Logo

Rossiya va Qatardagidan qimmatroq: Amerikadagi Jahon chempionatida kim foyda ko‘radi?

Bugun 08:305 daqiqa

11-iyun kuni Amerika qit’asida tarixdagi eng qimmat futbol musobaqasi start oldi. Oldingi ikki turnir xarajatlarini tabiiy resurslarga boy davlatlar — Rossiya va Qatar o‘z cho‘ntagidan qoplagan edi. Xo‘sh, bu safar kim buni o‘z zimmasiga oladi?

Rossiya va Qatardagidan qimmatroq: Amerikadagi Jahon chempionatida kim foyda ko‘radi?

Shimoliy Amerikadagi mazkur chempionatga asosan AQSH, shuningdek, qisman Kanada va Meksika mezbonlik qilmoqda. U tarixdagi eng serdaromad va eng tijoriy futbol musobaqasiga aylanishi kutilmoqda.

Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) bir oy ichida 9 milliard dollardan ortiq daromad olishni rejalashtirmoqda. Bu to‘rt yil oldin Qatarda va sakkiz yil avval Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatlaridagi ko‘rsatkichlardan kamida bir yarim barobar ko‘p degani.

Xarajatlarning asosiy yuki esa muxlislar, qolaversa, mezbon shaharlar va davlatlarning zimmasiga tushadi.

Muxlislar, tayyor turing!

Rossiya va Qatar o‘z imijini yaxshilash maqsadida muxlislar uchun viza tizimini bekor qilgan, transport xarajatlarini subsidiyalagan va infratuzilmaga ulkan mablag‘ kiritgan edi. Amerikaga esa bularning hech biri kerak emas.

AQSH, Meksika va Kanadadagi stadionlar allaqachon qurib bitkazilgan. Bu davlatlar «mehmondo‘st emas» yoki «sayyohlar uchun xavfli» degan tamg‘adan qutulish maqsadida muxlislarga qandaydir vaqtinchalik qulayliklar yaratib berishga ehtiyoj sezmaydi.

Qolaversa, AQSHda sport — yuzlab, hatto minglab dollar sarflanadigan qimmat tomosha, yiliga bir-ikki marta oilaviy boriladigan ulkan bayramdir. Yevropada esa bu — nisbatan arzon, har ikki haftada do‘stlar yoki oila davrasida, hatto sovuq va yomg‘irli havoda ham boshdan kechiriladigan o‘ziga xos an’ana hisoblanadi.

Bularning barchasidan chiqadigan xulosa bitta: muxlislar katta xarajatga tayyor turishi kerak. Boisi, Amerikada ularni har qadamda yuqori narxlar kutib turibdi.

Birinchidan, FIFA o‘z tarixida ilk bor dinamik narx belgilash tizimini joriy qildi. Boshqacha aytganda, talab qanchalik yuqori bo‘lsa, chiptalar narxi shunchalik oshib boraveradi. «Financial Times» nashri bilan suhbatlashgan fan-klublarning hisob-kitoblariga ko‘ra, finalgacha yetib boradigan jamoalarning muxlislari chiptalar uchun Amerikada Qatar yoki Rossiyadagidan besh barobar ko‘p mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu Jahon chempionatining muxlislar uchun yana bir katta moliyaviy zarba bo‘lishiga sabab — masofalarning uzoqligidir. Stadionga kirishdan tashqari, shaharlar va stadionlar o‘rtasidagi qatnovlarga ham katta pul sarflashga to‘g‘ri keladi. Qatar va Rossiyadan farqli o‘laroq, bu yerda yo‘l juda uzoq vaqt oladi va albatta, qimmatga tushadi.

Chempionat 16 ta shaharda o‘tkaziladi: ularning 11 tasi AQSHda, uchtasi Meksikada va ikkitasi Kanadada joylashgan. Bu shaharlar o‘rtasidagi masofa juda olis, mehmonxonalar esa allaqachon narxlarni osmonga ko‘tarib olgan. Hatto Manxettendan Nyu-Jersidagi stadiongacha bo‘lgan yarim soatlik yo‘l uchun ham transport haqi bir necha barobar oshib ketgan.

Natijada, eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, finalga chiqadigan jamoa muxlisi mehmonxona, aviachipta va o‘yinlarga kirish uchun 12 mingdan 30 ming dollargacha mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, musobaqa davom etadigan 40 kun ichida stadionlar o‘rtasida qatnash uchun muxlislar 6 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga majbur bo‘ladi.

FIFA o‘z translyatsiyalarini sotishdan 4 milliard dollar va chiptalar savdosidan 3 milliard dollardan ortiq daromad olishni ko‘zlamoqda. Yakunda musobaqadan tushadigan umumiy daromadning bor-yo‘g‘i 1,8 milliard dollarini homiylar qoplaydi. Ular orasida yaqindagina FIFAdan 2034 yilgi chempionatni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan Saudiya Arabistoni shayxlari ham bor. Boshqacha aytganda, tarixdagi eng qimmat Jahon chempionati xarajatlarining qariyb 80 foizi bevosita muxlislarning cho‘ntagidan qoplanadi.

Chempionatni qabul qilish foydalimi?

