Logo

Toshkentda peshlavhalar mojarosi davom etmoqda: endi nishonda Dodo Pizza

Бугун 09:443 дақиқа

Reklama va peshlavhalar haqidagi qonuniy talablar bosqichma-bosqich joriy qilinishi haqidagi bayonotlarga qaramay, Sergelidagi Dodo Pizza filiali peshlavhasi hujjatlarsiz buzilgani, bino esa elektr va internetsiz qoldirilgani aytilmoqda. Kompaniya vakili IIB dan ham norozi, video yozuvlar o‘chirib tashlangan.

Toshkentda peshlavhalar mojarosi davom etmoqda: endi nishonda Dodo Pizza

Toshkentda peshlavhalarni tartibga keltirish kampaniyasi bilan bog‘liq bahs va e’tirozlar davom etmoqda. Navbatdagi mojaro xalqaro Dodo Pizza tarmog‘ining poytaxtdagi filiallaridan biri atrofida yuzaga keldi.

O‘zbekistondagi «Dodo Pizza» tarmog‘ining franchayzi-hamkori Dinara Islamova Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovga murojaat qilib, Toshkentdagi filiallardan birida tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv bo‘lganini ma’lum qildi. Murojaat nusxasi VAQT.UZ ixtiyorida mavjud.

Unda aytilishicha, 8-iyun kuni Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli ko‘chasida joylashgan filialga o‘zini tuman hokimligi vakili sifatida tanishtirgan shaxslar kelib, korxona peshlavhasini olib tashlashni talab qilgan. Biroq tadbirkorlik subyekti xodimlariga hech qanday rasmiy asos yoki vakolatni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan.

Korxona xodimlari xizmat guvohnomalari va vakolatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishni so‘raganida, bunday talablar rad etilgan. Shundan keyin ishchilar jalb qilinib, peshlavha majburiy ravishda demontaj qilingan. Islamovaning ta’kidlashicha, buning oqibatida korxona mulkiga sezilarli zarar yetkazilgan.

Murojaatda qayd etilishicha, voqea faqat peshlavhaning buzilishi bilan tugamagan. Binoning egasiga ham qo‘shimcha talablar qo‘yilgan. Xususan, unga bino atrofiga plitka yotqizish, sug‘orish tizimi tashkil etish va boshqa obodonlashtirish ishlarini o‘z mablag‘i hisobidan bajarish topshirilgani aytilmoqda.

Dinara Islamovaning ta’kidlashicha, keyinchalik bino elektr energiyasi va internet tarmog‘idan uzildi. Natijada nafaqat Dodo Pizza filiali, balki binoda faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasining ham faoliyati to‘xtab qolgan.

U, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga ham e’tiroz bildirgan. Korxona boshqaruvchisi sodir bo‘layotgan voqealarni videoga olayotgan paytda, IIB xodimlari undan mobil telefonni topshirishni talab qilgani va tasvirga olingan videoyozuvlarni o‘chirib tashlagani aytiladi. Xodimning so‘zlariga ko‘ra, bunga rozi bo‘lmagan taqdirda uni bo‘limga olib ketish bilan tahdid qilingan.

Qarorlar bir tomon, amaliyot boshqa tomon

Mazkur holat prezident Shavkat Mirziyoyev peshlavhalar masalasidagi talablarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni ma’qullaganidan bir oy o‘tib yuz bermoqda.

Davlat rahbariga taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, korxona nomi va faoliyat turini ko‘rsatuvchi axborot belgilarini reklama sifatida baholamaslik, ular uchun alohida pasport va ruxsatnomalar talab qilmaslik nazarda tutilgan. Sababi amaldagi tartib tadbirkorlar uchun ortiqcha xarajat va byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirgan.

Biroq amaliyotda peshlavhalarni olib tashlash davom etmoqda. O‘tgan hafta Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov VAQT.UZ bilan suhbatda peshlavhalar baribir o‘zgartirilishini bildirgan edi. Uning aytishicha, bu arxitektura normalari va shahardagi «vizual shovqin»ni kamaytirish talablari bilan bog‘liq va tadbirkorlarga qonunbuzarlik holatini bartaraf qilish uchun vaqt cho‘zib beriladi.

Hokim suhbat davomida peshlavhalarni olib tashlash uchun sud qarori talab qilinmasligini ham qayd etgan. Bu esa tadbirkorlar tomonidan ilgari surilayotgan asosiy e’tirozlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Wendy’s fast-food tarmog‘i filiallarida ham peshlavhalar buzilayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.

VAQT.UZ holat yuzasidan munosabat berishni so‘rab, Biznes-ombudsman matbuot kotibi Guljamol Shukurova bilan bog‘landi. U suhbatda, shu va shunga o‘xshash holatlar yuzasidan tez orada Biznes-ombudsman munosabati e’lon qilinishini ma’lum qildi.

Avvalroq Biznes-ombudsman peshlavhalar va transport vositalari uchun reklama joyining pasportini olmagan yuridik shaxslar «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (20,6 mln so‘m) jarima qo‘llanilgani haqida xabar bergandi. Xususan, 2025 yilda 384 nafar shaxsga jami 8,2 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan.

 

 

 

 

Теглар

Мавзуга оид