Logo

Xitoy–Shimoliy Koreya ittifoqi: 65 yildan keyin ham «qon bilan muhrlangan»mi?

Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasida imzolangan «Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida»gi shartnomaga 65 yil to‘ldi. «Qon bilan muhrlangan» va Xitoyning yagona rasmiy harbiy ittifoqi bo‘lgan bu kelishuv bugungi kunda geosiyosiy sinovlardan o‘tmoqda.

Xitoy–Shimoliy Koreya ittifoqi: 65 yildan keyin ham «qon bilan muhrlangan»mi? © Agency(KCNA). Yonhap

Xitoy yetakchilari Pekinning Shimoliy Koreya bilan munosabatlarini ko‘pincha «lab va tish» kabi yaqin deb ta’riflaydi. Ammo «Al Jazeera» nashrining yozishicha, ikki tomonlama aloqalar qanchalik iliq ko‘rinmasin, bu, eng avvalo, strategik zaruratga asoslangan munosabatlardir.

1961 yil 11-iyul kuni Xitoy bosh vaziri Chjou Enlay va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Ir Sen Pekinda Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi. 65 yil o‘tib ham ushbu hujjat o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Unda tomonlardan biri qurolli hujumga uchrasa, ikkinchisi unga yordam berish majburiyatini olishini ko‘zda tutuvchi o‘zaro mudofaa bandi mavjud. Bu Xitoyning yagona rasmiy harbiy ittifoqi bo‘lib, shartnomaning naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Biroq shartnoma имзolанганиdaн buyon ko‘p narsa o‘zgardi.

Shimoliy Koreya bosh vaziri Pak Txe Sonning do‘stlik shartnomasini nishonlash maqsadida shu hafta Pekinga qilgan uch kunlik tashrifi ham mazkur hujjat hali-hanuz muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

Ammo o‘tgan 65 yil ichida Xitoy qashshoq inqilobiy davlatdan dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga aylandi, Shimoliy Koreya esa hamon yakkalangan va og‘ir sanksiyalar ostida qolmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, ularning ittifoqi Sovuq urush, Xitoyning dunyoga iqtisodiy jihatdan yuz tutishi, Sovet Ittifoqining parchalanishi va Pxenyanning yadro dasturi tufayli yuzaga kelgan o‘nlab yillar davom etgan keskinliklarga dosh bera oldi.

Xo‘sh, qanday qilib bu ittifoq shuncha sinovlardan o‘tib, saqlanib qoldi? Gap shundaki, hech bir tomon uning barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaydi.

Xitoy barqarorlikni istaydi

Xitoy va Shimoliy Koreya munosabatlari Koreya urushi davrida — 1950 yilda AQSH boshchiligidagi kuchlar Xitoy chegarasi tomon ilgarilagan va Pekin Shimoliy Koreyaga yuz minglab askarlarini yuborgan vaqtda shakllangan. Xitoy ularni «ko‘ngillilar» deb atagan bo‘lsa-da, ular Xitoy qo‘mondonligi ostida jang qilib, juda katta talafot ko‘rgan. Ushbu mushtarak tarix rasmiy bayonotlarda hamon markaziy o‘rinni egallaydi. Xitoy va Shimoliy Koreya yetakchilari bu aloqalarni tez-tez «qon bilan muhrlangan» do‘stlik sifatida ta’riflaydi.

Ularning mafkuraviy qadriyatlari asosan bir-biriga mos keladi. Ikkisi ham G‘arb qudratiga chuqur shubha bilan qaraydigan bir partiyaviy sotsialistik davlat bo‘lib, Koreya yarim orolida Amerika qo‘shinlarining bo‘lishiga qarshi chiqadi. Shuningdek, ular Vashingtonni o‘z hukmronligini tan olishni istamaydigan mamlakatlarni jilovlash maqsadida ittifoqlar, sanksiyalar va harbiy bosimdan foydalanayotganlikda ayblaydi. Ammo umumiy mafkura faqatgina ma’lum bir chegaragacha ishlaydi, xolos. Zero, Xitoy allaqachon xorijiy sarmoyalar, xususiy tadbirkorlik va global savdoga keng yo‘l ochgan.

Pekin o‘zini tobora ishonchli xalqaro hamkor va Global Janub yetakchisi sifatida namoyon etayotgan bir paytda, Shimoliy Koreya dunyodan deyarli butunlay uzilib qolgan. Pekin barqarorlik va vaziyatning oldindan taxmin qilinishini qadrlaydi, Pxenyan esa e’tibor jalb qilish, ta’sir o‘tkazish yoki o‘ziga yon bosilishiga erishish maqsadida tez-tez beqarorlikdan foydalanadi.

Xitoy uchun Shimoliy Koreyaning qudratli davlatga aylanishidan ko‘ra, uning barqarorligi muhimroq. Pekin qo‘shni davlat hukumati qulashini istamaydi, chunki bu 1400 kilometrlik chegara orqali ulkan qochqinlar oqimi kirib kelishiga, qolaversa, Koreya yarim orolining Vashington bilan ittifoqdosh bo‘lgan yagona davlat sifatida birlashishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham Shimoliy Koreya mintaqada Xitoy va AQSH kuchlari o‘rtasida strategik bufer vazifasini o‘taydi. Shuningdek, Pekin urush bo‘lishini ham xohlamaydi, sababi bu holat mintaqadagi savdo aloqalarini izdan chiqaradi va Xitoy ostonasida yadroviy inqiroz xavfini yuzaga keltiradi.

