Zelenskiy Moskvadagi 9-may paradiga bormaslikni tavsiya qildi
Zelenskiy Moskva 9-may paradi uchun qisqa muddatli xavfsizlik so‘rayotgani, biroq keyin yana harbiy harakatlarni davom ettirishni rejalashtirayotganini aytdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xorijiy davlatlar vakillariga 9-may kuni Moskvadagi paradda bo‘lmaslikni tavsiya qildi. U o‘zining Telegram kanalida tegishli murojaatni joyladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev avvalroq Rossiyaga 6-maydan boshlab to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan. Biroq Ukraina tomoni Rossiya bu tashabbusga javoban yangi raketalar va tahdidlar bilan chiqqanini ta’kidlamoqda.
«Cukunat rejimi»
«Ukraina to‘liq «sukunat rejimi»ni ta’minlashga tayyor edi, ammo bizning tinchlik taklifimizga javoban Rossiyadan yangi zarbalar va tahdidlar bo‘ldi. Ular Ukrainadan yiliga bir marta maydonga (parad o‘tkaziladigan Qizil maydonga) bemalol chiqib, parad o‘tkazish, keyin yana odamlarimizni o‘ldirish va jang qilish uchun ruxsat so‘ramoqda.
Ruslar allaqachon 9-maydan keyin zarbalar yo‘llanishi haqida gapirmoqda. Bu Rossiya rahbariyatining mantig‘i g‘alati va noxolisligidan. Rossiyaga yaqin bo‘lgan ba’zi davlatlardan ularning vakillari Moskvada bo‘lishi haqida xabarlar bor. Shu kunlardagi g‘alati xohish. Tavsiya etmaymiz», deya xulosa qildi Zelenskiy.
9-may bayrami arafasida Rossiyaning 20 dan ortiq shahrida G‘alaba paradlari bekor qilindi yoki qisqartirildi. Moskva va boshqa ayrim shaharlarda harbiy texnikalar ishtirokisiz tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.
Kreml 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan tantanalarda ishtirok etishini tasdiqlagan xorijiy mehmonlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Asosiy ro‘yxat quyidagicha:
- Aleksandr Lukashenko - Belarus prezidenti;
- Badra Gunba – tan olinmagan Abxaziya prezidenti (rafiqasi bilan);
- Alan Gagloyev – tan olinmagan Janubiy Osetiya prezidenti;
- Thongloun Sisulit - Laos prezidenti;
- Sulton Ibrohim - Malayziyaning oliy hukmdori (qiroli);
- Robert Fitso - Slovakiya bosh vaziri;
- Bosniya va Hersegovina tarkibidagi Serb Respublikasi rahbariyati: Sinisha Karan (prezident), Nenad Stevandich (Xalq majlisi raisi, rafiqasi bilan), Milorad Dodik (Mustaqil sotsial-demokratlar ittifoqi partiyasi rahbari, rafiqasi bilan).





