Logo

«Bir kishining elektromobili uchun butun xalq to‘laydi» — avtokredit foizining bir qismi budjetdan qoplash taklifi tanqidlarga sabab bo‘lmoqda

Bugun 18:5012 daqiqa

Elektromobil avtokreditining bir qismini budjetdan qoplash taklif etilmoqda. Ammo bu imtiyoz boy qatlamning qimmat avtomobil xaridini va ayrim dilerlar manfaatini oddiy xalq to‘laydigan soliqlar hisobidan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkin. Vaqt.uz jamoatchilikning e’tirozlari va ekspertlar fikrlarini tahlil qildi.

«Bir kishining elektromobili uchun butun xalq to‘laydi» — avtokredit foizining bir qismi budjetdan qoplash taklifi tanqidlarga sabab bo‘lmoqda

O‘zbekistonda elektromobil sotib olish uchun olingan avtokredit foizining bir qismini davlat to‘lab berishi taklif qilinmoqda. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 7-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Davlat kredit foizining bir qismini to‘laydi

Taklifga ko‘ra, bu imtiyoz birlamchi bozordan elektromobil sotib olish uchun jismoniy shaxslarga beriladigan avtokreditlarga tegishli bo‘ladi. Avtomobil narxi BHMning 1 000 baravaridan oshmasligi kerak.

Hozirgi kunda 1 BHM 412 ming so‘mga teng. 1-sentabrdan esa BHM 440 ming so‘m bo‘lishi hisobga olinsa, bu 440 mln so‘mgacha bo‘lgan avtomobillarni anglatadi.

Bunda avtokredit summasi 300 mln so‘mdan oshmasligi kerak.

Davlat kreditning dastlabki ikki yilida 16 foizdan yuqori bo‘lgan foizning bir qismini qoplab beradi. Kompensatsiya 8 foizlik punktdan oshmaydi.

Masalan, kredit stavkasi 24 foiz bo‘lsa, davlat 8 foizlik punktni qoplaydi. Stavka 20 foiz bo‘lsa, 4 foizlik punkt qoplanadi. Agar stavka 16 foiz yoki undan past bo‘lsa, kompensatsiya berilmaydi.

Bu tartibni 2026 yil 1-avgustdan joriy qilish taklif qilinmoqda. Hozircha loyiha jamoatchilik muhokamasida, ya’ni hali qabul qilinmagan.

Kimlar bu imtiyozdan foydalana oladi?

Kompensatsiya faqat birlamchi bozordan sotib olinadigan, tashqi elektr manbaidan quvvat oladigan, faqat elektr dvigateli bilan harakatlanadigan va ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lmagan M1 kategoriyasidagi elektromobillarga beriladi. Demak, gibrid avtomobillar bu tartibga kirmaydi.

M1 kategoriyasi — bu yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari ko‘pi bilan 8 ta o‘rindiqqa ega bo‘lgan yengil avtomobillar toifasidir. Shuning uchun kundalik hayotimizda haydaladigan deyarli barcha standart elektr yengil mashinalar va krossoverlar M1 kategoriyasidagi elektromobillar hisoblanadi.

Masalan, BYD Song Plus EV, Tesla Model 3, Zeekr 001 va Volkswagen ID.4 kabi ommabop modellar aynan shu toifaga kiradi.

Artboard 3 (3)

Avtokredit milliy valutada va aynan elektromobil sotib olish uchun berilgan bo‘lishi kerak. Kompensatsiya faqat Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan tegishli bitim tuzgan banklar ajratgan kreditlarga tatbiq etiladi.

Kompensatsiya olish uchun fuqaro bankka kredit so‘rab murojaat qilganda, ushbu imtiyozdan foydalanish istagini arizasida alohida ko‘rsatishi kerak. Bunda bank fuqaroning kreditni qaytara olish imkoniyatini o‘rganadi. Muddati o‘tgan kredit qarzi bo‘lgan shaxsga kompensatsiya berilmaydi.

Kredit berish yoki bermaslik haqida qarorni bankning o‘zi qabul qiladi. Agar kompensatsiya berish rad etilsa, bank uch ish kuni ichida mijozga buning sababini yozma ravishda bildirishi kerak.

Kompensatsiya berilishi va uning miqdori kredit shartnomasida ham alohida ko‘rsatiladi.

Kompensatsiya pulini fuqaro alohida olib ketmaydi. Bank har oy keyingi oyning 5-sanasigacha kompensatsiya olishi kerak bo‘lgan qarz oluvchilar bo‘yicha vazirlikka buyurtmanoma yuboradi. Vazirlik uch ish kuni ichida kerakli mablag‘ni bankning alohida hisobvarag‘iga o‘tkazadi. Bank esa bu pulni bir ish kuni ichida fuqaroning kredit hisobiga yo‘naltiradi.

Agar kreditni to‘lash jadvali o‘zgarsa, kompensatsiya miqdori ham qayta hisoblanadi.

Qachon kompensatsiya to‘xtatiladi va pul qayerdan olinadi?

Fuqaro kredit to‘lovlarini ketma-ket uch oy davomida amalga oshirmasa, kompensatsiya to‘lash to‘xtatiladi. Biroq bu holat keyinchalik bartaraf etilsa, kompensatsiyani qayta tiklash mumkin.

Kredit muddatidan oldin to‘liq yopilsa, kredit shartnomasi bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa ham kompensatsiya to‘lash to‘xtatiladi. Kredit olish uchun noto‘g‘ri ma’lumot yoki hujjatlar taqdim etilgani aniqlansa ham shu tartib qo‘llanadi.

Kompensatsiya uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga banklar javobgar bo‘ladi. Mablag‘lardan foydalanishni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi nazorat qiladi.

2026 yilda kompensatsiya uchun mablag‘ budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratilishi taklif qilinmoqda. 2027–2030 yillarda esa zarur mablag‘lar aholining talabini hisobga olgan holda Davlat budjetidan olinishi ko‘zda tutilgan.

Fikr yetakchilari va aholining e’tirozlari

Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganiga qisqa vaqt — 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, uni 3 mingdan ortiq ko‘rishga ulgurgan. Shulardan 166 nafari loyihaga qarshi fikr bildirgan, 20 kishi esa uni ma’qullagan. Vatandoshlar qoldirgan 70 dan ortiq fikr-mulohazalarda ham loyihaga nisbatan asosan tanqidiy qarashlar bildirilgan.

Jumladan, izohlardan birida budjetga tushadigan qo‘shimcha xarajat va uning manbasi ko‘rsatilmagani tanqid qilingan:

«Loyihada budjetga har yili qancha qo‘shimcha yuklama tushishi ko‘rsatilmagan. Qo‘shimcha xarajat nimaning o‘rnidan qoplanadi? Qolaversa, elektromobillarni asosan o‘ziga to‘q aholi vakillari sotib olishi mumkin. Bu taklif budjet uchun zararli. Undan ko‘ra, karrasiga oshirilgan elektromobil narxlarini tushirish kerak!»

Yana bir fuqaro davlat mablag‘larini elektromobil xaridorlariga emas, kam ta’minlangan aholiga yo‘naltirish kerakligini aytgan:

«Elektromobil inson uchun birlamchi ehtiyoj emas. Maqsad haqiqatdan kam daromadli aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, bundan boshqa qilinadigan ishlar juda ko‘p: har bir tug‘ilgan farzand uchun suyunchi puli to‘lashni qayta tiklash, elektr energiyasiga bo‘lgan tarifni qayta ko‘rib chiqish».

Izohlarda elektromobil xaridorlariga subsidiya berishdan ko‘ra, avtomobil narxini oshirayotgan ayrim to‘lovlarni kamaytirish yoki bekor qilish taklifi ham bildirilgan:

«300–500 mln so‘mlik mashina oladiganlarga imtiyoz bergandan ko‘ra, utilizatsiya va boshqa notarif to‘lovlarni bekor qilish yoki minimal narxda belgilash samaraliroq. Chunki utilizatsiya yig‘imi asosan arzon elektromobillar narxini oshiryapti. Aholining nisbatan katta qismiga esa arzon elektromobil kerak».

Yana bir izohda esa aynan shu masala ijtimoiy tenglik nuqtai nazaridan tanqid qilingan:

«Elektromobillarni bugungi kunda asosan o‘ziga to‘q va boylar sotib olyapti. Boy qatlamga yanada boyish uchun to‘lash kerak emas. O‘sha kompensatsiyani kam ta’minlangan aholining yosh bolalariga berish uchun yo‘naltirish kerak, deb hisoblayman».

Boshqa fuqarolar esa elektromobillarni ommalashtirish uchun subsidiya emas, balki xaridni qiyinlashtirayotgan to‘siqlarni olib tashlash kerakligini yozgan:

«Agar maqsad elektromobillarni ommalashtirish bo‘lsa, u holda utilizatsiya yig‘imini bekor qilish kerak. Chunki bir tomondan oddiy xalq uchun to‘siq qo‘yib, ikkinchi tomondan boylar uchun imtiyoz berish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi».

Izohlarda subsidiya ayrim ishlab chiqaruvchilarga ko‘proq foyda berishi mumkinligi haqida ham fikrlar bor:

«Odatda elektr avtomobillar boy qatlam uchun hisoblanadi. Nega ular uchun yana oddiy xalq soliqlari hisobidan moliyalashtirish kerak? Undan ko‘ra utilizatsiya yig‘imini bekor qilaylik. Biz ham 150 milliongacha bo‘lgan elektr avtomobillarni sotib olaylik. Bu subsidiyadan faqat ayrim elektr avto ishlab chiqaruvchilar foydalanadi, xolos. Nega mana shu oddiy xalq uchun foydali qaror qabul qilinmaydi?»

Odamlar qonun loyihasi muhokamasida yana ko‘plab e’tirozlari, xavotirlari va takliflarini bildirishgan. Shu o‘rinda, fikr yetakchilari orasida ham bu mavzu muhokamalar markazida.

«Juda yomon, zararli va antijtimoiy taklif» — Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirov elektromobillar uchun avtokredit foizining bir qismini davlat budjeti hisobidan qoplash taklifini keskin tanqid qildi. U o‘z fikrini bir nechta asosiy masala orqali izohlagan.

«Bu judayam yomon, zararli va antijtimoiy taklif. Nega? Birinchidan, oxirgi oylarda iqtisodiy blok avvalgi yillarda turli cho‘ntaklarga, o‘ngga va chapga hisobsiz tarqatilgan soliq imtiyozlarini qisqartirish va tugatishga oid turli takliflarni ilgari surmoqda. Bunday paytda ikkinchi qo‘l bilan soliq imtiyozi berishdan ham battar bo‘lgan budjet kompensatsiyasini taqdim etish, kamida, harakatlarda uzviylikning buzilishi, ko‘pi bilan ikki xil standartlar bo‘ladi», — deya yozmoqda iqtisodchi.

Bakirovning fikricha, taklifning yana bir muammosi — budjetga tushadigan yuklama qancha bo‘lishi ko‘rsatilmaganida.

«Nega loyihada budjet uchun yuklama miqdori ko‘rsatilmagani tushunarsiz? Har yili 50 ming boyga kompensatsiya berilsa, ikkinchi yildan kompensatsiya miqdori necha trillion bo‘ladi? Bu kompensatsiyani to‘lash uchun kimlarga soliqlar oshiriladi? Yo yana ijtimoiy nafaqalar kesiladimi? Yaqindagina emasmi, boylarni subsidiyalamaylik, deya energiya tarifi shkalalari kiritilgani? O‘tgan hafta emasmi issiqlik tarifi uchun 60 kv. m ijtimoiy norma taklif etilgani?» — deb yozmoqda Otabek Bakirov.

Iqtisodchi elektromobillar muhtoj aholi uchun birlamchi ehtiyoj emasligini ham ta’kidlagan. Uning fikricha, bunday avtomobillarni asosan daromadi yuqori qatlam sotib olmoqda.

«Elektromobillar ijtimoiy tovar emas yoki bo‘lmasa, muhtoj toifalarning birlamchi zaruriyati ham emas. O‘zbekistondagi daromadlar nisbatida qaralsa, elektromobillar boylar va o‘ta boylarning tanlovi. Nima uchun boylarning komforti uchun, xususan, o‘qituvchi va doktorlar to‘lagan soliqdan har yili 24 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanishi kerak? Nima uchun ikkinchi va keyingi tug‘ilgan farzandlar uchun 956 ming so‘m suyunchi pulini kesish mumkin, boylar va o‘ta boylar uchun har yili 24 mln so‘mgacha sovurishda bunchalar hotamtoy bo‘linadi? Adolatning yangisi shunaqa bo‘ladimi?» — degan savolni o‘rtaga qo‘ydi iqtisodchi.

Bakirov loyihaning ayrim bozor ishtirokchilariga foyda berishi mumkinligidan ham xavotir bildirgan. Unga ko‘ra, belgilangan 440 mln so‘mlik chegara va kreditning faqat birlamchi bozorga tatbiq etilishi ayrim sotuvchilar uchun qulay sharoit yaratadi.

«Har gal shunaqa lobbilar paydo bo‘lganida, oyoqlar qayerdan o‘sib chiqyapti, degan savol qo‘yilishi kerak. O‘rnatilgan 1 000 BHM miqdoridagi, ya’ni 440 mln so‘mlik chegaraga Xitoydan boj va utilizatsiya yig‘imi to‘lamay olib kelib, “mahalliy” deya sotayotgan naq 7 rusumdagi elektromobillar mos tushadi. Shuningdek, kredit faqat birlamchi bozorga, ya’ni chayqovchi monopolistning dilerlariga o‘tkaziladi», — deb yozmoqda Bakirov.

Uning fikricha, agar maqsad elektromobillarni ommalashtirish bo‘lsa, kredit foizini subsidiyalashdan ko‘ra utilizatsiya yig‘imini bekor qilish samaraliroq bo‘lishi mumkin.

«Agar elektromobillarni ommaviylashtirish bo‘yicha niyatlar samimiy bo‘lsa, mard bo‘lib, elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini bekor qilish samarali emasmi? Bu imtiyoz bo‘lmaydi, imkoniyatlarni tenglashtirish bo‘ladi. Chunki chayqovchi monopolist uchun utilizatsiya yig‘imi bekor qilib berilgan-ku. Qolganlarga ham bekor qilaylik, hech bo‘lmasa, 1,5 yilga, energotaqchillik tugaguncha», — deya fikrlarini bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov.

«Elektromobillarga subsidiya berilishi avtomobil bozorida sun’iy o‘yin qoidalarini yaratadi» — Laziz Hamidov

Jamoatchilik faoli Laziz Hamidov ham qonun loyihasini tanqid қилди. Uning fikricha, bu imtiyozdan foydalanmaydigan odamlar ham uni moliyalashtirishda ishtirokchi bo‘lib qoladi.

«Davlat budjeti piyoda yuradiganning ham, avtobusda qatnaydiganning ham, oddiy benzinli mashinasi bor odamning ham to‘lagan solig‘idan shakllanadi. Demak, bu taklif kimdir 300–400 million so‘mlik elektromobil sotib olsa, uning kreditini butun mamlakat — shu jumladan, umuman mashinasi yo‘q, har kuni avtobusda ishga qatnaydigan odam ham — birgalikda to‘lab berishini anglatadi», — deb yozadi Hamidov.

Hamidov budjetda qo‘shimcha mablag‘ bo‘lsa, uni qimmat shaxsiy avtomobillar xaridini rag‘batlantirishga emas, jamoat transportiga sarflash ma’qulroq, deb hisoblaydi.

«Budjetda ortiqcha pul bor ekan, unda shuni qimmat shaxsiy mashinalar uchun emas, balki jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilashga — yangi avtobuslar, metro liniyalariga sarflash ancha mantiqliroq emasmi?» — deb yozadi u.

