Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochdi

Бугун 18:402 дақиқа

Bank 2031 yilga qadar mamlakat iqtisodiyotiga 1,5 milliard dollargacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochdi

Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistondagi rasmiy vakolatxonasini ochdi. 18-may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida YeOTB mamlakatda to‘laqonli investitsiya faoliyatini boshlayotganini bildirdi.

Vakolatxona ochilishi O‘zbekistonning 2025 yilda bank tarkibiga qo‘shilganidan keyingi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev YeOTBning infratuzilma, eksportni qo‘llab-quvvatlash, moliya bozori va raqamli transformatsiya sohalaridagi tajribasini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, bankning Toshkentda doimiy faoliyat yuritishi konchilik, transport infratuzilmasi, suv xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar sohalaridagi qo‘shma loyihalarni tezlashtiradi.

YeOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzovning ma’lum qilishicha, 1,5 milliard dollarlik rejalashtirilgan mablag‘ning taxminan 800 million dollari mintaqaviy integratsiya ahamiyati yuqori bo‘lgan loyihalarga ajratiladi. U bank portfeli hozirda 19,6 milliard dollarga yetganini va 326 ta loyiha amalga oshirilganini qayd etdi.

«Bugun biz mintaqaning eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonda faoliyatni boshlayapmiz», — dedi Podguzov.

Shuningdek, ochilish marosimida Uzum fintex-kompaniyasi bilan 70 million dollarlik kredit shartnomasi ham imzolandi. Kompaniya ushbu mablag‘lar raqamli to‘lov xizmatlari, iste’molchilarni moliyalashtirish va tadbirkorlar uchun yangi moliyaviy yechimlarni kengaytirishga yo‘naltirilishini bildirdi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki 2006 yilda Rossiya va Qozog‘iston tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, hozirda O‘zbekiston ham uning a’zo davlatlari qatoriga kiradi.

Теглар

Мавзуга оид