Nikohlar kamayishining asl sababi, bozorning yarmini yo‘qotgan «UzAuto» va Toshkent metrosidagi vaqtinchalik yopilish — 10-iyun dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonlik futbol muxlislarining yarmidan ko‘pi AQSH vizasini ololmadi
JCH–2026 o‘yinlarini joyida tomosha qilishni rejalashtirayotgan ko‘plab muxlislar AQSH vizasini olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. BBC tahliliga ko‘ra, mundialga chiqqan 11 mamlakat fuqarolari uchun viza rad etish darajasi 40 foizdan yuqori bo‘lib, O‘zbekiston ham shu ro‘yxatdan o‘rin olgan. AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik arizachilarning yarmidan ko‘prog‘i viza ola olmagan.
Mutaxassislar bu holatni AQSHning qat’iy immigratsiya siyosati bilan bog‘lamoqda. Jahon chempionatining 104 o‘yinidan 78 tasi, jumladan final bahsi ham AQSHda o‘tkaziladi. FIFA muxlislar uchun «FIFA Pass» tizimini joriy etgan bo‘lsa-da, u viza berilishini kafolatlamaydi. Shu bilan birga, Kanada va Meksikadagi ayrim ma’muriy to‘siqlar ham ba’zi mamlakatlar muxlislarining turnirga borish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Markaziy bank may oyida 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi may oyida 8 ta yig‘ilish o‘tkazib, bank va kredit tashkilotlari faoliyatiga oid 36 ta masalani ko‘rib chiqdi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirish kiritish, mikromoliya va faktoring tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, to‘lov tashkiloti litsenziyasi hamda bank rahbar lavozimlariga nomzodlarni kelishish bilan bog‘liq masalalar bo‘lgan.
Shuningdek, qo‘mita kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati, Markaziy bank talablari va prudensial me’yorlarga rioya qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini ham muhokama qildi. Aniqlangan qonunbuzilishlar va kamchiliklar asosida 2 ta bank hamda 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi, ammo Markaziy bank mazkur tashkilotlar nomini oshkor qilmadi.
«Chinor» metro bekati 50 kunga yopiladi
Toshkent metropoliteni 13-iyundan boshlab «Chilonzor» yo‘nalishidagi «Chinor» metro bekati rekonstruksiya ishlari sababli vaqtincha faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qildi. Loyiha doirasida bekatning kirish-chiqish qismlari kengaytiriladi, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali oilalar uchun 4 ta katta sig‘imli lift o‘rnatiladi, shuningdek, yo‘lovchilar oqimini tezlashtirish maqsadida 12 ta qo‘shimcha turniket joylashtiriladi.
Bekat yopiq bo‘lgan davrda «Chinor» va «Yangihayot» metro bekatlari o‘rtasida bepul metrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, rekonstruksiya ishlari metro infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan.
Nikohlar kamaymoqda: muammo turmush qurish yoshida emas
O‘zbekistonda nikohlar va tug‘ilishlar soni kamayib borayotgan bo‘lsa-da, bu holat aholining kechroq turmush qurayotgani bilan izohlanmaydi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, 2025 yilda birinchi nikoh uchun o‘rtacha yosh ayollarda 21,4 yoshni, erkaklarda esa 25,6 yoshni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan ham, 2017 yil bilan taqqoslaganda ham pasaygan. Demak, yoshlar oldingidan ertaroq oila qurmoqda.
Mutaxassisning fikricha, nikohlar va tug‘ilishlar sonining qisqarishiga asosiy sabab turmush qurish yoshidagi aholi sonining kamayishidir. Bu mustaqillikning ilk yillari va 2000 yillar boshida tug‘ilishlar kamaygani natijasida shakllangan demografik tuzilma bilan bog‘liq. Hozir aynan o‘sha nisbatan kam sonli avlod oila qurish yoshiga yetgani uchun nikohlar va tug‘ilishlar soni pasaymoqda, ammo bu holatni Yaponiya, Janubiy Koreya yoki Xitoydagi demografik inqiroz bilan tenglashtirish uchun asos yo‘q.
UzAuto Motors 2025-yil kamroq daromad olsada, ko‘proq foyda ko‘rdi. Nima uchun?
UzAuto Motors 2025 yilda daromadining 3,7 foizga kamayib, 4,1 mlrd dollarga tushganiga qaramay, sof foydasini 7,8 foizga oshirib, 339,6 mln dollarga yetkazdi. Kompaniyaning yalpi va operatsion foydalari pasaygan bo‘lsa-da, so‘mning dollarga nisbatan 6,8 foizga mustahkamlanishi valuta kurslari farqidan katta moliyaviy daromad olish imkonini berdi. Natijada kompaniya 2024 yildagi 25,6 mln dollarlik valuta zarari o‘rniga 62,6 mln dollar daromad qayd etdi.
Biroq 2026 yilning birinchi choragida kompaniyaning sof foydasi 16 foizga kamayib, 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu davrda daromadlar o‘sgan bo‘lsa-da, sotish xarajatlari qariyb uch barobar oshib, 1 trln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, UzAuto Motorsning bozor ulushi ham pasayib, yanvar–aprel oylarida ilk bor 50 foizdan pastlab, 47,8 foizni tashkil qildi. Bu holat BYD, KIA, Haval va Chery kabi brendlar savdosining o‘sishi bilan izohlanmoqda.
Rossiyadan gaz importi 11 mlrd kub metrgacha oshirilishi mumkin
Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini kelgusi yillarda 11 mlrd kub metrgacha oshirish masalasi muhokama qilinmoqda. Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenovning ma’lum qilishicha, bu 2025 yilda import qilingan qariyb 7 mlrd kub metr gazga nisbatan qariyb 70 foiz ko‘pdir. Loyihaning amalga oshishi magistral quvurlarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lib, Qozog‘iston tranzit davlat sifatida zarur infratuzilmani tayyorlaganini bildirgan.
Gaz importini oshirish muhokamasi O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi pasayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda gaz ishlab chiqarish 16 foizga qisqarib, 12,6 mlrd kub metrni tashkil qildi. 2025 yilda qazib olish hajmi 42,3 mlrd kub metrga tushgan bo‘lsa, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga ko‘ra, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 40,2 mlrd kub metrgacha kamayishi, keyingi yillarda esa yana o‘sish trayektoriyasiga qaytishi kutilmoqda.





