Logo

Toshkent hokimligi pulli parkovka haqini to‘lamagan haydovchilarni jarimaga tortishni taklif qildi

Бугун 19:272 дақиқа

Mazkur tashabbus doirasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra to‘lovdan bo‘yin tovlash bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida — hozirgi hisobda 824 000 so‘m, 1-sentabrdan esa 880 000 so‘m jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi.

Toshkent hokimligi pulli parkovka haqini to‘lamagan haydovchilarni jarimaga tortishni taklif qildi

Toshkent shahar hokimligi yo‘l bo‘yidagi pulli parkovkalaridan foydalangani uchun to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarga ma’muriy javobgarlik joriy etishni taklif qildi. Bu bo‘yicha qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi va 28-iyulgacha taklif hamda e’tirozlar qabul qilinishi belgilandi.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 128¹¹-modda bilan to‘ldiriladi. Unga muvofiq, yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohdan foydalanganlik uchun to‘lovni qonunchilikda belgilangan muddatda amalga oshirmaslik yoki undan bo‘yin tovlash BHMning 2 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Hozirgi hisob-kitob bo‘yicha bu 824 000 so‘mni tashkil etadi, 1-sentabrdan esa 880 ming so‘mga yetadi.

Mazkur norma qonunchilikka muvofiq parkovkadan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Nazorat avtomatik tizim orqali amalga oshiriladi

Qonun loyihasida to‘lov amalga oshirilmaganini avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali tasdiqlash taklif qilingan.

Shuningdek, axborot tizimlaridagi ma’lumotlar ham huquqbuzarlikni isbotlovchi dalil sifatida tan olinishi mumkin.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator moddalariga o‘zgartish kiritilib, bunday ishlar bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish tartibi ham belgilanishi rejalashtirilgan.

Jarima qaysi parkovkalarga tatbiq etiladi?

Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, pulli parkovka xizmati uchun haq to‘lash majburiyati amaldagi «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonunda allaqachon belgilangan. Biroq uni bajarmaslik uchun alohida javobgarlik chorasi mavjud emas.

Taklif etilayotgan jarima faqat davlat organlari tasarrufidagi ko‘chalarda tashkil etilgan yo‘l bo‘yi pulli parkovkalariga nisbatan tatbiq etiladi. Shlagbaum o‘rnatilgan xususiy parkovkalar ushbu norma doirasiga kirmaydi.

Теглар

Мавзуга оид