Toshkentda peshlavhalar baribir o‘zgaradi – hokim
VAQT.UZ'ga bergan izohida Toshkent shahar hokimi peshlavhalar arxitektura normalari bilan tartibga solinishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, noqonuniy elementlar sud qarorisiz ham olib tashlanishi mumkin.
© Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati2026-yil boshidan beri Toshkent shahridagi peshlavhalar masalasi tadbirkorlarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. O‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev korxona nomi va faoliyat turini bildiruvchi belgilar reklama hisoblanmasligi, ular uchun maxsus pasport talab qilinmasligini nazarda tutuvchi taklifni ma’qullangandi.
Shu bilan ushbu masala atrofidagi muhokamalar to‘xtadi. Biroq poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning VAQT.UZ ga ma’lum qilishicha, shahardagi peshlavhalar baribir o‘zgaradi.
«Peshlavha taxtalar baribir o‘zgaradi. Arxitektura talablari bor. Arxitektura talablariga hammasi moslashtiriladi. U yerda biz ularga (tadbirkorlarga) muddatini uzaytirib beramiz. Misol uchun, siz bitta narsani tushunishingiz kerak-da – mana mashinaning tex-pasporti bor, to‘g‘rimi? Shu mashinaning tex-pasporti sababli siz unga kichkina balon qo‘yishingiz mumkin emas yoki farasini olib tashlashingiz mumkin emas. To‘g‘rimi? Olib tashlasangiz, sizga jarima solinadi, to‘g‘rilab qo‘ying, deydi. Uy-joy ham, do‘kon ham xuddi shunaqa. Arxitektura norma, qonun-qoidalari bor. Peshlavha bilan reklamaning tasdiqlangan normalari bor», – dedi Umurzoqov.
Hokim prezidentning topshirig‘iga ko‘ra, tadbirkorlarga peshlavhasini to‘g‘irlab olishi uchun muddat berilishini, talablar ham yumshatilishini bildirdi. Ya’ni, oldin peshlavhalar uchun muayyan kvadratura belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, endi bino uzunligining 30 foizi darajasida peshlavhani bemalol tekinga yozish mumkin degan norma kirgizilyapti.
«Sud qarori kerak emas»
VAQT.UZ jurnalisti hokimdan katta pulga o‘rnatilgan peshlavhalarning noqonuniy buzib tashlanishi ortidan ularning kompensatsiya masalasi nima bo‘lishi bilan qiziqdi. Biroq hokim peshlavhalar qonuniy buzilganini aytdi. Tabdirkorlar sud qarorisiz ularning peshlavhalari buzib tashlanganini aytayotganini esa hokim buning uchun sud qarori zarur bo‘lmasligi bilan izohladi.
«Yo‘q, endi unga sud qarori kerak emas. O‘zi noto‘g‘ri. Mana men sizga yana bir marta aytyapman. Hozir mana siz mumkin emas, mana avtomashinaga mumkin emas bo‘lgan narsani yoki mana migalkani o‘rnatib qo‘ysangiz-da, uni olib qo‘yishsa nima bo‘ladi?
Binoga mumkin emas narsalar bor-da. Aytyapman-ku. Qarang, arxitektura normasida vizual shovqin degan narsa bor. Ya’ni, u yerda siz faqat tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamang-da. Men aholi, fuqaro sifatida menga yoqmaydi u. Ko‘cha uniki emas, aholiniki», – dedi hokim.
Shu yerda Biznes-ombudsmanning o‘tgan oyda e’lon qilgan ma’lumotni eslash o‘rinli. Unga ko‘ra, peshlavhalar va transport vositalari uchun reklama joyining pasportini olmagan yuridik shaxslar «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (20,6 mln so‘m) jarima qo‘llanilgan. 2025-yilda 384 nafar shaxsga jami 8,2 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan.





