1 sentyabrdan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

26.08.2025 | 19:2016 daqiqa

2025 yil 1 sentyabrdan O‘zbekistonda bir qator iqtisodiy, ijtimoiy va turizm sohalarida yangilanishlar joriy etiladi. Yolg‘iz ota-onalarga moddiy yordam ko‘rsatiladi, kichik va o‘rta biznes uchun tekshiruvlar yengillashtiriladi. Quyidagi ro‘yxatda siz nima o‘zgarishlar bo‘lishini aniq va tushunarli shaklda bilib olasiz.

1 sentyabrdan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?
Ish beruvchilarga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilmoqda   O‘zbekiston prezidentining 4 avgust kuni imzolagan farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi:  
  • bandlik organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik;
 
  • bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risida hisobotlarni majburiy taqdim etish.
  Zargarlik buyumlarini import qilish shartlari енгиллаштирилади     2025 yil 1 sentyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi. Shuningdek, 2025 yil 1 sentyabrdan 2028 yil 1 sentyabrgacha:
  • zargarlik buyumlarini O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona boji 2 foiz stavkada qo‘llanadi;
  • zargarlik buyumlarini «erkin muomalaga chiqarish» va «eksport» bojxona rejimlariga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im ularning bojxona qiymatidan qat’i nazar, BHMning 1 baravari miqdorida undiriladi;
  • import qilingan zargarlik buyumlarini Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasida tamg‘alash uchun undiriladigan yig‘im miqdori mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan miqdorga tenglashtiriladi;
  • bojxona chegarasi orqali olib kirilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlarini amalga oshirish va bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish orqali deklaratsiya qilishga ruxsat beriladi.
Milliy turizm yagona platformasi ishga тuширилади   2025 yil 1 sentyabrdan boshlab sinov tariqasida ishga tushirilayotgan platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:  
  • sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash;
  • respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyoxlarga gid, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish;
  • yo‘nalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish;
  • avtobus, avia va temir yo‘l chiptalari, madaniy meros ob’ektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish;
  • xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
  • turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish.
  Mehnat inspeksiyasi tekshiruvlari – oldindan xabardor qilmasdan o‘tkaziladi   2025 yil 1 sentyabrdan davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar haqida vakolatli organni oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinadi.   «Yashil tadbirkor» maqomi 2025 yil 1 sentyabrdan tadbirkorlik sub’ektlariga «yashil tadbirkor» maqomini berish platformasi ishga tushiriladi. «Yashil tadbirkor» maqomini olganlarga:
  • «Shaffof qurilish» platformasida ustunlik beriladi;
  • muayyan davrga ekologik tekshiruvlardan ozod etiladi;
  • xalqaro bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlanadi;
  • Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi doirasida qo‘shimcha ball beriladi.
  Kichik va o‘rta biznesni ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi bekor qilinadi   2025 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
  • oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan;
  • byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
  • «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Kambag‘al oilalar farzandlari uchun uzaytirilgan kun guruhlari – bepul   Ularga umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida alohida kvota ajratiladi, shuningdek ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.   Turizm subsidiya va kompensatsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi   2025 yil 1 sentyabrdan 2028 yil 1 yanvargacha har yili Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 50 mlrd so‘m miqdorida ajratiladigan mablag‘lar doirasida:
  • mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlarning o‘z faoliyatini targ‘ib qilishga qaratilgan audiovizual mahsulotlar (videofilmlar, videoroliklar, kliplar va anime roliklari) yaratish va ilgari surish xarajatlarining 50 foizi (lekin 50 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) qoplab beriladi;
  • mahalliy tadbirkorlar tomonidan xorijiy davlatlarda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan 50 ta umumiy ovqatlanish korxonasi va restoran tashkil etish bo‘yicha quyidagi xarajatlar subsidiyalanadi:
  • faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki ruxsat olish, ijara, dizayn, zarur jihozlar va inventar sotib olish bilan bog‘liq – xarajatlarning 50 foizi miqdorida (ammo 25 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan) bir martalik subsidiya shaklida;
  • taomlar tayyorlash uchun O‘zbekistondan yiliga 300 kg mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizi (bir tadbirkorlik sub’ekti uchun 100 mln so‘mgacha);
  • joylashtirish vositalari, yirik savdo majmualari va umumiy ovqatlanish shoxobchalarining o‘z hududida zamonaviy suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha (ammo 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan) miqdori qoplanadi (dastlabki 100 havza uchun).
  Maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari stavkalari oshirilmoqda   2025 yil 1 sentyabrdan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga oshiriladi. Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari I va II guruh direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari ularni organ direktori o‘rinbosari lavozimi bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish yo‘li bilan oshiriladi.   Soddalashtirilgan ish yuritishda da’volar bo‘yicha yangi chegaralar belgilanadi   2025 yil 1 sentyabrdan da’vo arizasi bo‘yicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun da’voning maksimal bahosi quyidagilarni tashkil etadi:
  • yuridik shaxslarga nisbatan – BHMning 150 baravarigacha;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan – BHMning 100 baravarigacha;
  • jismoniy shaxslarga nisbatan – BHMning 50 baravarigacha.
  Yolg‘iz ota va onalarga moddiy yordam beriladi   1 sentyabrdan boshlab yolg‘iz ona va otalar «Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi» axborot tizimi va YAIDXP orqali, shuningdek «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilib moddiy yordam olish uchun ariza berishi mumkin. Mablag‘larni o‘tkazish oluvchilarning «ijtimoiy karta»siga, u mavjud bo‘lmaganda esa AT «Xalq banki»da ochilgan bank kartalariga amalga oshiriladi. Moliyaviy yordam oluvchilardan bank kartalarini ochish uchun haq olinmaydi. Moddiy yordam bola uch yoshga to‘lguniga qadar bir nafar farzand uchun BHMning 1,5 baravariggacha miqdorida (egizak bo‘lsa, ikkisi uchun) ijtimoiy shartnoma asosida Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladi.   1 sentyabrdan PPX jamoat tartibini saqlash bo‘yicha pullik xizmatlarni ko‘rsatadi   1 sentyabrdan boshlab yuridik shaxslar PPX bo‘linmalariga shartnoma-huquqiy asosda xizmatlardan foydalanish uchun YAIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. PPX bo‘linmalari IIVning «Elektron patrul» tizimi orqali jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Ma’muriy reglament quyidagilarni tartibga soladi:
  • aholi gavjum joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari patrul-post xizmati bo‘linmalariga yuridik shaxslar tomonidan murojaat qilish tartibi;
  • arizalarni ko‘rib chiqish va ularni rad etish asoslari;
  • jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash ishlarini tashkil etish tartibi.
Ma’muriy reglament ommaviy tadbirlarni, yig‘ilishlar, mitinglar va ko‘cha namoyishlarini tashkil etish va o‘tkazishga taalluqli emas.   Qayta sug‘urta qilish qoidalari o‘zgarmoqda   1 sentyabrdan boshlab qayta sug‘urta qildiruvchilar sug‘urta vositachilari ishtirokisiz, shuningdek, sug‘urta (qayta sug‘urta) brokerlari sug‘urta majburiyatlarini qayta sug‘urtalash uchun xorijiy sug‘urta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sug‘urta majburiyatlari bo‘yicha qayta sug‘urtalash bo‘yicha ofertani (qayta sug‘urtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) vakolatli davlat organi ta’sischiligida tashkil etilgan qayta sug‘urta tashkilotlariga yuborishi, keyinchalik (rad etilgan holatda yoki qolgan qismini) respublika hududida qayta sug‘urtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan sug‘urta tashkilotlariga yuborishi shart.

Mavzuga oid