Logo

O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi, 6,5 foizlik iqtisodiy o‘sish prognozi va inflatsiyadagi rekord — 5-iyun dayjesti

Kecha 23:173 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi, 6,5 foizlik iqtisodiy o‘sish prognozi va inflatsiyadagi rekord — 5-iyun dayjesti

O‘zbekiston aprelda oltin sotdi, ammo yillik hisobda sof xaridor bo‘lib qolmoqda

Jahon Oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil aprel oyida dunyo markaziy banklari jami 17 tonna oltin xarid qildi. Eng yirik xaridor Polsha bo‘lib, 14 tonna oltin sotib oldi, Xitoy esa 8 tonna xarid qilib, 18 oydan buyon davom etayotgan muntazam xaridlarini saqlab qoldi. Chexiya Milliy banki ham zaxiralarini 2 tonna oltinga oshirdi.

O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, yil boshidan buyon jami 24 tonna oltin xarid qilib, sof xaridor maqomini saqlab qolmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat Polshadan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Hozirda O‘zbekistonning oltin zaxiralari taxminan 414 tonnani tashkil etib, umumiy xalqaro zaxiralarning qariyb 88 foiziga teng.

O‘zbekistondagi AES qurilishiga rasman start berildi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ishtirokida O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga rasman start berildi. Marosimda Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ham qatnashdi.

Prezident atom energetikasi sohasida xavfsizlik mutlaq ustuvor vazifa ekanini qayd etib, qurilish va ishga tushirish jarayonlari eng yuqori xalqaro standartlar asosida amalga oshirilayotganini bildirdi.

YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5 foiz o‘sishini prognoz qildi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qildi.

Bank hisobotiga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishni ichki iste’mol, investitsiyalar, qurilish va xizmatlar sohasi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston YAIMi 8,7 foizga o‘sgan bo‘lib, bunda pul o‘tkazmalari va ish haqining oshishi xizmatlar sohasi faolligini kuchaytirgan.

Inflatsiya rekord darajada — 5,5 foizgacha pasaydi

2026 yil may oyida O‘zbekistonda yillik inflatsiya 5,5 foizni tashkil etib, mamlakat tarixidagi eng past ko‘rsatkichga aylandi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida inflatsiya 8,7 foiz edi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, oylik inflatsiya 0,2 foiz, yil boshidan beri narxlar o‘sishi esa 2,7 foizni tashkil etgan.

May oyida go‘sht mahsulotlari, yoqilg‘i va ayrim xizmatlar narxi oshgan bo‘lsa, guruch, tuxum, parranda go‘shti va xom sut arzonladi. Benzin narxi oy davomida 0,6 foizga, propan 1,9 foizga qimmatlashgan, ayrim transport xizmatlari tariflari ham ko‘tarilgan.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya bilan hamkorlikning yangi bosqichini e’lon qildi

Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanayotganini ta’kidlab, transport, energetika, raqamli va ishlab chiqarish infratuzilmalarini integratsiya qilish muhimligini qayd etdi. Prezidentning fikricha, iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan va ochiq Markaziy Osiyo barcha sherik davlatlar manfaatlariga javob beradi.

Davlat rahbari Rossiyani O‘zbekistonning strategik sherigi deb atab, so‘nggi o‘n yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. Rossiya ishtirokidagi qo‘shma loyihalar portfeli 50 milliard dollardan oshgan, yana 5 milliard dollarlik yangi investitsiya paketi tayyorlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid