add

Rossiyada aviakerosin bo‘yicha yangi inqiroz yaqinlashmoqda

Bugun 19:152562

Rossiyada benzin tanqisligi ortidan endi aviayonilg‘i bozorida ham muammolar kutilmoqda. «Proleum» kompaniyasi aviakerosin narxining keskin oshishi xavfi borligini ma’lum qildi.

Rossiyada aviakerosin bo‘yicha yangi inqiroz yaqinlashmoqda

Rossiyada neft mahsulotlari ishlab chiqarishdagi muammolar ortidan endi aviayonilg‘i ta’minotida ham jiddiy xavf yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda mamlakatdagi eng yirik xususiy neft mahsulotlari yetkazib beruvchi — «Proleum» kompaniyasining boshqaruvchi sherigi Maksim Dyachenko RBK agentligiga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, hukumat neft mahsulotlari ishlab chiqarishdagi inqirozni yumshatish uchun neftni qayta ishlash zavodlariga qator yengilliklar bergan. Jumladan, endi qishki dizel yonilg‘isini yozgi dizel va kerosinni aralashtirib ishlab chiqarishga ruxsat berilgan. Bu esa aviayonilg‘i narxlarining tez sur’atda oshib ketishiga olib kelishi mumkin, dedi Dyachenko.

Hukumat ham bu tahdidni inobatga olgan. RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda aviakerosin narxining o‘sishini cheklash masalasi muhokama qilingan. Hozir benzin narxlari bo‘yicha shunday cheklov amalda — xarid narxi bozor kotirovkasidan 0,01 foizdan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Ayni paytda aviakerosinning ulgurji narxi yil boshiga nisbatan pastroq — tonnasi 79 650 rubl, avvalroq narx 82 412 rubl edi. Biroq sentyabrdan buyon narxlar qayta o‘sishni boshlagan: ikki oyda 11 foizga, ya’ni 8 ming rublgacha qimmatlashgan.

Benzin bo‘yicha esa ahvol yanada og‘ir: Ai-92 narxi yil boshidan beri 42 foizga, Ai-95 esa 49 foizga o‘sgan. Ammo 1 noyabrga kelib kotirovkalar 10 foizdan ko‘proq pasaydi — Ai-92 uchun tonnasi 65,2 ming rubl, Ai-95 uchun esa 72,96 ming rubl bo‘ldi.

«Narxlar o‘sishining asosiy sababi — tovar tanqisligi», deydi Dyachenko. Uning ma’lumotiga ko‘ra, dron hujumlari natijasida mamlakat bo‘ylab kamida 30 ta neft zavodi jabr ko‘rgan, qayta ishlash hajmlari 10 foizga — kuniga 4,86 mln barrelgacha qisqargan. OilX tahlilchilari hisobicha, bu ko‘rsatkich so‘nggi olti yildagi eng past darajaga tushgan.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyada aviakerosin bo‘yicha yangi inqiroz yaqinlashmoqda | Vaqt.uz