Logo

Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlardan 3,66 mlrd so‘m jarima undirildi

Бугун 15:051 дақиқа

Poytaxt jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanish holatlari yuzasidan nazorat kuchaytirilmoqda. Noyabr oyining dastlabki 22 kunida 19 ming 457 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlardan 3,66 mlrd so‘m jarima undirildi © vaqt.uz

1–22-noyabr kunlari Toshkent shahrida jamoat transportida to‘lov intizomini mustahkamlash, chiptasiz yurish holatlarining oldini olish hamda yo‘lovchilar orasida to‘lov madaniyatini shakllantirishga qaratilgan nazorat tadbirlarda 19 ming 457 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu kuniga o‘rtacha 884 ta qoidabuzarlik aniqlanganini anglatadi. Yil boshidan buyon rasmiylashtirilgan bayonnomalar soni esa 158 ming 237 taga yetdi.

22-noyabr holatiga ko‘ra, kunlik hisobot bo‘yicha undirilgan jarimalar miqdori 3,66 mlrd so‘mdan oshdi. Shundan 449,9 mln so‘mi noyabr oyining dastlabki 22 kuniga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, nazorat tadbirlari qamrab olgan avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilar oqimining o‘zgarish dinamikasi ham tahlil qilinmoqda.

Xususan, 18–21-noyabr kunlari 8, 11, 14, 28, 93, 116 va 131-sonli avtobus yo‘nalishlarida jami 449 ming 802 nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu o‘tgan haftaning mos davriga nisbatan 5 ming 792 nafarga yoki 1,3 foizga ko‘p. Shu bilan birga, to‘rt kun davomida mazkur yo‘nalishlarda 1 ming 228 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ayrim yo‘nalishlarda yo‘lovchilar sonining sezilarli darajada oshgani kuzatilgan. Jumladan, 11-sonli yo‘nalishda o‘sish 11,2 foizni, 28-sonli yo‘nalishda 5,4 foizni, 8-sonli yo‘nalishda 3,5 foizni va 14-sonli yo‘nalishda 1,7 foizni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 24-dekabrdan boshlab Toshkent shahrida noto‘g‘ri parkovka qilingan avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchalarida saqlash jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi.

Farangiz Bobojonova

Теглар

Мавзуга оид