Uning fikricha, elektromobillarga subsidiya berilishi avtomobil bozorida ham alohida sharoit yaratadi. Bunda odamlar elektromobilni ehtiyoji yoki iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lgani uchun emas, davlat pul ajratayotgani uchun sotib olishni boshlashi mumkin.

«Menimcha, elektromobillarga subsidiya berilishi avtomobil bozorida sun’iy o‘yin qoidalarini yaratadi. Odamlar ehtiyoj yoki iqtisodiy samaradorlik uchun emas, shunchaki “davlat pul berayotgani uchun” elektromobil olishga o‘tadi. Dilerlar esa subsidiya hisobidan narxlarni sun’iy ravishda oshirib olishi ehtimoli juda yuqori», — deb yozadi Laziz Hamidov.

«Subsidiya emas, import bojlarini olib tashlash kerak» — Botir Qobilov

Iqtisodchi Botir Qobilovning fikricha, agar maqsad O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish va ularni xarid qilayotganlarga yengillik yaratish bo‘lsa, kredit foizlarini budjetdan qoplash to‘g‘ri yo‘l emas.

«O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish, uni sotib olayotganlarga yengillik bo‘lsin degan yaxshi niyat bo‘lsa, avvalo, uni kreditga sotib olayotganlarga foiz xarajatlarini budjetdan qoplab berish emas, balki shu elektromobillarga bo‘lgan barcha import boj va yig‘imlarni olib tashlash to‘g‘ri va foydaliroq bo‘ladi. Budjetga ham, iste’molchiga ham, bozorga ham», — deb yozmoqda iqtisodchi Botir Qobilov o‘z blogiga.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa loyiha yuzasidan aslida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar o‘rniga boshqa choralar ko‘rilayotganini kinoya qilgan.

Subsidiyaning ortida qanday manfaat bor?

«Ko‘rpacha ostida so‘m» kanalida ham elektromobillarni subsidiyalash haqidagi taklifga nisbatan bir qancha e’tirozlar sanab o‘tilgan.

Avvalo, loyihada buning budjetga qancha yuk tushishi ko‘rsatilmagan. Negaki gap yuzlab milliard yoki trillionlar haqida ketmoqda. Shuningdek, davlat bir vaqtning o‘zida soliq imtiyozlarini qisqartirishga harakat qilmoqda, ammo endi yig‘ib bo‘lingan soliqlar hisobidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakli taklif qilinmoqda.

Yana bir masala — bu imtiyozdan kimlar ko‘proq foydalanishi. Qiymati 440 mln so‘mgacha bo‘lgan avtomobillar uchun subsidiya berilishi, avvalo, daromadi yuqoriroq aholiga qulaylik yaratadi. Chunki o‘rtacha ish haqi 7 mln so‘m bo‘lgan sharoitda 300–400 mln so‘mlik avtomobilni sotib olish imkoniyati aholining katta qismida mavjud emas.

Bundan tashqari, belgilangan 440 mln so‘mlik chegara mahalliy ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning katta qismiga mos keladi. Xususan, «O‘zavtosanoat» va BYD Europe B.V.ning qo‘shma korxonasi bo‘lgan BYD Uzbekistan Factory ishlab chiqarayotgan modellar shunday narx chegarasiga tushadi. Korxonadagi ulushlar mos ravishda 60 va 40 foizni tashkil qiladi.

Bu yerda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun berilgan boshqa imtiyozlarni ham hisobga olish kerak. Ular ishlab chiqargan avtomobillar 2030 yilgacha utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan. Butlovchi qismlar, xomashyo va ehtiyot qismlar uchun ham bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar mavjud.

Import avtomobillari esa bunday sharoitda emas. 2025 yil mayidan yangi avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 120 BHM, uch yildan eski avtomobillar uchun esa 210 BHM etib belgilangan.

Shunday qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchi bir qator imtiyozlarga ega, import avtomobillari esa qo‘shimcha xarajatlarga duch kelmoqda. Endi elektromobil sotib olayotgan xaridorning krediti bo‘yicha foizning bir qismini ham davlat to‘lab berishi taklif qilinmoqda. Shu nuqtai nazardan, bu chora elektromobillarni ommalashtirishga xizmat qiladimi yoki mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilariga bo‘lgan talabni yana oshiradimi, degan savol paydo bo‘ladi.

