Logo

YeTTB O‘zbekistondagi «Star Group» kompaniyasiga 20 mln dollargacha mablag‘ ajratmoqchi

Бугун 20:102 дақиқа

Bank hozirgacha O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 7,3 mlrd dollar bo‘lgan 219 ta loyihani moliyalashtirgan. Mablag‘larining asosiy qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

YeTTB O‘zbekistondagi «Star Group» kompaniyasiga 20 mln dollargacha mablag‘ ajratmoqchi © Foto: EBRD

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonning «Star Group» kompaniyasiga o‘z faoliyatini kengaytirish, aylanma mablag‘larini ko‘paytirish hamda iste’mol tovarlari savdosi va tarqatish hajmini oshirish uchun 20 mln dollargacha moliyalashtirish ajratadi.

Bankning ma’lum qilishicha, mablag‘ to‘rtta kompaniya — «Support Samarqand», «Bloomshop», «Star Distribution» va «Star FMCG» orqali beriladi.

Ajratiladigan kredit guruhning kundalik faoliyati uchun zarur mablag‘larni ta’minlash va yangi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Jumladan, Toshkent va Samarqandda faoliyat yuritayotgan parvarish va go‘zallik mahsulotlari do‘konlari tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilgan. Kompaniya olingan mablag‘lar hisobidan hududlardagi faoliyatini kengaytirish va mahsulotlar turini ko‘paytirishni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, loyiha doirasida YeTTB hamda Yaponiya va YeTTB hamkorlik jamg‘armasi tomonidan grant mablag‘lari ham ajratiladi. Bu pullar «Star Group» kompaniyasida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beradi.

Shuningdek, YeTTB kompaniyada ayol xodimlarning kasbiy rivojlanishi va kompaniyada ishlashda davom etishini qo‘llab-quvvatlash tashabbuslarini amalga oshiradi. Bunda ayol xodimlar uchun ustoz-shogird dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

«Star Group» — O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan, kundalik iste’mol tovarlarini tarqatish va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar guruhi. Uning faoliyat yo‘nalishlaridan biri «Bloomshop» brendi ostida go‘zallik va parvarish mahsulotlari savdosidir.

YeTTB hozirgacha O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 7,3 mlrd dollar bo‘lgan 219 ta loyihani moliyalashtirgan. Bank mablag‘larining asosiy qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YeTTB 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 7,5 foizgacha oshirgandi.

Теглар

Мавзуга оид