Xitoyning yirik loukosteri O‘zbekistonga aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Бугун 15:552 дақиқа

«Spring Airlines» va Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston hamda Xitoy shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.

Xitoyning yirik loukosteri O‘zbekistonga aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin © Turizm qo‘mitasi

Xitoyning eng yirik xususiy arzon aviakompaniyalaridan biri hisoblangan «Spring Airlines» kelgusida O‘zbekistonga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Xitoyda o‘tayotgan ITB China xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov va aviakompaniya rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.

Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarning asosiy mavzusi O‘zbekiston va Xitoy shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish hamda yangi aviayo‘nalishlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan.

Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik aloqalarni yanada faollashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan.

Sayyohlar oqimini oshirish rejasi

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning turistik salohiyatini Xitoy bozorida faol targ‘ib qilish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, xitoylik sayyohlar orasida mamlakat imkoniyatlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, «Spring Travel» platformasi orqali O‘zbekistonni korporativ mijozlar uchun yangi va jozibador turistik yo‘nalish sifatida taklif qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Bu esa mamlakatga keluvchi sayyohlar sonini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Turizm qo‘mitasi kompaniya bilan hamkorlik O‘zbekistonning Xitoy bozoridagi pozitsiyalarini mustahkamlash va yangi turistik oqimlarni jalb qilish uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

130 dan ortiq samolyotga ega kompaniya

2004 yilda tashkil etilgan «Spring Airlines» Xitoyning ilk xususiy loukosterlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya bugungi kunda Airbus A320 oilasiga mansub 130 dan ortiq samolyotdan iborat parkni boshqaradi.

Aviatashuvchi Xitoy ichida 190 dan ortiq yo‘nalishga xizmat ko‘rsatadi hamda 50 dan ziyod xalqaro reyslarni amalga oshiradi. Kompaniyaning biznes modeli arzon aviachiptalar taklif qilishga asoslangan bo‘lib, u onlayn chipta sotuvi, mehmonxona bron qilish, transfer va viza xizmatlarini ham taqdim etadi.

«Spring Airlines»ning O‘zbekiston bozoriga kirishi ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirishi, raqobatni kuchaytirishi va aviachiptalar narxining nisbatan arzonlashishiga xizmat qilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид