Xizmat haqi o‘rniga choychaqa: tizim o‘zgarishi kerakmi?

Kafe va restoranlarda majburiy «xizmat haqi» amaliyoti keng tarqalgan, ammo aksariyat hollarda bu mablag‘ girgittonga emas, biznes xarajatlariga sarflanadi. Vaqt.uz bu bo‘yicha dunyodagi tizimni o‘rgandi.

Xizmat haqi o‘rniga choychaqa: tizim o‘zgarishi kerakmi?

O‘zbekistondagi kafe va restoranlarga tashrif buyurgan har bir kishi hisob-kitob vaqtida aksariyat holda bir xil ssenariyga duch keladi: buyurtma qilingan taomlar narxi jamlanadi va uning ostida kutilmaganda hisobning 15–20 foizi, ba’zan esa undan ham ko‘proq miqdordagi «xizmat haqi» paydo bo‘ladi. 

Bu summa ko‘p hollarda mijoz uchun rejalashtirilmagan qo‘shimcha xarajatga aylanadi va tabiiyki, iste’molchilar orasida haqli e’tirozlarni keltirib chiqaradi.

Asabni egovlaydigan «qo‘shimcha soliq»

Jurnalist Ilyos Safarov ushbu holat bo‘yicha o‘z fikrini bildirib, bu tizim bugungi kunda shunchaki asabni egovlaydigan darajaga yetganini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun hamma bu summani istaganicha belgilaydigan bo‘lib olgan.

«Ochig‘i, oxirgi paytlarda bu narsa shunchaki asabni egovlaydigan darajaga yetib borayapti. Hamma bu summani istaganicha belgilaydigan bo‘lib olgan. O‘zim guvohman: bir oshxona 15 foiz, biri 20 va yana ba’zi restoranlar hatto 30 foizgacha «qo‘shimcha soliq» belgilab qo‘ygan. Balki bu ba’zilar uchun ko‘rinmas summadir yoki odamlarga gapirish noqulay mavzumi, xullas, shaxsan menga vaziyat mutlaqo nazoratsizdek tuyuladi», — deb shaxsiy sahifasida yozgan edi.

Hisobdagi tafovut: xizmat taomdan qimmatmi?

Vaziyatni raqamlarda tasavvur qilsak, muammoning ko‘lami yanada yaqqolroq ko‘rinadi. Masalan, biror restoran yoki choyxonada oilaviy ovqatlangandan keyin 1 million so‘mlik hisob shakllansa, xizmat haqini minimum 15 foizdan hisoblaganda ham qo‘shimcha 150 ming so‘m to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Hali 25–30 foizlik ustama qo‘yadigan joylar ham yo‘q emasligini hisobga olsak, bu summa ba’zan taomnomadagi bitta alohida taomning narxidan ham qimmatroqqa tushadi.

Eng qizig‘i, o‘sha xizmat ko‘rsatgan girgittonning bir kunlik maoshi ham ko‘pincha siz to‘layotgan shu bir martalik xizmat haqi miqdoriga teng bo‘lmaydi. Lekin u mana shunday bir nechta stollardagi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

Pul kimning cho‘ntagiga ketyapti?

Aslida, «xizmat haqi» nomi bilan ataluvchi bu ustama nazariy jihatdan xodimning mijozga ko‘rsatgan xizmati uchun rag‘bat bo‘lishi kerak. Biroq amaliyotda biz buning teskarisiga guvoh bo‘lyapmiz. Aksariyat hollarda bu mablag‘ ofitsiantga emas, balki restoran egasining sof foydasiga qo‘shiladi yoki ijara, kommunal to‘lovlar kabi biznes xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, sohadagi xodimlarning aksariyati rasmiy ishga olinmaydi, ular kunlik yoki ishbay maoshning bir qismini «konvert»da olishadi. Demak, mijozdan olingan xizmat haqi girgitton cho‘ntagiga ketmasdan, balki tadbirkorning moliyaviy muammolarini yopishga xizmat qilmoqda. Shuning uchun majburiy foizlardan ko‘ra, dunyoda mashhur bo‘lgan ixtiyoriy «choychaqa» berish madaniyatini yo‘lga qo‘yish kerak.

Qonunchilik nima deydi?

