Logo

Xalq bankining sug‘urta kompaniyasi Davaktiv tasarrufiga o‘tkazildi

Бугун 12:452 дақиқа

80 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega bo‘lgan «Xalq Sug‘urta» kompaniyasi 2026–2027-yillarda xususiylashtirilishi rejalashtirilgan. Kompaniya joriy yilning birinchi yarmida 15,4 mlrd so‘m sof foyda olgan.

Xalq bankining sug‘urta kompaniyasi Davaktiv tasarrufiga o‘tkazildi © yandexmaps

Xalq bankining sho‘ba korxonasi bo‘lgan «Xalq Sug‘urta» AJning 100 foiz aksiyalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (Davaktiv) o‘tkazildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.

Xalq banki kuzatuv kengashi aksiyalarni o‘tkazish bo‘yicha qarorni 21-sentabr kuni qabul qilgan.

Aksiyalarga egalik huquqi esa 16-oktabrda o‘zgargan.

Davaktivga nominal qiymati 1 000 so‘mdan bo‘lgan 80 mln dona aksiya berilgan. Ularning umumiy nominal qiymati 80 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bu kompaniya ustav kapitalining 100 foiziga teng.

Muhim jihati shundaki, 80 mlrd so‘m kompaniyaning sotuv narxi emas, balki aksiyalarning nominal qiymatidir. Kompaniyaning xususiylashtirishdagi yakuniy bahosi hozircha ma’lum qilinmagan.

Xususiylashtirishga tayyorgarlik

«Xalq Sug‘urta» 2026-yil 28-avgustdagi PF–177-sonli prezident farmoni bilan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. Unga muvofiq, kompaniyaning davlat ulushini 2026–2027-yillarda ommaviy savdolarga chiqarish rejalashtirilgan.

Aksiyalarning Davaktivga o‘tkazilishi kompaniyani xususiylashtirishga tayyorlash jarayonining bir qismi hisoblanadi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ulushini boshqarish va uni belgilangan tartibda sotuvga chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Hozircha kompaniya aksiyalari qachon savdoga chiqarilishi, boshlang‘ich narx qancha bo‘lishi yoki ehtimoliy xaridorlar haqida ma’lumot e’lon qilinmagan. Shu sababli xususiylashtirishdan davlat qancha mablag‘ olishi hozircha noma’lum.

Kompaniyaning foydasi qancha?

«Xalq Sug‘urta»ning 2026-yil 1-iyul holatiga jami aktivlari 278,54 mlrd so‘mni tashkil etgan. Kompaniyaning ustav kapitali esa 80 mlrd so‘mga teng.

Sug‘urtalovchi joriy yilning birinchi yarmida 30,12 mlrd so‘m daromad va 15,42 mlrd so‘m sof foyda olgan. Bu kompaniya xususiylashtirish jarayoniga moliyaviy natijalar bilan kirib borayotganini ko‘rsatadi.

2011-yil may oyida tashkil etilgan «Xalq Sug‘urta» hayotni sug‘urta qilishdan tashqari sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatadi.

Kompaniyaning bank tasarrufidan chiqishi Xalq bankining korporativ tuzilmasini ham o‘zgartiradi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, u hozir «Xalq Lizing», «Xalq Faktoring», «Xalq mikromoliya tashkiloti» va «Perfect Capital Investment» kompaniyalarining 100 foiz ulushiga, shuningdek, «United Ventures»ning 14 foiz ulushiga egalik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Xalq banki»ga tegishli Xorazm, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridagi beshta bank xizmatlari markazi binosi auksionda sotilishi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид