50 ming dollargacha mukofot puli oladigan maktab o‘quvchilari, Valuta operatsiyalari va xorijiy investitsiyalar tartibiga kiritilgan o‘zgartirish va O‘zbekistonda barpo etiladigan 5 ta yangi sel-suv ombori — 27-may dayjesti

Kecha 22:453 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

50 ming dollargacha mukofot puli oladigan maktab o‘quvchilari, Valuta operatsiyalari va xorijiy investitsiyalar tartibiga kiritilgan o‘zgartirish va O‘zbekistonda barpo etiladigan 5 ta yangi sel-suv ombori — 27-may dayjesti

Maktab o‘quvchilari 50 ming dollargacha mukofot olishi mumkin

Prezidentning «Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2026 yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun milliy kitobxonlik harakati tashkil etiladi.

Tanlov uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqich onlayn shaklda maxsus elektron platforma orqali o‘tkaziladi, keyingi bosqichlar esa hududiy va respublika darajasida tashkil etiladi. Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan ikki nafar ishtirokchining har biri 50 ming AQSH dollari va diplom bilan taqdirlanadi. Ikkinchi o‘rin sohiblari 30 ming dollar, uchinchi o‘rin g‘oliblari esa 15 ming dollar mukofot oladi. Shuningdek, beshta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarga ham 10 ming dollardan pul mukofoti va diplom berilishi belgilangan.

Markaziy bank valuta operatsiyalari tartibini o‘zgartirmoqchi

O‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati bilan bog‘liq valuta operatsiyalarini soddalashtirish va rezidentlarning xorijda investitsiya faoliyatini aniq qoidalar asosida tartibga solishni nazarda tutuvchi yangi o‘zgartishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihada rezidentlarga ayrim holatlarda dastlabki ruxsatsiz xorijda investitsiya faoliyatini amalga oshirish imkoniyati berilishi taklif etilmoqda. Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalar 100 ming AQSH dollarigacha, xususiy kompaniyalar esa 200 ming dollargacha bo‘lgan investitsiyalarni qo‘shimcha ruxsatsiz amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Jismoniy shaxslar bir yil davomida 10 ming dollargacha bo‘lgan xorijiy investitsiya operatsiyalarini erkin amalga oshira oladi.

O‘zbekistonda 5 ta yangi sel-suv ombori barpo etiladi

Prezidentning «Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, yangi omborlar suv resurslarini to‘plash va mavsumiy suv tanqisligini yumshatishga xizmat qiladi. Hujjatda mazkur infratuzilma loyihalarini 2027 yildan Samarqand, Toshkent va Jizzax viloyatlarida amalga oshirish belgilangan.

Quriladigan sel-suv omborlari orqali Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish imkoniyati ham yaratiladi.

Qarorga muvofiq, loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Ayrim obyektlarni moliyalashtirishda «Agrobank» ATB mablag‘lari va xususiy investorlar ishtirok etadi.

Qurbon hayiti arafasida 50 ga yaqin murakkab operatsiya o‘tkazildi

Sog‘liqni saqlash tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 50 nafar bemorda yuqori texnologik va murakkab jarrohlik operatsiyalari amalga oshirildi. 194 nafar bemor bola tibbiyot muassasalariga yotqizilgan. Ularning 40 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan 112 nafar bemor ham shifoxonalarga joylashtirildi. Ularning 5 nafarida murakkab jarrohlik operatsiyalari bajarildi. Bundan tashqari, yana 14 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilib, ularning ikki nafarida jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirildi.

O‘zbekiston asosan qaysi davlatlarga mahsulot eksport qilmoqda?


Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekiston 5,8 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi. O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p xarid qilgan davlatlar reytingida Rossiya birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu mamlakatga eksport hajmi 1,1 milliard dollarga yetgan. Ikkinchi o‘rindan Xitoy joy oldi — 641,7 million dollar.

Keyingi o‘rinlarda Afg‘oniston 443,6 million dollar, Fransiya 405,9 million dollar va Qozog‘iston 282,8 million dollarlik ko‘rsatkich bilan qayd etildi. Shuningdek, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston, Tojikiston va Gonkong ham O‘zbekistonning yirik eksport bozorlari qatoriga kirdi.

Teglar

Mavzuga oid