Xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblarini rag‘batlantirish miqdorlari keskin oshirildi
Yangi beriladigan pullar avvalgisidan juda katta. Qolaversa, oldingilari bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib to‘langan. Hozirgisi esa dollarda.
© International Chess Federation«Nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini munosib rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–346-son prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, xalqaro nufuzli shaxmat musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoki sovrinli o‘rinlarni egallagan O‘zbekiston shaxmatchilariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari oshiriladi. Rag‘batlantirish choralari sportchilar bilan birga ularning trenerlarini ham qamrab oladi. Ya’ni xalqaro musobaqalarda natija qayd etgan shaxmatchilarning murabbiylariga to‘lanadigan bir martalik mukofotlar miqdori ham ko‘paytiriladi. Trenerlarga nazarda tutilgan pul mukofoti g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni oxirgi bir yil davomida tayyorlagan trenerlarga beriladi. Bunda ushbu mablag‘lar, tegishli Trenerlar kengashining qaroriga asosan, sportchini tayyorlashda so‘nggi 4 yilda ishtirok etgan trener va boshqa mutaxassislar o‘rtasida qayta taqsimlanishi mumkin.
Hujjat bilan shaxmatchilar va ularning trenerlariga beriladigan pul mukofotlarining yangi miqdorlari ham tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, kattalar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritganlar 200 ming, kumush medal egalari 100 ming, bronza sohiblari esa 50 ming dollardan mukofot puli oladi. Ularning trenerlariga esa mos ravishda 50, 25 va 12,5 ming dollardan beriladi.
Yoshlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasi sovrindorlari uchun ham bir martalik pul mukofotlari oshirildi. Ular oltin uchun 20, kumushga 10, bronzga esa 5 ming dollardan oladi. Ustozlariga mos ravishda 5 ming, 2,5 ming va 1250 dollardan beriladi.
Shuningdek, Xalqaro shaxmat federatsiyasi tasnifiga ko‘ra, jahon miqyosidagi musobaqalarda oltin olganlarga 15 ming, kumush qo‘lga kiritganlarga 7,5 ming, bronza olganlarga esa 3750 dollar beriladi. Ularni tayyorlagan ternerlar 7 ming, 3,5 ming va 1750 dollarga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, Osiyo miqyosidagi musobaqalarda 1-o‘rinni olganlar 10 ming, 2-o‘rinni egallaganlar 5 ming va 3-o‘rin sohiblari 2,5 ming dollar, ularning trenerlari esa mos ravishda 5 ming, 2,5 ming va 1250 dollar bilan mukofotlanadi.
Qolaversa, shaxmatchi xalqaro grossmeyster sport unvonini olsa, o‘ziga ham, ustoziga ham 5 ming dollardan beriladi.
Avval qancha bo‘lgandi?
Bu galgi mukofot pullari juda katta. Negaki prezidentning 2022-yil 5-avgustdagi «Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-347-sonli qarorida summalar hozirgiga qaraganda kichik bo‘lgan va u bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib berilgan. Masalan, 2026-yil 1-sentabrdan BHM miqdori 440 ming so‘m bo‘ldi. Agar hozirgi BHM miqdoridan kelib chiqsak ham summa keskin katta bo‘lmaydi.
Kattalar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritganlar bazaviy hisoblash miqdorining 2000 baravari (880 mln so‘m), kumush olganlarga 1000 baravar (440 mln so‘m), bronza yutganlarga 500 barobari (220 mln so‘m) bo‘ladi. Ularning trenerlari esa 1000, 500, 250 baravardan olgan.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi tasnifiga ko‘ra, jahon miqyosidagi musobaqalarda oltin olganlarga 300, 150 va 75 baravardan, ustozlari 150, 75 hamda 57,5 baravardan mukofot olishgan. Qolganlar esa quyidagicha:

