add

Ikki stulda o‘tirishga urinayotgan vazir yoxud qonunlarni buzishni bas qiling, Nazarbekov!

Bugun 20:004 daqiqa

Xalqimizda ikki kemaga osilgan g‘arq bo‘lur, degan naql bor. Ruslarda ham shunga o‘xshash bir maqol bor-u, sal qo‘polroqligi uchun eslatmay qo‘yaveray. Xullas bugun, o‘zbek amaldorlari orasida birdaniga ikki kemada suzishga urinayotgani – Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov haqida gaplashamiz.


Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston madaniyat vaziri lavozimiga kelibdiki mudom qonun buzilishi, noqulay vaziyatlar «qahramoniga» aylanib qolyapti. Bir qarasangiz, u xususiy universitet reklamasida, boshqa safar kiyim do‘koni roligida ko‘rinish beradi va yana bir qarasangiz — to‘yda qo‘shiq aytib, pul yig‘ayotgan vazirni ko‘ramiz.

Bu holatlar esa ko‘p bor ta’kidlanganidek, uning mansab vakolatlaridan chetga chiqishi, manfaatlar to‘qnashuvi va davlat xizmatchisi uchun belgilangan qonuniy cheklovlarni buzishidir.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi kecha shu masalaga e’tibor qaratib, bir enli e’tirozlarini keltirgani va Vazirlar Mahkamasidan unga chora ko‘rishni so‘ragani bejiz emas.

Vazir Nazarbekov chindan, davlat amaldori tijoriy faoliyatda bo‘lmasligi, reklamada chiqish orqali manfaatdor tomonga aylanmasligi kerakligi kabi ko‘plab talablarni ochiqchasiga buzib kelmoqda. Ya’ni, birdaniga ikki stulda o‘tirishni istayapti!

Ha, Ozodbek Nazarbekov — yaxshi xonanda. Bugun uning qo‘shiqlari kirib bormagan o‘zbek xonadoni topilmaydi. Shaxsan o‘zim ham uning ko‘plab qo‘shiqlari muxlisiman, bu qo‘shiqlarga to‘ylarda mazza qilib o‘ynayman. O‘nlab davlat tadbirlari va intervyularda ko‘rishib, suhbatlashib, yaxshi inson degan xulosaga kelganman.

Ammo haqiqat shuki, yaxshi ijodkordan har doim ham yaxshi, qonunlarga og‘ishmay amal qiladigan amaldor chiqavermaydi.

Davlat boshqaruvi sahna emaski, u qat’iy qoidalar, mas’uliyat va cheklovlar maydoni. Shu ma’noda, bugun jamiyatni quyidagi savollar qattiq bezovta qilmoqda:

• Nega mamlakatning qat’iy belgilangan qoidalarida madaniyat vaziri uchun alohida darcha ochib berilgan?

• nega u buzayotgan qonun va qoidalar sanalib, hatto jamiyatda ochiq muhokama qilinmoqda-yu, lekin huquqiy oqibat ko‘rinmayapti?

• nega bir vazirning vazni butun boshli jamoatchilik fikri, davlatning aksilkorrupsiya siyosati va shu siyosatga mas’ul agentlik vaznidan ustun kelyapti?

Yana ta’kidlayman, Ozodbek Nazarbekov – ijod uchun yaralgan inson. Ammo vazirlik, bu mansab qoidalariga moslasholmaslik va uni vazirlikda ushlab turganlarning egosi uni nafaqat ijodiy erkinlikdan cheklayapti, balki jamiyatda «qonun-qoidalar hamma uchun bir xil ishlamaydi», degan xavfli kayfiyatni yanada kuchaytiryapti.

Ozodbek Nazarbekov yo mamlakatda o‘rnatilgan tartib qoidalarni o‘rganib, ular asosida ishlasin va yoki mansabidan voz kechib, sahnasiga qaytsin.  Davlat lavozimi – bu yoqtirish, shaxsiy hurmat uchun beriladigan maqom emas.

Bu – xalq ishonchiga asoslangan mas’uliyat.

San’at yutqazishi mumkin, lekin qonun yutqazmasligi kerak. Buning oqibati har narsadan yomonroq bo‘ladi.

Videomiz shu so‘zlar bilan tugashi yoki u umuman chiqmasligi ham mumkin edi. Qaysiki, kecha ijtimoiy tarmoqlarda ayni mavzuda yozgan qisqa fikrlarimga mana shunday andozadagi fikrlar ham bildirilmaganida:

«Xo‘sh, u ko‘mir o‘g‘riladimi, davlatni sotdimi, pora oldimi, shunaqa katta jinoyat qildimi, nega Ozodbek haqida yozyapsizlar?»

O‘rtoqlar, afsuski, muammo aynan shu savollarning o‘zida. Biz hanuz «katta yegan» — jinoyatchi, «kichkina, kam-kam yegan» — aybsiz, degan xavfli tafakkur doirasidan chiqolmayapmiz. Go‘yoki jinoyat faqat milliardlar o‘g‘irlanganda yoki davlat sotilgandagina boshlanadigandek.

Aslida esa huquqiy jamiyat bundya qurilmaydi. Qonun buzilishi — miqdor masalasi emas, tamoyil masalasi. Amaldorning lavozimda o‘tirib, davlat xizmatidan tashqari daromad olishi, reklamada tushishi, shaxsiy manfaat bilan davlat vakolati o‘rtasida to‘qnashuv ehtimolini yuzaga keltirishi – bu ham qonun buzilishi, do‘stlar. U ko‘mir o‘g‘irlash — korrupsiya yoki davlatga xiyonatdan kamroq zararli, deb o‘zimizni ovutish, o‘zimizni aldash.

Chunki katta jinoyatlar aynan mana shu «mayda» buzilishlarga ko‘z yumishdan boshlanadi. Bugun reklama, ertaga xizmatni suiste’mol qilish, indinga esa ochiq talon-toroj. Qonun tanlab ishlay boshlagan joyda adolat yo‘qoladi.

«Ular istaganiga tegib, istamaganiga tegmayapti», deymiz. Ha, to‘g‘ri, bu — davlatning muammosi. Bu boshqaruvning ojizligi, institutlarning ishlamayotgani belgisi. Lekin biz-chi? Biz ham bir qonun buzilishini fosh qilib, boshqasini «mayli endi» deb oqlab tursak, qanday qilib sifatli jamiyat quramiz?

Huquqiy jamiyat — bu faqat «katta jinoyatchilar» jazolanadigan jamiyat emas. Bu har qanday qonun buzilishiga murosasiz qaraladigan jamiyat. Qonun kimga nisbatan buzilgani yoki qancha zarar yetkazilganiga qarab emas, buzilgan-buzilmaganiga qarab baholanadigan jamiyat.

Shuni anglamaguncha, biz na adolat haqida, na rivoj haqida, na sog‘lom davlat haqida jiddiy gapira olamiz.

Vazir Ozodbek Nazarbekov to‘yda qistiriladigan pullarni «halollab» berishga uringanidan ko‘ra, san’atkorlarni soliq to‘lashga undasa, mamlakat va budjet uchun ko‘proq foydali ish qilgan bo‘lardi.

Idealda esa bu ishni u Madaniyat vazirligidan bo‘shab, boshlab berishi kerak. Vazirlikning o‘ziga esa umuman zaruriyat yo‘q, aslida. 

Ilyos Safarov, jurnalist

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 29

Barchasi

Mavzuga oid