Toshkent havosi 21-oktabrga o‘tar kechasi yomonlashishi mumkin
Ekoqo‘mita prognozlariga ko‘ra, kechqurun atmosfera tarkibidagi PM2.5 va PM10-mayda zarrachalari miqdori keskin ortadi.

Toshkent shahrida 21-oktabrga o‘tar kechasi va tong vaqtida atmosfera havosi tarkibida ifloslantiruvchi moddalar miqdori ortib, ekologik vaziyat yomonlashadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita prognozlariga ko‘ra, kechqurun atmosfera tarkibidagi PM2.5 va PM10-mayda zarrachalari miqdori keskin ortadi. Buning oqibatida tunda va tongda poytaxt havosining sifati xalqaro AQI indeksi bo‘yicha «sezgir guruhlar uchun noqulay», milliy indeks bo‘yicha esa «sariq» darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Ifloslanish sabablari va vaziyatning barqarorlashishi
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, havo sifatining bunday o‘zgarishiga tabiiy iqlim omillari sabab bo‘ladi.
Xususan, tunda havo haroratining 9 °C atrofida pasayishi, kuchsiz shamol va kuchli harorat inversiyasi atmosferada havo almashinuvi jarayonini cheklab qo‘yadi. Natijada ifloslantiruvchi mayda moddalar tarqalib ketmasdan, yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planib qoladi.
Shuningdek, xabarda ta’kidlanishicha, ayni damda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy moniring qilib borilmoqda. Jumladan, 20-oktabr kuni Toshkent shahrida havo sifati xalqaro AQI bo‘yicha «o‘rtacha» — «sezgir guruhlar uchun noqulay» darajada kuzatilgan.
21-oktabr ertalab harorat inversiyasi zaiflashishi bilan havo sifatining asta-sekin yaxshilanishi va xalqaro indeks bo‘yicha yana «o‘rtacha» darajaga qaytishi prognoz qilinmoqda.





