Logo

«Ikkinchi AES Xitoy bilan quriladi»: Vuchich hali O‘zbekiston hukumati e’lon qilmagan rejalarni ochiqladi

Shavkat Mirziyoyev Serbiya prezidenti bilan suhbatda O‘zbekistonga kelgusida yanada ko‘proq elektr energiyasi kerak bo‘lishini aytgan.

«Ikkinchi AES Xitoy bilan quriladi»: Vuchich hali O‘zbekiston hukumati e’lon qilmagan rejalarni ochiqladi

O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ikkita atom loyihasini amalga oshirmoqda — bir AES Rossiya, ikkinchisi Xitoy bilan qurilmoqda. Bu haqda 8-sentabr kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Serbiya biznes-forumida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ma’lum qildi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

Vuchichning aytishicha, u shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan. Suhbatda chog‘ida Mirziyoyev O‘zbekistonda ikki atom loyihasi amalga oshirilayotgani — biri Rossiya, ikkinchisi Xitoy bilan bog‘liq ekanini aytgan.

«Bugun ertalab prezident Mirziyoyev bilan yakkama-yakka suhbatda bu haqda so‘radim. Shunda u menga: „Bir atom stansiyasini rossiyaliklar bilan, ikkinchisini xitoyliklar bilan quryapmiz, lekin bu men uchun yetarli emas. Bularni tugatmasimdan yana qurishni boshlayman. Ishlashda davom etaman“, — dedi», — degan Vuchich.

«Gazeta»ga ko‘ra, Serbiya prezidenti energetika quvvatlarini oldindan oshirish zarurligi haqida gapirar ekan, O‘zbekistonni misol qilib keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev kelajakda mamlakatga data-markazlar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar va elektromobillar uchun ancha ko‘p elektr energiyasi kerak bo‘lishini hisobga olmoqda.

«U eng yaxshi narxga erishish uchun qanday kurashganini va kelajak haqida qanchalik oqilona fikr yuritayotganini tushundim. Chunki u data-markazlar, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va elektromobillar uchun elektr energiyasi kerak bo‘lishini biladi», — degan Vuchich.


Serbiya prezidenti bu yondashuvni Yevropadagi vaziyatga qarama-qarshi qo‘ygan. Vuchichning fikricha, Yevropada yangi energetika quvvatlarini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor berilmayapti.

U Mirziyoyev bilan gaz narxini ham muhokama qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birjada 1000 kub metr gaz narxi qariyb 890 dollarni tashkil etadi. Biroq Serbiya va O‘zbekiston Rossiya gazidan foydalanish imkoniyati tufayli uni arzonroq narxda oladi. O‘zbekistonda esa bundan tashqari o‘z gazi ham qazib olinadi.

Ikkinchi AES haqida hozircha nimalar ma’lum?

O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish rejasi avval ham ma’lum qilingan. 17-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida loyiha bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini aytgan. Biroq o‘shanda stansiya qaysi davlat bilan hamkorlikda qurilishi haqida ma’lumot berilmagan.

Endi Vuchichning bayonoti ikkinchi loyihada Xitoy ishtirok etishi mumkinligi haqidagi birinchi ochiq ma’lumot bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekiston hukumati tomonidan ikkinchi AESning Xitoy bilan birgalikda qurilishi bo‘yicha loyihaning aniq parametrlari rasman ochiqlanmagan.

Xususan, stansiyaning qayerda qurilishi, quvvati, reaktorlar soni, qurilish muddati va loyiha qiymati hozircha ma’lum emas.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Xitoy bilan tinch atom energetikasi sohasida hamkorlikni kengaytirish niyati avvalroq ham bildirilgan. 31-avgust kuni O‘zbekiston Xitoy kompaniyalarini fuqarolik atom energetikasi loyihalariga jalb qilishdan manfaatdor ekanini ma’lum qilgan.

Rossiya bilan qurilayotgan birinchi AES

O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasi Jizzax viloyatining Forish tumanida Rossiya ishtirokida qurilmoqda.

Loyiha ikkita VVER-1000 reaktori va ikkita kichik quvvatli RITM-200N reaktorini o‘z ichiga oladi. Ularning umumiy quvvati 2 110 MVt bo‘lishi rejalashtirilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollargacha baholangan. Birinchi kichik reaktorni 2029 yil oktabr–noyabr oylarida ishga tushirish, birinchi yirik energoblokni esa 2033 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. To‘liq qurilishni 2034–2035 yillarda yakunlash ko‘zda tutilgan.

Shunday qilib, agar Vuchich aytgan ma’lumot keyinchalik O‘zbekiston tomonidan rasman tasdiqlansa, mamlakatda Rossiya va Xitoy ishtirokida ikki alohida atom energetikasi loyihasi amalga oshiriladi.

Hozircha esa ikkinchi AES bo‘yicha eng muhim savollar — qayerda qurilishi, qancha elektr ishlab chiqarishi, qancha mablag‘ talab qilishi va qurilish qachon boshlanishi — ochiq qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid