Rossiyada kiyim-kechak do‘konlarining 40 foizi yopilish arafasida
Iqtisodiy inqiroz, qimmat kreditlar va aholining tejamkorlik rejimiga o‘tishi Rossiya riteyl bozorini jar yoqasiga olib keldi — minglab do‘konlar faoliyatini to‘xtatishi kutilmoqda.

2026 yil davomida Rossiyada kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi chakana savdo nuqtalarining 40 foizi yopilib ketishi mumkin. «Shopper’s» nashrining bozor ishtirokchilariga tayanib xabar berishicha, talabning pasayishi, ijara haqining oshishi va yangi soliqlar sohaga halokatli bosim o‘tkazmoqda. «Slava Concept» asoschisi Aleksandr Peremyatovning so‘zlariga ko‘ra, iste’molning qisqarishi tufayli zarar ko‘rayotgan do‘konlar soni keskin ortgan va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun resurslar qolmagan.
Yirik tarmoqlar allaqachon keskin qisqartirishlarni boshladi: «O’STIN» 62 ta do‘konini yopib, xodimlarining 15 foizini bo‘shatdi, «Gloria Jeans» esa 150 ta nuqtasini tugatishni rejalashtirgan. «Finn Flare» faqat Moskva va Sankt-Peterburg bozorida qolishga qaror qildi, «Concept Group» esa savdo nuqtalarining yarmidan voz kechdi. Turkiyaning «Les Benjamins» va Qozog‘istonning «Gaissina» kabi xorijiy brendlari Rossiya bozorini butunlay tark etdi. Savdo markazlarida kiyim do‘konlari egallagan maydonlar bir yil ichida 15 foizga qisqargan.
Rossiyaliklar garderobini yangilashni kechiktirib, universal va arzon modellarga o‘tishmoqda. «Platforma OFD» ma’lumotlariga ko‘ra, kiyim va poyabzal xaridlari 11 foizga kamaygan. Iqtisodchilarning fikricha, iste’molchilar hamyonida oziq-ovqat ulushi ortib, boshqa tovarlarga mablag‘ qolmayapti. 2026 yilning birinchi choragida mamlakatga birorta ham yangi xalqaro brend kirib kelmaganligi bozorning «o‘sish modeli»dan «omon qolish modeli»ga o‘tganini tasdiqlamoqda.
Savdo markazlari inqirozi
Rossiyadagi mingga yaqin savdo markazlarining 80 foizi aylanma mablag‘lar tushib ketganiga duch keldi, har beshtadan birida esa tushum 20 foizdan ko‘proqqa kamaygan. Xaridorlarning diskaunterlarga o‘tishi va ijara xarajatlarining ortishi markazlarni og‘ir ahvolga solmoqda.
Bu holat nafaqat kiyim sotuvchilariga, balki butun tijorat ko‘chmas mulk bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlilchi Laura Kuznetsovaning ta’kidlashicha, yuqori asosiy stavka va xarajatlarning o‘sishi tarmoqni yil oxirigacha kuchli bosim ostida ushlab turadi.
Iste’molchilarda tejamkorlik rejimi
Rossiyada chakana savdo aylanmasining o‘sishi deyarli to‘xtagan: 2024 yildagi 7,7 foizlik ko‘rsatkich 2026 yil boshida 0,7 foizgacha tushib ketdi. Aholining ish haqi o‘smayotgani va kreditlar qimmatligi odamlarni faqat eng zarur narsalarni sotib olishga majbur qilmoqda.
«Data Insight» hamkori Fyodor Virinning fikricha, bu to‘laqonli inqiroz bo‘lib, u yil davomida davom etadi. Kiyim-kechak endi «ixtiyoriy xarid» toifasiga o‘tib qolgan, bu esa bozordagi o‘rta va kichik o‘yinchilarning ommaviy ravishda sinishiga olib keladi.





