Logo

7 milliondan 135 milliongacha: O‘zbekistonning eng qimmat xususiy va xalqaro universitetlari reytingi

Bugun 19:103 daqiqa

Vaqt.uz  eng qimmat xususiy va xalqaro universitetlardagi kontrakt miqdorlarini sohalar kesimida tahlil qildi

7 milliondan 135 milliongacha: O‘zbekistonning eng qimmat xususiy va xalqaro universitetlari reytingi © Фото: Кирилл Зыков / АГН «Москва»

O‘zbekistonda xususiy oliy ta’lim muassasalari soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu o‘z o‘rnida bozorda raqobatni kuchaytirib, ta’lim dasturlaridan tashqari, kontrakt narxlarida ham sezilarli farqlarni shakllantirdi.

Xususan, ayni vaqtda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 215 ta oliy ta’lim tashkilotining 97 tasi yoki 45 foizi nodavlat OTM hisobiga to‘g‘ri keladi.

Oxirgi besh yilda,  respublikada oliy ta’lim tashkilotlari soni 127 tadan 215 taga yetgan. Garchi 2025/2026-o‘quv yilida ularning soni avvalgi yilga nisbatan 7 taga kamaygan bo‘lsa-da, besh yillik kesimda OTMlar soni 88 taga yoki qariyb 69 foizga oshgan. O‘sishda, asosan, nodavlat va xalqaro oliy ta’lim muassasalari sonining ko‘payishi muhim rol o‘ynaydi.     Bunday universitetlarda yillik kontrakt narxlari qancha va bu nimalar hisobiga shakllangan?

Xususiy universitetlarda kontrakt narxlari

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xususiy oliy ta’lim muassasalari kontrakt miqdorini mustaqil belgilaydi. Shu sababli universitetlar o‘rtasida narxlar sezilarli darajada farq qiladi. Kontrakt narxining qancha bo‘lishi bino, shart-sharoitlar, ta’lim yo‘nalishi, o‘qitish tili  hamda universitetning o‘z narx siyosatiga qarab shakllanadi. 2026/2027-o‘quv yilida bakalavriat bosqichi uchun 10 ta eng yuqori yillik kontrakt  miqdorlari quyidagicha:

2

Jadvaldan ko‘rish mumkinki, xususiy universitetlarda kontrakt narxlari o‘rtasidagi tafovut  katta. Central Asian Universityning tibbiyot yo‘nalishida yillik kontrakt 135 million so‘m etib belgilangan bo‘lsa, TEAM Universityda bu ko‘rsatkich 41,5 million so‘m, Stars International Universityda esa 30 million so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, eng yuqori kontraktlar asosan tibbiyot, axborot texnologiyalari, biznes va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarida qayd etilgan.

Xalqaro universitetlar kesimida kontraktlar

Xalqaro universitetlarda kontrakt miqdori faqat ta’lim yo‘nalishiga emas, balki  xalqaro talim modeli bilan ham bog‘liq. Xalqaro standartlar asosida tuzilgan o‘quv dasturlari, qo‘shma diplom berish tizimi, ingliz tilidagi ta’lim va xorijiy professor-o‘qituvchilar ishtiroki kontrakt narxining nisbatan yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Xususan, TOP-10 ta xorij universitetlarida bakalavriat bosqichi uchun yillik kontrakt miqdorlari quyidagicha shakllangan:

1

Ro‘yxatda eng yuqori yillik kontrakt 53 million so‘m –Webster University’da qayd etilgan bo‘lib,  keyingi o‘rinlarda Inha University (42,3 mln so‘m) va Bucheon University (40,2 mln so‘m) joylashgan.

Ta’kidlab o‘tish joiz, ushbu ro‘yxatga ba’zi universitetlar kontrakt narxlarini ochiq e’lon qilmagani sababli kiritilmagan.

Oliy ta’limga talab yuqoriligicha qolmoqda

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida 677ming 907 nafar abituriyent ishtirok etadi. Ularning 451 ming 744 nafari yoki 66,6 foizi joriy yil maktabni tamomlagan maktab o‘quvchilari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bunday yuqori talab oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi raqobatni ham kuchaytirmoqda. Natijada xususiy va xalqaro universitetlarga ham qiziqish ortmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 102,2 ming nafarga yoki 7,1 foizga ko‘p degani.

Garchi nodavlat OTMlar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, talabalar soni bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalari hanuz yetakchilik qilmoqda. Xususan, davlat OTMlarida qariyb 884 ming nafar, nodavlat OTMlarda esa 606 ming nafardan ortiq, xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida esa 39 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Nodavlat sektor rivojlanishi ortidan universitetlar nafaqat ta’lim dasturlari, balki kontrakt narxlari bo‘yicha ham raqobatlashmoqda.

Ma’lumot uchun, davlat oliy ta’lim muassasalarida 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari 7,4 million so‘mdan 14 million 627 ming so‘mgacha etib belgilangan. Ushbu bazaviy kontrakt miqdorlari 2026-yilgi qabulda ham o‘zgarishsiz saqlanib qolgan.

Muallif: Diyora Xabibullayeva

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid