Eron Isroilning ikkita shahriga raketa zarbalari berdi

Bugun 12:401 daqiqa

Eron tomonidan 21-mart kuni kechqurun Isroilning Dimona va Arad shaharlariga berilgan raketa zarbalari natijasida 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Eron Isroilning ikkita shahriga raketa zarbalari berdi

Eron davlat telekanallari ma’lum qilinishicha, ushbu hujumlar Natanzdagi uranni boyitish majmuasiga qilingan zarbaga javob sifatida baholangan. Zarba paytida har ikki shaharda ham mudofaa tizimlari raketalarni to‘liq to‘sib qola olmagan.

Arad shahrida raketaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishi oqibatida to‘qqizta turar joy binosi vayron bo‘lgan va shahar markaziga jiddiy zarar yetgan. Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda kamida 88 kishi jarohatlangan, ulardan 10 nafarining ahvoli og‘ir. Jiddiy jarohat olganlar orasida besh yoshli bola ham bor.

Dimonada esa 12 tagacha zarba qayd etilgan bo‘lib, ulardan biri turar joy binosiga tushgan. Bu yerda 50 dan ortiq kishi jarohat olgani aytilmoqda. Hozircha har ikki shaharda halok bo‘lganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Isroil munosabatlari

Isroillik harbiy jurnalist Sergey Auslenderga ko‘ra, vayronagarchilik ko‘lami katta bo‘lishiga qaramay, qurbonlar yo‘qligi «mo‘’jiza» sifatida baholanmoqda. Uning ta’kidlashicha, tutuvchi raketa tizimi ayrim holatlarda nishonga aniq tegmagan.

MAGATE agentligi Dimonadagi Shimon Peres nomidagi yadroviy tadqiqot markaziga zarar yetmaganini va radiatsiya darajasi o‘zgarmaganini ma’lum qildi. Agentlik rahbari Rafael Grossi yadroviy obyektlar atrofida harbiy harakatlarda ehtiyotkorlikka chaqirgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu hujumni mamlakat uchun «og‘ir kecha» deb atab, Eronga qarshi harakatlar davom ettirilishini bildirgan. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarida an’anaviy darslar vaqtincha bekor qilindi.

Teglar

Mavzuga oid