Logo

«To‘rt marta bir xil shablon» — AVO bank mijozi nega 134 kundan beri omonatidan foydalana olmayapti?

Бугун 14:136 дақиқа

Ijtimoiy tarmoqlarda AVO bank mijozi Aleksey Moskovsevning omonatidan 134 kundan beri foydalana olmayotgani haqidagi murojaati muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bank mijozi hisobvarag‘ini bloklashga asos bo‘lgan hujjatni bank taqdim etmaganini bildirgan. AVO bank va Markaziy bank holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

«To‘rt marta bir xil shablon» — AVO bank mijozi nega 134 kundan beri omonatidan foydalana olmayapti? © SI asosida yaratilgan

OneDev platformasi asoschisi Aleksey Moskovsev AVO bankdagi omonatidan 134 kundan beri foydalana olmayotganini ma’lum qildi. U bu haqda LinkedIn’dagi sahifasida yozgan.

Moskovsevning yozishicha, u 2025-yil 9-dekabr kuni AVO bank mobil ilovasi orqali olti oylik omonat ochgan. Omonatga kvartirasini sotishdan tushgan mablag‘ni joylashtirgan. Uning ta’kidlashicha, pul notarial shartnoma asosida olingan va mablag‘larning kelib chiqishi shaffof bo‘lgan. Omonat ochilganidan keyin hisobvaraq biror marta ham to‘ldirilmagan.

2026-yil 14-may kuni, ya’ni omonat muddati tugashiga qariyb bir oy qolganida, bank uning hisobvarag‘ini bloklagan. Moskovsevga ko‘ra, bank bloklash uchun asos bo‘lgan hujjatni unga o‘sha paytda ham, keyinchalik ham taqdim etmagan.

2026-yil 10-iyunda omonat muddati tugagan. Biroq Moskovsev mablag‘larini qaytarib ololmaganini bildirgan.

Shundan so‘ng u Markaziy bank, Prezident portali va AVO bankning o‘ziga murojaat qilgan. Moskovsevning aytishicha, bank yuborgan javoblarda hisobvaraq Yunusobod tumani ichki ishlar organining talabi asosida bloklangani ko‘rsatilgan.

2026-yil 10-sentabr kuni esa unga Yunusobod tumani IIB tomonidan 27/45-20347-sonli xat yuborilgan. Moskovsev ushbu xatda uning depozit hisobvarag‘i bloklangani asossiz ekani qayd etilganini ma’lum qilgan.

«O‘sha kunning o‘zida ushbu xatni bankka olib bordim. Bankdagi javob esa shunday bo‘ldi: hisobdagi blokni faqat Markaziy bank olib tashlashi mumkin, go‘yoki Markaziy bankning «topshirig‘i» bor ekan. Ammo bu topshiriqning raqami va sanasini menga hozirgacha aytishmadi», — deya yozadi bank mijozi.

11-sentabr kuni u Markaziy bankka yana murojaat qilgan. Uning yozishicha, Markaziy bank murojaatni AVO bankka yo‘naltirgan.

Moskovsevning ta’kidlashicha, bankning keyingi javobi avvalgi javoblaridan farq qilmagan. Unga ko‘ra, javobda Yunusobod tumani IIBning hisobvaraq bloklangani asossiz ekani haqidagi xati ham tilga olinmagan.

«To‘rt marta bir xil shablon. 134 kundan beri pulimdan foydalana olmayapman. 11-iyundan beri foizlar hisoblanmayapti», — deya ta’kidlagan u.

Moskovsev bank va Markaziy bankdan uning hisobvarag‘ini bloklashga asos bo‘lgan hujjatni ko‘rsatishni talab qilgan.

«Aynan mening hisobvarag‘im ko‘rsatilgan hujjatni ko‘rsating. Agar u bo‘lmasa, pulimni qaytaring», — deya yozgan u.

Moskovsev barcha murojaatlar, bankdan olingan xatlar, murojaat raqamlari va suhbatlar yozuvlari saqlanayotganini bildirgan. U ushbu hujjatlarni jurnalistlar va yuristlarga taqdim etishga tayyorligini ham ma’lum qilgan.

«Bank qo‘yilgan cheklovni mustaqil ravishda bekor qilishga haqli emas» — AVO bank

AVO bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaat yuzasidan 29-sentabr kuni rasmiy bayonot berdi. Bankka ko‘ra, mijozning hisobvaraqlari va omonatdagi pul mablag‘larini tasarruf etishga cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan o‘tkazilayotgan tergov tadbirlari doirasidagi talabi asosida qo‘yilgan.

AVO bank huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonunchilikka muvofiq bankdan hisobvaraqlar, jumladan, omonatlar, talab qilib olinguncha saqlanadigan hisobvaraqlar va karta hisoblari bo‘yicha operatsiyalarga cheklov qo‘yishni talab qilish huquqiga ega ekanini bildirgan.

«Bank qo‘yilgan cheklovni mustaqil ravishda bekor qilishga haqli emas. Bu faqat vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli hujjati asosida amalga oshirilishi mumkin», — deyiladi bank bayonotida.

Bankning ta’kidlashicha, hatto cheklov xato qo‘yilgan bo‘lsa ham, uni vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli ko‘rsatmasisiz bekor qilish mumkin emas.

AVO bank Moskovsev tomonidan davlat organidan olingan xat taqdim etganini ham ma’lum qilgan. Bank ushbu hujjatni ko‘rib chiqib, u cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning protsessual hujjati emasligini bildirgan.

Shuningdek, bank mazkur hujjat pul mablag‘larini blokdan chiqarish uchun qonunchilikda belgilangan asos bo‘la olmasligini mijozga yozma ravishda ma’lum qilganini bildirgan.

AVO bank, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushadigan maxfiy yoki xizmat doirasidagi xususiyatga ega ayrim hujjatlar qonunchilikka ko‘ra bank tomonidan taqdim etilishi mumkin emasligini bildirgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan jismoniy shaxs mol-mulkiga qo‘yilgan xatlovni bekor qiluvchi protsessual hujjatni chiqarishni talab qilish bankning vakolatiga kirmaydi.

«Bunday hujjatlar berilishini so‘rab iltimosnoma kiritish va ularni talab qilish — mablag‘lar egasi sifatida fuqaroning o‘ziga tegishli huquqdir», — deyiladi bayonotda.

Bank cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjatni kutmoqda

AVO bank vaziyatni aniqlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Markaziy bankka murojaat qilganini bildirgan. Bankning ma’lum qilishicha, cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjat hozirgacha bankka kelib tushmagan.

«Cheklovni bekor qilish muddatlari bankka bog‘liq emas va vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning qarori bilan belgilanadi», — deyiladi AVO bank bayonotida.

Bank tegishli hujjat kelib tushganidan so‘ng mablag‘larni blokdan chiqarish bo‘yicha zarur choralarni zudlik bilan ko‘rishini bildirgan.

AVO bank: omonat bo‘yicha foizlar hisoblangan

Moskovsev o‘z murojaatida 11-iyundan boshlab omonat bo‘yicha foizlar hisoblanmayotganini ma’lum qilgan edi. AVO bank esa bu fikrga izoh berib, depozit hisobvarag‘idagi mablag‘larni tasarruf etishga cheklov qo‘yilishi omonat bo‘yicha foizlar hisoblanishini to‘xtatmasligini bildirgan.

Bankning ta’kidlashicha, foizlar bank omonati shartnomasi shartlari va amaldagi tartib-taomillarga muvofiq, omonat shartnomasining amal qilish muddati tugagunga qadar hisoblab borilgan.

Bank, shuningdek, mijozning o‘z manfaatlarini, jumladan sud orqali himoya qilish huquqini hurmat qilishini bildirgan. AVO bank o‘zining barcha harakatlari qonunchilik talablariga asoslangani va ularning qonuniyligini belgilangan tartibda asoslab berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

«Hisobvaraqdagi cheklovni bank ham, regulyator ham mustaqil bekor qila olmaydi» — Markaziy bank

Markaziy bank 30-sentabr kuni ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Regulyatorning qayd etishicha, masala iste’molchilar huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan batafsil ko‘rib chiqilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, AVO bank mijozining hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar Yunusobod tumani prokurori ruxsati bilan Yunusobod tumani IIOning tegishli qarori asosida cheklangan.

Regulyator Jinoyat-protsessual kodeksining 294-moddasiga ko‘ra, banklarda saqlanayotgan pullar olib qo‘yilmasligi, biroq mol-mulk xatlangani to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim olinganidan so‘ng ularni sarflash bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilishi mumkinligini bildirgan.

Shu sababli, Markaziy bankning ta’kidlashicha, tijorat banklari vakolatli davlat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida qo‘yilgan talablarni bajarishi shart.

«Bunday talab mavjud bo‘lgan taqdirda, bank yuqorida qayd etilgan organning hisobvaraqqa qo‘yilgan cheklovni bekor qilish haqidagi qarori olinmaguniga qadar belgilangan cheklovni mustaqil ravishda bekor qilishga haqli emas», — deyiladi Markaziy bank izohida.

Regulyator, shuningdek, hisobvaraqqa cheklov qo‘yish haqidagi qarorning qonunchilikka muvofiqligini mustaqil ravishda baholash tijorat banki yoki Markaziy bank vakolatiga kirmasligini bildirgan.

Markaziy bankka ko‘ra, ushbu mijozning hisobvaraqlariga qo‘yilgan cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organning bankka yuborgan uni bekor qilish haqidagi rasmiy qarori yoki sudning tegishli qarori asosida olib tashlanishi mumkin.

Regulyator AVO bank mijozga hisobvaraqlariga huquqni muhofaza qiluvchi organning qarori asosida cheklov qo‘yilgani haqida 2026-yil 3-iyun va 10-iyul kunlari yozma ravishda ma’lum qilganini ham qayd etdi.

Markaziy bank mazkur masalani nazoratda saqlashda davom etishini bildirdi.

Shu o‘rinda, Markaziy bank 2-oktabr kuni tijorat banklarining omonat shartnomalari bo‘yicha o‘rganish natijalarini ham ochiqladi. Regulyator ayrim banklarda omonatchining mablag‘larini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkin bo‘lgan shartlar aniqlanganini ma’lum qildi.

Markaziy bankka ko‘ra, omonat turidan qat’i nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini qaytarishi shart. Iste’molchi huquqlarini cheklaydigan va qonunchilikka zid shartlar esa haqiqiy hisoblanmaydi.

Regulyator tijorat banklariga bunday shartlarni aniqlash va zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha talab qo‘ygan.


Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 212

Барчаси

Мавзуга оид