Iste’molchilarning bu boradagi ko‘p sonli e’tirozlari natijasida 2025 yilning noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi ham rasmiy munosabat bildirgan. Qo‘mita taomlar narxidan tashqari xizmat ko‘rsatish uchun majburiy ravishda haq undiruvchi kafe va restoranlarni qat’iy ogohlantirgan.

Unga ko‘ra, qo‘mitaga ayrim restoran va kafelarda taom narxidan tashqari 10–20 foiz xizmat haqi undirilayotgani va oldindan depozit talab qilinayotgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 4, 19 va 21-moddalariga asosan:

  • iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli bo‘lishini talab qilishga haqli;

  • ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart;

  • sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.


Umuman olganda, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subektlarni qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shuningdek girgitton xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantirgan edi.


Jahon tajribasi: tizim qanday ishlaydi?

Dunyo mamlakatlarida xizmat haqi va choychaqa tizimini tartibga solish masalasi shunchaki restoran odobi emas, balki davlatning mehnat bozori va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi siyosatini ham aks ettiradi.

AQSHda choychaqa oladigan xodimlar uchun FLSA qonunchiligi soatiga 2,13 dollarlik bazaviy ish haqini qo‘llashga ruxsat beradi, ammo ish beruvchi xodimning choychaqalar bilan birga umumiy daromadi federal minimal ish haqidan kam bo‘lmasligini ta’minlashi shart. Shu sababli bu tizim ish beruvchi uchun mehnat haqining bir qismini choychaqa hisobidan qoplash imkonini beradi, iste’molchi uchun esa choychaqani amalda deyarli majburiy to‘lovga aylantirib qo‘yadi.

Aksincha, Yevropa davlatlarining aksariyatida «service compris» (xizmat haqi ichida) tizimi qonuniy kuchga ega bo‘lib, unda girgittonning xizmati taom narxiga kiritilgan bo‘ladi. Davlat nuqtai nazaridan bu tizim eng adolatli hisoblanadi, chunki u soliq yig‘ish jarayonini osonlashtiradi va mijozni taomnomadagi narxdan tashqari kutilmagan to‘lovlardan himoya qiladi. Bu yerda girgitton «choychaqa» ilinjida yuruvchi vaqtinchalik ishchi emas, balki barcha ijtimoiy kafolatlarga ega professional xodim hisoblanadi.

Sharqiy Osiyo, xususan, Yaponiyada esa servis madaniyati «omotenashi» falsafasiga asoslanadi. Bu tamoyil mijoz ehtiyojlarini oldindan anglash va beg‘araz g‘amxo‘rlik qilishni ko‘zda tutadi. Yaponiya ijtimoiy etikasida ko‘rsatilgan xizmat uchun choychaqa taklif qilish minnatdorchilik emas, balki xodim mahoratini kamsituvchi holat sifatida qabul qilinadi. Yapon jamiyatida oliyjanob mehmondo‘stlik har qanday moddiy rag‘batdan ustun turuvchi kasbiy standart hisoblanadi.

Umuman olganda, O‘zbekistondagi amaldagi «xizmat haqi» tizimi to‘laqonli shaffof emas va ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Eng asosiy muammo — bu to‘lovning majburiyligi va uning kimga yetib borayotgani ochiq tushuntirilmayotganidir.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mijozdan undirilayotgan qo‘shimcha foiz ko‘p hollarda xizmat ko‘rsatgan girgittonga emas, balki biznes xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilmoqda. Bu esa «xizmat haqi» atamasining mohiyatiga zid keladi.

Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: yuqori ijara, soliq va operatsion xarajatlar fonida tadbirkorlar aynan shu yo‘l orqali xarajatlarini yopishga urinyapgan bo‘lishi ham mumkin. Xalqaro tajriba esa ikki aniq yo‘lni ko‘rsatadi: xizmat narxini boshidan taomga kiritish yoki xizmatni ixtiyoriy choychaqa orqali baholash imkonini mijozning o‘ziga qoldirish.

Aks holda, majburiy va tushunarsiz qo‘shimcha to‘lovlar nafaqat iste’molchilar noroziligini kuchaytiradi, balki xizmat ko‘rsatish sohasiga bo‘lgan ishonchni ham yemirib boradi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 110

Барчаси

Мавзуга оид