Logo

Xitoy chip ishlab chiqaruvchisi bir kunda qariyb 500 foizga qimmatlab, mamlakatdagi eng qimmat kompaniyaga aylandi

Бугун 12:352 дақиқа

Aksiyalar narxi keskin oshgani sababli kompaniyaning bozor qiymati 3,65 trillion yuanga (taxminan 539 milliard dollar) yetdi. Savdolar davomida kompaniya hatto Xitoyning yirik texnologik kompaniyasi «Tencent»dan ham o‘zib ketdi.

Xitoy chip ishlab chiqaruvchisi bir kunda qariyb 500 foizga qimmatlab, mamlakatdagi eng qimmat kompaniyaga aylandi © Getty Images

Xitoyning CXMT chip ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Shanxay fond birjasidagi ilk savdo kunida aksiyalari 500 foizdan ko‘proq oshdi. Natijada kompaniya Xitoydagi eng qimmat ommaviy savdoga chiqqan kompaniyaga aylandi. Bu haqda «Financial Times» xabar berdi.

CXMT aksiyalari birinchi savdo kunida 8,66 yuandan 55 yuangacha ko‘tarildi. Bunga investorlarning sun’iy intellekt uchun kerakli xotira chiplariga bo‘lgan talab oshishiga qiziqishi sabab bo‘ldi. Aksiyalar narxi keskin oshgani sababli CXMT kompaniyasining bozor qiymati 3,65 trillion yuanga (taxminan 539 milliard dollar) yetdi. Savdolar davomida kompaniya hatto Xitoyning yirik texnologik kompaniyasi «Tencent»dan ham o‘zib ketdi.

«Tencent»ning bozor qiymati taxminan 514 milliard dollar edi. Biroq kun yakunida CXMT biroz pasayib, «Tencent»dan keyingi o‘ringa tushdi, lekin baribir Xitoydagi eng qimmat kompaniyalardan biri bo‘lib qoldi.

CXMT IPO (kompaniyaning fond birjasiga chiqishi va aksiyalarini birinchi marta ommaga sotishi) vaqtida aksiyalarini 8,66 yuan narxda sotuvga chiqardi va 6,7 milliard dona aksiya sotib, 57,92 milliard yuan (8,6 milliard dollar) mablag‘ yig‘di. Bu joriy yilda Osiyodagi eng yirik IPOlardan biri bo‘ldi. Shuningdek, kompaniyada yana 1 milliard dona qo‘shimcha aksiya chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu amalga oshsa, jalb qilingan mablag‘ qariyb 10 milliard dollarga yetishi mumkin.

CXMT yig‘ilgan mablag‘larni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda komputerlarda qisqa muddatli ma’lumot saqlash uchun ishlatiladigan DRAM xotira chiplarini ishlab chiqishga sarflamoqchi. Kompaniyaga bo‘lgan katta qiziqish Xitoyda sun’iy intellekt uchun kerakli texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga investitsiyalar ko‘paygani bilan bog‘liq. CXMT aksiyalarining narxi oshishi sabab kompaniyaning bahosi juda yuqori darajaga chiqdi. Bunga kompaniya foydasining tez o‘sishi ham sabab bo‘lmoqda.

CXMTning global chip bozoridagi o‘rni

CXMT 2025-yilning birinchi choragida 33 milliard yuan (4,9 milliard dollar) daromad olgan. Bu so‘nggi o‘n yildagi 37 milliard yuan zarar ko‘rgan davridan keskin farq qiladi. Hozirgi vaqtda CXMT dunyodagi DRAM xotira chiplarini ishlab chiqaruvchi to‘rtinchi yirik kompaniya hisoblanadi. Undan oldinda «SK hynix», «Samsung Electronics» va «Micron» kompaniyalari turadi. DRAM chiplari serverlar, komputerlar, kameralar va boshqa ko‘plab qurilmalarda ishlatiladi.

2025-yil ma’lumotlariga ko‘ra, CXMT jahon DRAM bozorining 7,67 foizini egallagan. Kompaniyaning Pekin va Anxoy provinsiyasidagi Xefey shahrida uchta ishlab chiqarish zavodi mavjud. Shunga qaramay, CXMT hali ham jahon yetakchilaridan ortda qolmoqda. Bunga sabab AQSHning eksport cheklovlari bo‘lib, kompaniya eng ilg‘or chip ishlab chiqarish uskunalaridan, jumladan Niderlandiyaning ASML kompaniyasi texnologiyalaridan to‘liq foydalana olmaydi.

Ammo ekspertlar CXMT kelajakda yanada o‘sishiga ishonmoqda. Bunga Xitoy hukumatining sun’iy intellekt sohasi uchun mustaqil chip ishlab chiqarish tizimini yaratish strategiyasi sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy YI sanksiyalariga javoban 14 ta Yevropa kompaniyasiga eksport cheklovlarini joriy qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид