Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini flot bilan himoya qilmoqchi
AQSH prezidenti dunyo davlatlarini strategik suv yo‘lini ochish uchun xalqaro harbiy-dengiz koalitsiyasi tuzishga chaqirdi, ammo tahlilchilar bu reja ko‘plab murakkab to‘siqlarga duch kelishini aytmoqda. Xo‘sh, Trampning bu rejasi ish beradimi?

AQSH va Isroilning Eron bilan to‘qnashuvi sabab neft bozorida tizimli uzilishlar boshlandi. Donald Tramp dunyo neft ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini harbiy kemalar yordamida himoya qilish maqsadida xalqaro dengiz koalitsiyasini tuzmoqchi.
Eronning AQSH va Isroil hujumlariga javoban Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘yishi neft narxining bir barreli uchun 100 dollardan oshib ketishiga olib keldi.
Eronning yangi oliy rahnamosi Mo‘jtabo Xomanaiy ushbu muhim dengiz yo‘lini yopiq holda saqlashga va’da berdi. Tehrondagi boshqa bir yuqori martabali amaldor esa neft narxi 200 dollardan ham oshib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Tramp Fors ko‘rfazini O‘mmon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘lovchi ushbu strategik suv yo‘li xavfsizligini dengiz koalitsiyasi ta’minlashiga umid qilmoqda. So‘nggi ikki hafta ichida Eron mazkur tor yo‘l orqali suzib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘ndan ortiq kemaga hujum uyushtirdi.
Trampning bayonoti
AQSH prezidenti Isroil bilan birgalikda urush boshlagani, biroq uning yakuni yoki vaziyatdan chiqish yo‘llari ko‘rinmayotgani sababli mamlakat ichkarisida kuchli bosimga duch kelmoqda.
«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasida ularda HECH QANDAY REJA yo‘q edi. Eron bo‘g‘ozni qanday qilib jilovlab olgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tirmayman, ammo shuni aytish kifoyaki, hozirda ular suv yo‘lini xavfsiz tarzda qayta ochish yo‘lini bilishmaydi», — deb yozdi amerikalik demokrat senator Kris Myorfi o‘zining X sahifasida.
Tramp Eronga nisbatan harbiy zarbalarni kuchaytirish bilan tahdid qilgan holda, Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyani bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z harbiy kemalarini safarbar etishga chaqirdi.
Tramp «Eron harbiy salohiyatining 100 foizi» allaqachon yo‘q qilinganini iddao qildi, biroq Tehron hali ham «bitta-ikkita dron uchirishi, mina qo‘yishi yoki ushbu suv yo‘liga yaqin masofali raketa yo‘llashi» mumkinligini qo‘shimcha qildi.
«Umid qilamanki, ushbu sun’iy cheklovdan jabr ko‘rayotgan Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar mintaqaga o‘z kemalarini yuborishadi. Shunda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi butunlay mag‘lubiyatga uchragan millat tomonidan boshqa tahdid solinmaydigan hududga aylanadi. Bu orada Qo‘shma Shtatlar qirg‘oq bo‘ylarini ayovsiz bombalaydi hamda Eron qayiqlari va kemalarini suv qa’riga g‘arq qilishda davom etadi. U yoki bu yo‘l bilan, biz tez orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozini OCHIQ, XAVFSIZ va OZOD holatga keltiramiz», — deb yozdi Tramp o‘zining «Truth Social» platformasidagi postida.
Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp yana tarmoqqa qaytib, «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft oladigan dunyodagi barcha mamlakatlar»ni harbiy kemalar yuborishga chaqirdi va bunda ishtirok etganlarga AQSH «katta» yordam ko‘rsatishini bildirdi.
Eronning munosabati qanday bo‘ldi?
Eron Islom inqilobi muhofizlar korpusi (IIMK) Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Alirizo Tangsiriy o‘z bayonotida AQSHning Eron flotini yo‘q qilish yoki neft tankerlari uchun xavfsiz kuzatuvni ta’minlash haqidagi da’volari yolg‘on ekanini aytdi.
«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi harbiy jihatdan to‘sib qo‘yilmagan, u shunchaki nazorat ostida turibdi», — dedi u o‘z bayonotida.
Keyinroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy bu fikrni yanada mustahkamlab, bo‘g‘oz AQSH va uning ittifoqchilariga tegishli kemalardan tashqari barcha xalqaro yuk tashuvchilar uchun ochiqligini ta’kidladi.
«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiq. U faqat bizga hujum qilayotgan dushmanlarimiz va ularning ittifoqchilariga tegishli tanker va kemalar uchun yopiq. Boshqalar erkin o‘tishi mumkin», — dedi u.
AQSH-Isroil zarbalarining birinchi kunida halok bo‘lgan Oliy rahnamo Ali Xomanaiyning o‘g‘li — Mo‘jtabo Xomanaiy hokimiyat tepasiga kelganidan keyingi ilk bayonotida, mojaro vaqtida Eronning pozitsiyasi ustun bo‘lishini ta’minlash uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolishini ma’lum qilgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi asosiy muammolar nimalardan iborat?
Eng tor nuqtasida atigi 21 dengiz mili (39 km) kenglikka ega bo‘lgan bu bo‘g‘oz Arab ko‘rfaziga (Eronda Fors ko‘rfazi deb ataladi) olib boradigan yagona dengiz yo‘lidir. Ushbu suv yo‘lidagi kema qatnaydigan yo‘laklar yanada torroq bo‘lib, hujumlar oldida o‘ta zaifdir.
Bo‘g‘oz bir tomondan Eronni, ikkinchi tomondan O‘mmon va Birlashgan Arab Amirliklarini ajratib turadi. Qisqa qilib aytganda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilsa, dengiz orqali ichkariga kirish yoki tashqariga chiqishning imkoni yo‘q.
Ruminiya harbiy-dengiz flotida 13 yil xizmat qilgan dengiz xavfsizligi bo‘yicha ekspert Aleksandru Hudisteanu «Al Jazeera» nashriga bergan intervyusida Tramp ishora qilayotgan koalitsiyadagi eng katta muammo — «o‘zaro muvofiqlik» ekanini aytdi.
«Bu turli bo‘linmalar va turlicha harbiy doktrinaga ega bo‘lgan ekipajlarning birgalikda ishlash qobiliyatidir. Hatto oddiy aloqa o‘rnatish ham katta muammoga aylanishi mumkin», — dedi u.
Bundan tashqari, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining geografiyasi ham muhim omil: «Bu urush davridagi tahdidlar ostida suzish uchun o‘ta og‘ir muhit. Ayniqsa, raketa tahdidlari, asimmetrik minalar yoki kemalarga zarar yetkazishi va yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz tizimlar sharoitida harakat qilish juda mushkul», — deydi Hudisteanu.
Kemalarga kuzatuv xizmatini ko‘rsatish o‘ta qimmatga tushadigan variant bo‘lib, bu ishtirokchi xorijiy harbiy kemalarni Eronning ehtimoliy hujumlari xavfi ostida qoldiradi. Bu esa o‘z navbatida ko‘proq mamlakatlarni davom etayotgan urush girdobiga tortishi mumkin.
Eron nuqtai nazaridan qaraganda, «qirg‘oq chizig‘ining juda yaqinligi va dengiz yo‘lining nihoyatda tirband hamda cheklanganligi — tabiiy ustunlikdir», — deb qo‘shimcha qildi ekspert. Geografik jihatdan Eron bu yerni Tehron ruxsat bermaguncha kemalar chiqib keta olmaydigan «qopqon» holatida ushlab turibdi.
Suv yo‘li xavfsizligini ta’minlashga urinayotgan har qanday harbiy-dengiz koalitsiyasi uchun yana bir katta muammo — operatsiyaning muddatidir.
«Bo‘g‘oz xavfsizligiga erishish mumkin. Bu faqat qancha vaqt va qancha resurs talab qilinishiga bog‘liq», — deydi tahlilchi. Shoshma-shosharlik bilan qilingan harakatlar esa «missiya va mintaqa xavfsizligi uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin».
Dunyo davlatlarining chaqiriqqa javobi
Hozirgacha birorta ham mamlakat Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy kemalar yuborish haqidagi chaqirig‘iga ommaviy ravishda rozilik bildirgani yo‘q.