Daromadlarning asosiy qismini FIFA o‘zlashtiradi. Bu faqat chiptalar va esdalik sovg‘alari savdosi emas, hatto stadionlar oldidagi avtoturargohlardan tushadigan pullarni ham o‘z ichiga oladi. Mezbon shaharlar esa faqat sayyohlar oqimi, aholi bandligining oshishi va soliq tushumlarining ko‘payishidan umid qilishi mumkin. Biroq hammasi ham ko‘ringanidek oddiy emas.

Final o‘yini deyarli Nyu-Yorkda (aslida qo‘shni Nyu-Jersida, lekin bu unchalik uzoq emas) bo‘lib o‘tadi. FIFAning hisob-kitoblariga ko‘ra, ishbilarmonlik faolligi va turizmning o‘sishi natijasida AQSHning moliyaviy poytaxti qo‘shimcha 26 mingta ish o‘rni hamda yarim milliard dollar miqdorida qo‘shimcha soliq tushumlariga ega bo‘ladi.

Biroq Amerikaning «Goldman Sachs» banki qayd etishicha, iste’molchilarning futbolga yo‘naltirilgan xarajatlari ortishi odatda boshqa barcha sohalardagi xarajatlarning keskin pasayishi bilan birga kechadi. Futbol bilan bog‘liq sarmoyalarning har qanday ko‘tarilishi oxir-oqibat pasayish bilan yakun topadi. Qolaversa, futbol muxlislari oqimining ko‘payishi boshqa oddiy sayyohlarni cho‘chitib yuboradi. Oxir-oqibat, foyda va zarar tenglashib, hammasi bir hisob bo‘lib chiqadi.

Bundan tashqari, o‘yinlardan tushadigan daromadlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri FIFA g‘aznasiga borib tushsa-da, xavfsizlikni ta’minlash, transport va boshqa tashkiliy xarajatlar mahalliy shahar ma’muriyatlarining yelkasiga yuklanadi. «Politico» nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHning mazkur 11 ta shahridan har biri chempionatga mezbonlik qilish uchun 100 milliondan 200 million dollargacha mablag‘ sarflaydi.

Vaholanki, bu xarajatlarni qoplash uchun Kongress mahalliy shaharlarga bor-yo‘g‘i 635 million dollar ko‘mak ajratgan. Hatto eng yirik dotatsiyalar ham (masalan, Mayami va Atlantaga berilgan 74 million dollarlik yordam) kutilayotgan xarajatlarni qoplay olmaydi.

Amerika iqtisodiyotining umumiy hajmi 32 trillion dollarni tashkil etadi. FIFA esa unga bor-yo‘g‘i 17 milliard dollar qo‘shimcha daromad keltirishni va’da qilmoqda.

«FT» nashri iqtibos keltirgan Britaniyaning «Barclays» banki tahlilchilariga ko‘ra, futbol turniri Amerika iqtisodiyotiga hech qanday sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Buning ikkita asosiy sababi bor: birinchidan, rekord darajada qimmatlashgan chiptalarga bo‘lgan talab kutilganidan ancha past bo‘lib chiqdi. Ikkinchidan, futbol bo‘yicha Jahon chempionatlari va Olimpiada o‘yinlari odatda faqatgina stadionlarni qurish bosqichidagina iqtisodiy faollik va bandlikni jonlantiradi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya o‘z musobaqasiga 14 milliard dollar sarflagan bo‘lsa, Qatar 200 milliard dollar (balki undan ham ko‘proq) mablag‘ evaziga butun boshli mamlakatni yangitdan qurib chiqqan edi.

Amerika esa hech narsa qurmadi. U minimal kapital xarajatlar evaziga tarixdagi eng qimmat chempionatga mezbonlik qiladi. Barcha daromadlar faqat reklama, chiptalar va VIP-lojalardagi shampan vinosi savdosi orqaligina shakllantiriladi.

«Sport va madaniy tadbirlar asosan infratuzilmaga — stadionlar va transport tizimiga yo‘naltirilgan sarmoyalar hisobigagina ishbilarmonlik faolligi va bandlikni jonlantiradi», — deya ta’kidlaydi «Barclays» tahlilchilari.

«AQSH bu borada o‘ziga xos noyob vaziyatda, chunki bularning bari allaqachon qurib bitkazilgan. Shu sababli bandlik ko‘rsatkichlaridagi har qanday o‘sish faqatgina xizmat ko‘rsatish sohasiga ta’sir qiladi va u ham bo‘lsa faqat ma’lum hududlarda hamda qisqa muddatgagina kuzatiladi».

«Barclays» tahlilchilarining ta’kidlashicha: «yirik sport va madaniyat tadbirlari asosan infratuzilmaga — yangi stadionlar va transport tizimiga yo‘naltirilgan sarmoyalar ortidangina biznes muhitini jonlantiradi va aholi bandligini oshiradi. Amerikadagi vaziyat esa butunlay boshqacha. U yerda kerakli inshootlarning bari qurib bitkazilgan. Shu sababli yangi ish o‘rinlarining yaratilishi asosan xizmat ko‘rsatish sohasi bilan cheklanadi. Qolaversa, bu jarayon hamma joyda emas, balki ayrim hududlarda va faqat vaqtinchalik kuzatiladi».

 

Teglar

Mavzuga oid