Xitoyning ba’zan ziddiyatli bo‘lib tuyuladigan pozitsiyasi aynan shu bilan izohlanadi: o‘tmishda u Shimoliy Koreyaning yadro va ballistik raketa dasturlariga qarshi BMT sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, hukumatni beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan keskin choralarga doim qarshi chiqib kelgan. Qolaversa, Pekin eng yirik savdo hamkori sifatida Pxenyan uchun hayotiy muhim iqtisodiy tayanch bo‘lib qolmoqda. Xulosa qilib aytganda, Xitoy Shimoliy Koreya rejimining burchakka qisib qo‘yilgan va chorasiz ahvolda emas, balki jilovlangan va barqaror holatda bo‘lishini istaydi.

Shimoliy Koreya muqobil variantlarni istaydi

O‘nlab yillar davomida Xitoy Shimoliy Koreyaning asosiy diplomatik hamkori va himoyachisi bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, Pxenyan butunlay Pekinga tobe bo‘lib qolishni istamaydi.

Pxenyanning Moskva bilan mustahkamlanib borayotgan munosabatlari vaziyatni o‘zgartirdi: 2024 yilda Shimoliy Koreya va Rossiya o‘zaro mudofaa bandini ko‘zda tutuvchi har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. O‘shandan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy va siyosiy hamkorlik sezilarli darajada chuqurlashdi.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In uchun Rossiya yana bir qudratli hamkor, erkinroq harakat qilish imkoniyati hamda harbiy texnologiyalar, energetika resurslari va xorijiy valutadan foydalanish manbaini anglatadi. Bu holat Pekin uchun bir vaqtning o‘zida ham foydali, ham noqulaydir. Bir tomondan, Rossiya Shimoliy Koreyani qo‘llab-quvvatlashdagi iqtisodiy yukni yengillashtirishi va AQSH ta’siriga qarshi kengroq frontni mustahkamlashi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi yaqin harbiy aloqalar Kimning yadroviy intilishlarini yanada rag‘batlantirishi va Shimoli-sharqiy Osiyoda — Xitoy o‘z ta’sir doirasi deb biladigan mintaqada beqarorlikni kuchaytirishi mumkin. Eng muhimi, Xitoy Shimoliy Koreya hukumatiga nisbatan o‘z ta’sirini Rossiyaga boy berishni istamaydi.

Shu bilan birga, mintaqaviy xavfsizlik masalasi ham Pekin va Pxenyanni bir-biriga yaqinlashtirmoqda. Xususan, AQSH Janubiy Koreya va Yaponiya bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirib, muntazam ravishda qo‘shma mashqlar o‘tkazib, razvedka ma’lumotlarini almashmoqda.

Tokioning mudofaa xarajatlarini oshirayotgani ham Yaponiyaning o‘tmishdagi bosqinchilik siyosati bilan bog‘liq an’anaviy xavotirlar sababli Xitoyni bezovta qilmoqda. Bundan tashqari, Janubiy Koreya o‘z hududida o‘n minglab amerikalik askarlarni saqlab turibdi. Pekin buni AQSH boshchiligida Xitoyni jilovlashga qaratilgan harakatlarning bir qismi deb bilsa, Shimoliy Koreya buni urushga tayyorgarlik sifatida baholaydi.

Xitoy va Shimoliy Koreyaning mavjud xavf-xatarlarga nisbatan qarashlari to‘liq bir xil bo‘lmasa-da, ular ko‘p jihatdan o‘zaro mos keladi. Shu sababli, Pekin boshqa davlatlar bilan aloqalarni kengaytirayotgan bo‘lsa-da, Pxenyan bilan bir safda ekanini ko‘rsatishga asosiy e’tiborini qaratmoqda.

Hayotiy zarurat

Bu ittifoq keyingi 65 yil ichida aynan shu shaklda saqlanib qolishi amrimahol. Shimoliy Koreyaning Moskva bilan munosabatlarni mustahkamlashi, shuningdek, Janubiy Koreya va AQSHga nisbatan tobora keskin pozitsiyani egallashi uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat bermoqda.

Xitoy global miqyosda ancha qudratli davlatga aylangan bo‘lsa-da, Koreya yarim orolidagi beqarorlikdan eng ko‘p zarar ko‘ruvchi mamlakat ham aynan uning o‘zidir.

Vaziyatdagi bunday o‘zgaruvchanlik tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ilgari Pekin Shimoliy Koreyaning yadro va raketa sinovlaridan noroziligini ochiq bildirib, Pxenyanni muloqotga qaytishga chaqirardi. Ammo so‘nggi paytlarda Xitoyning bu boradagi tanqidiy pozitsiyasi sezilarli darajada yumshagan.

Si Jinping Pxenyanga qilgan so‘nggi tashrifi chog‘ida yadro quroli masalasini umuman tilga olmadi. Pekin Kim Chen Inning qurollanish dasturini tanqid qilish orqali uni Vladimir Putinga yanada yaqinlashtirib qo‘yishni istamayotgani tobora oydinlashmoqda.

Xitoy o‘zining diplomatik ta’sirini kuchaytirishga va dunyo tartibini AQSH hamda uning ittifoqchilari ustunlik qilmaydigan yangi tizimga aylantirishga intilar ekan, o‘ta nozik muvozanatni saqlashga majbur. Pekin bir tomondan G‘arb gegemonligiga qarshi kurashda Shimoliy Koreya bilan bir safda turishi, ikkinchi tomondan esa Pxenyanning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini uzoqroq tutishi kerak.

Теглар

Мавзуга оид