Buyuk Britaniya: London strategik dengiz yo‘lini qayta ochish imkoniyatlarini «diqqat bilan o‘rganayotganini» ma’lum qildi. «Biz ittifoqchilarimiz bilan birgalikda amaliy choralarni faol ko‘rib chiqyapmiz, chunki bo‘g‘ozni qayta ochish biz uchun o‘ta muhim», — dedi Britaniya Energetika vaziri Ed Miliband.
Xitoy: XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari Pekin harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirayotganini va «barcha tomonlar energiya ta’minotining barqaror va to‘siqsiz bo‘lishini ta’minlash uchun mas’ul» ekanini ta’kidladi.
Yaponiya: Tokio bunday missiyaga harbiy kemalar yuborish uchun to‘siqlar «nihoyatda yuqori» ekanini bildirdi. «Huquqiy jihatdan bu imkoniyatni inkor etmaymiz, ammo davom etayotgan mojaroni hisobga olsak, bu masala juda ehtiyotkorlik bilan ko‘rib chiqilishi kerak deb hisoblayman», — dedi Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi rahbari Takayuki Kobayashi.
Fransiya: Parij ham kemalar yubormasligini tasdiqladi. Yevropa va Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida prezident Emmanuel Makronning Fransiya Eronga qarshi urushga qo‘shilmasligi haqidagi so‘zlariga ishora qilib, «Pozitsiyamiz o‘zgargani yo‘q: u mudofaa xususiyatiga ega», deb bayonot berdi.
Janubiy Koreya: Neftning 70 foizini Ko‘rfaz davlatlaridan import qiluvchi Janubiy Koreya Trampning bayonotlarini «diqqat bilan kuzatayotganini» hamda «energiya tashish yo‘llari xavfsizligini ta’minlash uchun turli chora-tadbirlarni har tomonlama ko‘rib chiqayotgani va o‘rganayotganini» ma’lum qildi.
Eron bilan muzokaralar
Ba’zi davlatlar energiya resurslari tashuvini kafolatlash maqsadida Tehron bilan alohida muzokaralar olib bormoqda. Xususan, Hindiston bayrog‘i ostidagi, suyultirilgan neft gazi ortilgan ikkita tanker yaqinda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan suzib o‘tdi. Bu Nyu-Dehli uchun hayotiy ahamiyatga ega, chunki mamlakat LPG importining 80 foizini aynan shu strategik yo‘lak orqali amalga oshiradi. Eron bilan davom etayotgan harbiy harakatlar Hindistondagi 333 million xonadonni oshxona gazisiz qoldirdi va mamlakatda keskin energiya taqchilligini yuzaga keltirdi.
Nyu-Dehli Eron bilan ko‘p yillik tarixiy aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, bosh vazir Narendra Modi hukumati Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi bo‘yicha rasmiy qoralash bayonotini bermadi. Shu bilan birga, Hindiston Eronning Fors ko‘rfazi davlatlariga bergan javob zarbalarini keskin tanqid qildi — chunki bu mamlakatlarda millionlab Hindiston fuqarolari ishlaydi va ular har yili o‘z vataniga 51 milliard dollar miqdorida mablag‘ jo‘natadi.
Shuningdek, o‘tgan haftada Anqara Tehron bilan bevosita muzokaralar o‘tkazganidan so‘ng, Turkiyaga tegishli bitta kemaga ham xuddi shunday ruxsat berildi. Yana 14 ta Turkiya kemasi o‘tish uchun ruxsat kutmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Fransiya va Italiya ham o‘z kemalarini bo‘g‘oz orqali o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Eron rasmiylari bilan muzokaralar boshlagan, biroq hozircha bu haqda rasmiy tasdiq yo‘q.
Hudisteanuning ta’kidlashicha, Eron dengiz yo‘llari orqali o‘tuvchi global ta’minot zanjiriga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Mintaqadagi dengiz xavfsizligi va mavjud iqtisodiy ekotizimga zarba berish orqali Tehron, jahon bozorida neft va gaz narxlari ko‘tarilayotgan bir sharoitda, butun dunyoni o‘zi bilan hisoblashishga va muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur etmoqda.





