Logo

Toshkentda oktabrdan jamoat transportida yo‘lkira narxlari oshiriladi

Бугун 10:252 дақиқа

Metro va avtobuslarda kartadan to‘lash yoki onlayn to‘lov 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshadi. Naqd to‘lovdagi yo‘lkira esa 3000 so‘m bo‘lib, o‘zgarishsiz qoladi.

Toshkentda oktabrdan jamoat transportida yo‘lkira narxlari oshiriladi © vaqt.uz

2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqi kartadan to‘lov uchun 1700 so‘mdan 2500 so‘mga, ya’ni 47 foizga oshiriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori e’lon qilindi.

Bir soatlik tariflar saqlanadi

Yangi tartibga ko‘ra, elektron to‘lovdan foydalanuvchilar uchun bir soatlik tariflar ham amal qiladi. ATTO kartasi orqali avtobusda to‘lov qilinganidan keyin 60 daqiqa ichida boshqa avtobusga o‘tilsa, ikkinchi qatnov uchun 1500 so‘m to‘lanadi. Shu vaqt ichidagi uchinchi va to‘rtinchi avtobus qatnovlari esa bepul bo‘ladi.

Metrodan 60 daqiqalik tarif doirasida bir marta foydalanish mumkin. Metroga ikkinchi marta kirilganda yangi 60 daqiqalik hisob boshlanadi.


Shuningdek, transport kartalarining kunlik va oylik tariflari ham belgilandi. Avtobus uchun bir kunlik karta 11 ming 500 so‘m, 30 kunlik karta 250 ming so‘m bo‘ladi. Metroda kunlik tarif 13 ming 500 so‘m, oylik tarif esa 345 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun transport kartasi tariflariga 50 foizlik chegirma qo‘llanadi. Jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning imtiyozlari esa saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, yo‘lovchi bagajini tashish uchun 4 ming so‘mlik tarif belgilanadi. Barcha tariflar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hisobga olingan holda ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida ishlayotgan shahar avtobuslarida yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashi shart.

To‘lov transport yoki ijtimoiy karta, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz vositalar orqali amalga oshiriladi. Yo‘lkira o‘z vaqtida to‘lanmasa yoki yo‘lovchi imtiyozini tasdiqlamasa, u chiptasiz harakatlanayotgan hisoblanadi va jarimaga tortilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид