Bu mablag‘ hisobidan uglerod savdosining huquqiy asoslari, qoida va yo‘riqnomalari ishlab chiqiladi, soha mutaxassislarini tayyorlovchi o‘quv markazi tashkil etiladi hamda qishloq xo‘jaligi, energetika va suv xo‘jaligida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan tajriba loyihalari amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Koreya xalqaro hamkorlik agentligidan (KOICA) iqlim bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirish hamda Janubiy Koreya bilan uglerod savdosini rivojlantirish uchun 8,5 million dollar grant mablag‘i oldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tayanib «Trend» agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tegishli kelishuvga 25-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan. Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kim Myong Jin, Global yashil o‘sish instituti (GGGI) vakili Sinyon Stella Li hamda ikki tashkilot mutaxassislari ishtirok etgan.
Loyiha O‘zbekistonning Parij kelishuvini amalga oshirishi va mazkur kelishuvning 6-moddasi doirasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi harakatlarga qaratilgan. U KOICA texnik ko‘magida GGGI tomonidan amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida Janubiy Koreya bilan uglerod savdosi uchun me’yoriy-huquqiy va institutsional asos yaratiladi, qoidalar va yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi hamda qo‘shma harakatlar rejasi tayyorlanadi.
Shuningdek, uglerod loyihalarini ishlab chiqish va boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan o‘quv markazi tashkil etiladi. Qishloq xo‘jaligi, energetika va suv xo‘jaligi sohalarida issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan tajriba loyihalari ham amalga oshiriladi.
Yangi loyiha 2025 yilda KOICA mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan Orolbo‘yi hududini yashil tiklash bo‘yicha investitsiya loyihasining davomi bo‘ladi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni izchil kengaytirmoqda.