim etilishi talab qilinadi. 30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun esa mehnat daftarchasidan ko‘chirma ham ilova qilinishi shart.

Talim krediti bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasi miqdorida belgilangan bo‘lib, hozirda u 14 foizni tashkil qiladi.

Теглар

Мавзуга оид