Mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilandi
Senat mansabdor shaxslar qarorlari tufayli yetkazilgan zararni davlat hisobidan qoplash tartibini belgilaydigan qonunni ma’qulladi.

O‘zbekistonda davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilingan noqonuniy qarorlar natijasida yetkazilgan zararni qoplash tartibi aniq huquqiy asosga ega bo‘lmoqda. Senatning 14-yalpi majlisida ushbu masalaga bag‘ishlangan qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.
Amaldagi vaziyat
Amalda bu sohadagi munosabatlar yagona qonun bilan emas, balki 10 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari orqali tartibga solib kelingan. Bu esa amaliyotda turli talqinlar va murakkab jarayonlarni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
Xususan, fuqarolar va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni davlat budjeti hisobidan qoplash bo‘yicha aniq mexanizmlar mavjud emasligi asosiy muammolardan biri sifatida ko‘rsatildi. Shu sababli mazkur yo‘nalishda alohida qonun qabul qilish zarurati yuzaga kelgan.
Davlat tomonidan qoplangan mablag‘ aybdordan undiriladi
Yangi qonun davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan qonunga xilof qaror, harakat yoki harakatsizlik natijasida yetkazilgan zararni qoplash tartibini belgilaydi. Shuningdek, davlat tomonidan qoplangan mablag‘ni keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirish mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Qonunga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs ishlayotgan yoki avval ishlagan davlat organiga talabnoma kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Bu davlat xarajatlarini qaytarish imkonini beradi.
Shu bilan birga, hujjatda qonuniylik, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplar mustahkamlangan. Mulkiy zararlarni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalarni shakllantirish va ularning manbalari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, davlat organlari faoliyatida mas’uliyatni oshirish va aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishda muhim ahamiyatga ega.





