
O‘zbekistonda plastik va virtual to‘lov bozori qanday shakllanyapti?
Markaziy bank ma’lumotlari O‘zbekistonda bank kartalari bozori debet mahsulotlari hisobiga o‘sib, xalqaro tizimlar ustun, virtual kartalar esa yangi o‘sish nuqtasiga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami 298 turdagi bank kartasi turi mavjud bo‘lib, ularning mutlaq ko‘pchiligini — 287 ta debet kartalari tashkil qiladi. Kredit kartalari esa hozircha cheklangan segment bo‘lib, atigi 11 ta tur bilan ifodalangan. Bu nisbat bank xizmatlarida hozircha kundalik to‘lovlar va hisob-kitoblarga xizmat qiluvchi instrumentlar ustuvor ekanini ko‘rsatadi.

Debet kartalari tarkibida valuta bo‘yicha taqsimot alohida e’tiborga loyiq. Ularning 145 tasi xorijiy valyutada, 103 tasi milliy valyutada, yana 39 tasi multivalyutali hisoblanadi. Ya’ni, debet kartalarining yarmidan ortig‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el valyutalari bilan bog‘liq. Bu holat xalqaro to‘lovlar, sayohat, onlayn-xaridlar va transchegaraviy pul oqimlariga bo‘lgan talabning oshib borayotganini aks ettiradi.

To‘lov tizimlari kesimida xalqaro brendlar yetakchilik qilmoqda. «Visa» tizimida 108 ta, «Mastercard»da 59 ta, «UnionPay»da esa 14 ta karta turi mavjud. Umumiy xalqaro kartalar ichida «Visa» ulushi qariyb 60 foizga yaqin bo‘lib, bu ushbu tizimning bozordagi ustun mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi. Milliy to‘lov tizimlarida esa raqobat ancha muvozanatli: «Uzcard» — 54 ta, «Humo» — 46 ta karta turi bilan taqdim etilgan. Bu ikki tizim milliy bozorda deyarli teng pozitsiyada ekanini ko‘rsatadi.
Bozor ishtirokchilari nuqtai nazaridan olganda, bank kartalari segmentida 35 ta tijorat banki faol ishtirok etmoqda. Jami 298 ta karta turini inobatga olsak, har bir bank o‘rtacha 8–9 turdagi mahsulotni taklif qilmoqda. Bu raqobatning yuqoriligi va mahsulotlar segmentatsiyasining kuchayganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, takliflar ko‘pligi mijozlar uchun tanlovni murakkablashtirishi ham mumkin.
Alohida segment sifatida virtual bank kartalari ham shakllanib bormoqda. Hozirgi kunda 29 ta virtual karta turi mavjud bo‘lib, ularning 17 tasi milliy valyutada, 12 tasi xorijiy valyutada. Umumiy bozorda virtual kartalar ulushi hali katta emas, ammo onlayn-savdo, raqamli xizmatlar va xavfsiz to‘lovlarga bo‘lgan ehtiyoj oshgani sayin ushbu segment strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Mijozlar tarkibiga nazar tashlasak, gender kesimida katta nomutanosiblik kuzatilmaydi. Mijozlar bazasida erkaklar va ayollar ulushi deyarli teng, bank kartalari egalari orasida esa biroz farq saqlanib qolgan. Bu holat bank xizmatlaridan foydalanishda umumiy ishtirok yuqori ekanini, ammo ayrim mahsulot turlarida hali ham ma’lum farqlar borligini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, mavjud raqamlar O‘zbekistonda bank kartalari bozori asosan debet mahsulotlari hisobiga o‘sib borayotganini, xalqaro to‘lov tizimlari yetakchi o‘rinni egallayotganini va virtual kartalar kelajakda o‘sish nuqtasi bo‘lishini ko‘rsatadi. Kredit kartalari segmenti esa hozircha cheklangan bo‘lib, uni rivojlantirish ehtiyotkorlik, risklarni boshqarish va mijozlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq yondashuvni talab qiladi.
Avvalroq, bank kartalari orqali amalga oshirilayotgan naqdsiz to‘lovlar hajmi va faolligi jadal oshayotgani haqida xabar bergan edik.
Teglar