Bu Markaziy bank siyosatiga zid

Bir necha yil oldin Markaziy bank buning aksini qilgan. 2023 yilda banklar kredit portfelidagi avtokreditlar ulushini 25 foiz bilan cheklagan. Bunga avtokreditlashning keskin o‘sib ketgani sabab bo‘lgan: ayrim banklar avtokredit berishni faol ravishda oshirgan, Markaziy bank esa buni moliyaviy barqarorlik uchun xavf sifatida baholagan. Agar bank ma’lum bir turdagi kreditlashga haddan tashqari bog‘lanib qolsa, bozordagi o‘zgarishlar uning barqarorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, imtiyozli kreditlashning o‘sishi pul-kredit siyosati samaradorligini pasaytiradi. Mablag‘larning qanchalik katta qismi bozor shartlaridan farq qiladigan, ya’ni imtiyozli shartlardagi kreditlarga yo‘naltirilsa, bozor tamoyillari asosida kreditlash uchun shunchalik kam resurs qoladi.

Yana bir xavf ham bor. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish sari harakat qilmoqda. Bu esa kelajakda avtomobil bozorining yanada ochilishiga olib kelishi mumkin. Agar importdagi to‘siqlar kamayib, avtomobillar arzonlashsa, bugun kreditga sotib olingan mashinalarning qiymati ham tushib ketishi mumkin.

Bu banklar uchun kredit garovlari bo‘yicha qo‘shimcha xavf tug‘diradi. Elektromobillar uchun esa bu muammo yanada jiddiyroq bo‘lishi mumkin: texnologiyalarning tez yangilanishi va akkumulatorlarning vaqt o‘tishi bilan eskirishi sababli ularning qiymati boshqa avtomobillarga qaraganda tezroq pasayishi ehtimoli bor.

Go‘yo bir qo‘l qilayotgan ishdan ikkinchi qo‘l bexabar

Elektromobildan foydalanadiganlar ko‘payishi yaxshi. Ammo qimmat mashina oladigan odamning kredit foizi oddiy xalq to‘laydigan soliqlar hisobidan qoplanishi kerak emas. Bu — hukumat tomonidan qilinadigan iqtisodiy mantiqsizlik va ochiqchasiga ijtimoiy adolatsizlikdir.

Bir tomondan davlat soliq imtiyozlarini qisqartirish, ortiqcha yengilliklarni bekor qilish va budjet xarajatlarini tejash haqida gapiryapti. Ikkinchi tomondan esa yana yig‘ib olingan soliqlar hisobidan yangi imtiyoz berish taklif qilinmoqda. Go‘yo bir qo‘l qilayotgan ishidan ikkinchi qo‘l bexabar.

Agar maqsad haqiqatan ham elektromobillarni ommalashtirish bo‘lsa, kredit foizini ayrim xaridorlar uchun to‘lab berishdan ko‘ra, elektromobilning o‘zini arzonlashtirish kerak. Masalan, utilizatsiya yig‘imini nolga tushirish va boshqa import to‘siqlarini kamaytirish. Shunda yengillik faqat kredit olgan odamga emas, elektromobil sotib oladigan hammaga tegadi. Chunki gap elektromobilning o‘zida emas, gap davlat pulining kimga ishlatilishida.

Hukumat bunday adolatsiz amaliyotga darhol chek qo‘yishi shart. Davlat ko‘magi va subsidiyalar oddiy odamlarning turmush tarzini yaxshilashga, ommaviy ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirilishi kerak, yakka shaxslarning dabdabali ehtiyojlarini qoplashga emas. Shu ma’noda, oddiy fuqarolarning peshona teri hisobidan yig‘ilgan soliqlarni qimmat avtomobil minib yurganlarning foiziga to‘lab berish — hech qanday mantiqiy yoki axloqiy mezonlarga sig‘maydigan kechirib bo‘lmas xato. Bundan o‘zgasi emas.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 182

Barchasi

Mavzuga oid