«Biznesni rivojlantirish banki» boshqaruv raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Oybek Vohidovning vakolatlari tugatildi. U 2024 yildan beri ushbu lavozimda ishlab kelayotgandi.
«Biznesni rivojlantirish banki» kuzatuv kengashi 20-noyabrda Oybek Roziqovich Vohidovning boshqaruv raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi sifatidagi vakolatlarini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda 27-noyabrda Korporativ axborot yagona portalida (openinfo.uz) e’lon qilindi.
Oybek Vohidov bu vazifada 2024-yildan buyon ishlab kelayotgandi. Hujjatda qarorning sababi ham, lavozimga kim tayinlangani ham ko‘rsatilmagan.
Oybek Vohidov 1980-yilda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashqi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishida tahsil olgan, bank sohasidagi faoliyatini 2001-yilda boshlagan. U 2001–2023-yillarda «O‘zsanoatqurilishbank» ATB tizimida turli lavozimlarda, xususan, 2015–2023-yillarda departament direktori — bank bosh buxgalteri lavozimida faoliyat yuritgan. 2023-yilning noyabr oyidan «Biznesni rivojlantirish banki» moliya bosh direktori lavozimida ish boshlagandi.
Bundan oldin, 12-oktabrda yana bir boshqaruv raisi o‘rinbosari Nizomiddin Abbosov ham lavozimidan ozod qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Asia Alliance Bank» boshqaruvida muhim tayinlovlar amalga oshirilgandi.