Rizo Pahlaviy AQSH hujumlarini qo‘llab chiqdi

28.02.2026 | 19:402 daqiqa

Sobiq Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning surgundagi o‘g‘li Rizo Pahlaviy AQSH va Isroilning Eronga qaratilgan hujumlaridan so‘ng bayonot berib, AQSH ko‘magini «insoniy aralashuv» deb atadi.

Rizo Pahlaviy AQSH hujumlarini qo‘llab chiqdi

Sobiq Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning surgundagi o‘g‘li Rizo Pahlaviy AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlaridan so‘ng video murojaat bilan chiqib, tashqi qo‘llab-quvvatlashni ochiqchasiga ma’qulladi. Uning ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Donald Tramp va’da qilgan yordam amalda Eron xalqiga qaratilgan bo‘lib, bu harakat «insoniy aralashuv» sifatida baholanishi kerak.

Pahlaviyning aytishicha, zarbalarning nishoni oddiy fuqarolar emas, balki Islom Respublikasi va uning «zo‘ravonlik mexanizmi» ekanini aytdi. Shu bilan birga, u yakuniy g‘alabani Eron xalqi qo‘lga kiritishini ta’kidlab, «ko‘chalarga yana chiqish vaqti yaqinlashmoqda», dedi.

Pahlaviy Eron armiyasi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilib, ular Eron va uning xalqini himoya qilishga qasamyod qilgan, Islom Respublikasi rahbariyatini emas, deb bildirdi.

U xavfsizlik kuchlarini xalq tomonida turishga va «tartibli hamda xavfsiz o‘tish jarayoni»ga hissa qo‘shishga chaqirdi. Aks holda, ular Homanaiy boshchiligidagi «qulayotgan tizim» bilan birga javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytdi.

Shuningdek, Pahlaviy Trampga murojaat qilib, tinch aholi xavfsizligiga eng yuqori darajada e’tibor qaratishni so‘radi. Unga ko‘ra, Eron xalqi ikki oy davomida bosimlarga qaramay qarshilik ko‘rsatib kelmoqda va «erkin dunyoning tabiiy ittifoqchisi» sanaladi.

Pahlaviy fuqarolarga hozircha uylarda qolish, osoyishtalikni saqlash va rasmiy chaqiriqni kutishni tavsiya qildi. U zarur paytda ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy yo‘ldosh kanallari yoki radio orqali qo‘shimcha bayonot berishini bildirdi.

«Biz yakuniy g‘alabaga juda yaqinmiz. Iloji boricha tezroq siz bilan birga bo‘lishga umid qilaman, toki birgalikda Eronni qaytarib olib, uni qayta tiklay olamiz», — deya o‘z murojaatini yakunlagan Pahlaviy.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rizo Pahlaviy hozirda AQSHda yashaydi va muxolifat harakatiga yetakchilik qiladi. U rejim o‘zgargan taqdirda o‘tish davri rahbari bo‘lish tashabbusini ilgari surgan. Biroq Donald Tramp hozircha uni rasman qo‘llab-quvvatlagani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid