
«O‘ldingizmi?»: Yolg‘iz o‘lib qolishdan qo‘rqish Xitoyda yangi biznes turini yaratdi
Xitoyda yolg‘izlik epidemiyasi shu darajaga yetdiki, odamlar o‘z o‘limi haqida yaqinlariga xabar beradigan ilovalar uchun pul to‘lashmoqda.

G‘amgin nomga ega bo‘lgan mobil ilova Xitoyda Apple Store’ning pulli ilovalar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqdi. Bu esa yoshlar uchun ham, keksalar uchun ham zamonaviy hayot qanchalik og‘ir ekanini yaqqol namoyon etmoqda.
Xitoy tilida «Sile Me» deb ataluvchi xalqaro miqyosda esa «Are You Dead?» («O‘ldingizmi?») nomi bilan tanilgan ilova foydalanuvchilardan markazida multfilm qahramoni — arvoh tasvirlangan och yashil tugmani bosish orqali har kuni ro‘yxatdan o‘tishni so‘raydi. Agar foydalanuvchi ketma-ket ikki kun davomida ro‘yxatdan o‘tmasa, tizim foydalanuvchi tomonidan tanlangan favqulodda aloqa shaxsiga avtomatik ravishda elektron xat yuboradi.
Garchi «Sile Me» o‘tgan yili bepul ilova sifatida ishga tushirilgan bo‘lsa-da, u asta-sekin pullik toifaga o‘tdi va yanvar oyining birinchi haftasida Xitoyda eng ko‘p sotiladigan pullik ilovaga aylandi. 8 yuan ($1.15) evaziga ilova mamlakat bo‘ylab yolg‘iz yashayotgan millionlab odamlarga xavfsizlik hissini beradi.
Sile Me (xalqaro nomi Demumu) AQSH, Singapur va Gonkongda ham eng ko‘p sotilayotgan kommunal ilovalar qatorida ikkinchi o‘ringa chiqdi. Bu, asosan, u yerlarda yashayotgan xitoylik muhojirlar hisobiga ro‘y bergan.
Apple Store’da ilova «yolg‘iz yashayotgan odamlar uchun yaratilgan yengil xavfsizlik vositasi» deb ta’riflanadi. U tekshirib turish (check-in) va favqulodda aloqa mexanizmlari orqali «ko‘rinmas xavfsizlik himoyasini» yaratishga xizmat qiladi.
Xitoyda yolg‘iz yashash ko‘pincha qattiq yolg‘izlik va hech kim sezmay qolishi mumkin bo‘lgan o‘lim qo‘rquvini kuchaytiradi. Mutaxassislar 2030 yilga borib mamlakatda yakka shaxsli xo‘jaliklar soni 200 millionga yetishi mumkinligini aytishmoqda.
Ko‘plab yosh xitoyliklar turmush qurmasdan yolg‘iz yashashni tanlayapti, keksalar esa qarindoshlarisiz qolib, uylarida yakkalikda umr kechirmoqda. 2024 yil Xitoy aholisi ketma-ket uchinchi yil kamaydi. Mamlakat bir yil oldin dunyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat maqomini Hindistonga bergan edi. Bunga 1980–2015 yillarda amal qilgan «bir bola siyosati», shaharlashuv va iqtisodiy bosimlar sabab bo‘lgan.
2024 yilda yakka shaxsli uy xo‘jaliklari umumiy uylarning 19,5 foizini tashkil qildi. Bu ikki o‘n yil oldin atigi 7,8 foiz edi.
Ilova yaratuvchilari — 1995 yildan keyin tug‘ilgan uch nafar yosh asoschi — loyihaning shiddat bilan ommalashib ketganini aytmoqda. Ular so‘nggi kunlarda yuklab olishlar 100 barobardan ziyod oshganini, bu server xarajatlarini keskin ko‘targanini ma’lum qildi.
Loyiha atigi 1000 yuan atrofida mablag‘ bilan yaratilgan, ammo hozir asoschilar kompaniyaning 10 foizini sotib, 1 million yuan jalb qilmoqchi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, asosiy mijozlar — yirik shaharlarda yolg‘iz yashayotgan 25 yosh atrofidagi yosh ayollar bo‘lib, ular yolg‘izlik va kutilmagan holatlardan qo‘rqish hissini kuchli boshdan kechiradi.
«Bu odamlar muloqot qiladigan kishi yo‘qligi sabab «kuchli yolg‘izlik hissini tuyishlari... shu bilan birga... hech kim bilmagan holda kutilmagan hodisalar sodir bo‘lishidan xavotirlanishlari» ehtimoli yuqori», - dedi o‘zini janob Lyu deb tanishtirgan asoschilardan biri Financial Times nashriga.
Garchi ilova Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida keng olqishlangan bo‘lsa-da, uning nomida o‘limni anglatuvchi xitoycha so‘zning ishlatilishi tanqidlarga ham sabab bo‘ldi. Xitoy janubi-g‘arbidagi Sichuandan bo‘lgan Chjao familiyali foydalanuvchi, agar ilova nomi «Tirikmisiz?» deb o‘zgartirilsa, uni yuklab olish uchun pul to‘lashga tayyorligini aytdi.
Ishlab chiquvchilar esa yaqinda xabar almashish funksiyalari va keksalar uchun qulay imkoniyatlarni qo‘shishni, shuningdek, ilova nomini o‘zgartirishni ham ko‘rib chiqishlarini ma’lum qildi.





