Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta tiklanishi mumkin

Бугун 14:552 дақиқа

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta tiklanishi mumkin © prezident.uz

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlashni kengaytirish orqali uni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgiladi. Shuningdek, Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Sanoat va investitsiyalar

Muzokaralarda chexiyalik kompaniyalar bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya, kimyo va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik va raqamlashtirish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari qayd etildi. O‘zbekiston—Chexiya biznes forumida ilgari surilgan tashabbuslar ham qo‘llab-quvvatlandi.

Aviaqatnovlar va gumanitar aloqalar

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda ta’lim, akademik almashinuv va qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazmalar va konsertlarni muntazam o‘tkazish orqali hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.

Sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Toshkent va Praga shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash imkoniyati ham muhokama qilindi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishi kutilmoqda.

Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini avgust oyida Toshkentda o‘tkazishga kelishib oldi. Shuningdek, qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Теглар

Мавзуга оид