Logo

So‘m denominatsiyasi va alifbo islohoti: O‘zbekiston uchun kutilmagan tarixiy imkoniyat

Bugun 18:5511 daqiqa

Markaziy bank valuta belgilaridagi yozuvlarni yangi qoidalarga moslashtirish uchun baribir yangi pullarni muomalaga chiqarishga majbur bo‘ladi. Shunday ekan, bu texnik zaruriyat iqtisodiyotimiz uchun uzoq kutilgan, ammo doim ortga surib kelingan yirik bir islohotni, ya’ni so‘m denominatsiyasini amalga oshirish uchun ajoyib va qulay imkoniyat paydo qilmoqda.

So‘m denominatsiyasi va alifbo islohoti: O‘zbekiston uchun kutilmagan tarixiy imkoniyat © statuz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 7-iyul kungi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasini qabul qildi.

Loyihada lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga, 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar:

  • Gʻ gʻ → Ğ ğ

  • Oʻ oʻ → Ö ö

  • Sh sh → Ş ş

  • Ch ch → Ç ç

  • ng harfi alifbodan chiqariladi.

O‘zgarishlar kuchga kirishi uchun qonun Senat tomonidan ma’qullanib, Prezident tomonidan imzolanishi kerak bo‘ladi.

Alifbo islohoti jarayonlari davom etarkan, bu — birdaniga bo‘lmasa-da, sekin-asta mamlakatdagi barcha rasmiy blankalar, hujjatlar, pasportlar va milliy valuta banknotlarining ham bosqichma-bosqich yangilanishini anglatadi. Markaziy bank valuta belgilaridagi yozuvlarni yangi qoidalarga moslashtirish uchun baribir yangi pullarni muomalaga chiqarishga majbur bo‘ladi. Shunday ekan, bu texnik zaruriyat iqtisodiyotimiz uchun uzoq kutilgan, ammo doim ortga surib kelingan yirik bir islohotni, ya’ni so‘m denominatsiyasini amalga oshirish uchun ajoyib va qulay imkoniyat paydo qilmoqda.

Denominatsiya — bu pul muomalasini tartibga solish va kundalik hisob-kitoblarni soddalashtirish uchun milliy valutaning nominal qiymatini (raqamlarini) kamaytirish jarayonidir. Oddiy aytganda, pul ortiqcha nollardan tozalanadi.

Masalan, agar denominatsiya 1:1000 nisbatida amalga oshirilsa, amaldagi 10 000 so‘mlik banknota yangi tizimda 10 so‘mga aylanadi. Eng muhimi, pulning miqdori qisqargani bilan uning asl qiymati va xarid qobiliyati o‘zgarmaydi — eski pulda 10 000 so‘mga nima sotib olish mumkin bo‘lsa, yangi puldagi 10 so‘mga ham aynan o‘sha mahsulotni sotib olish mumkin bo‘ladi.

Davlat bu qadamni odatda iqtisodiyotda inflatsiya jilovlanib, vaziyat barqarorlashganidan so‘ng, milliy valutaning nufuzini oshirish va million-milliardlar ichidagi chalkash moliyaviy amaliyotlarni yengillashtirish maqsadida tashqi va ichki bozorga ijobiy signal sifatida amalga oshiradi.

Yillar davomida matbuot anjumanlarida jurnalistlar va blogerlar tomonidan Markaziy bank rahbariyatiga hisob-kitoblarni soddalashtirish hamda ortiqcha nollardan voz kechish haqida ko‘plab savollar berildi. Bu savollarga ega rasmiylar valuta barqaror emasligi, denominatsiya juda katta mablag‘ talab qiladigan xarajat ekani va hali mavridi kelmaganini aytib, andozaviy javoblar bilan cheklanib keladi.

Masalan, shu yil 28-yanvar kuni o‘tgan matbuot anjumanida regulyator rahbari Timur Ishmetov denominatsiya haqidagi savolga shunday javob bergan: “Yangi kupyuralar chiqarish yoki so‘m denominatsiyasi bo‘yicha hech qanday reja, hatto g‘oya ham yo‘q. Lekin, pul muomalasida aholi va biznesni qanday masalalar bezovta qilayotganini so‘rovnomalar asosida o‘rganishni boshladik. Bu shunchaki aholi va biznesda biz bilmagan muammolarni [aniqlashga qaratilgan]. Shundan kelib chiqib, keyinchalik rejalashtirish [ishlarini] boshlash uchun [tahlil qilinadi]”.

Ammo e’tibor bering, bugungi makroiqtisodiy reallik va alifbo islohoti birlashganda, ushbu shablon argumentlar o‘z kuchini yo‘qotadi. Hozir ayni o‘sha tarixiy vaziyat, imkoniyat yuzaga kelgan payt.

Denominatsiya uchun nega hozir ayni muddao?

Birinchidan, milliy valutamiz bo‘lgan so‘m oxirgi ikki yildan buyon AQSH dollariga nisbatan 12 000 (ming) so‘m atrofida deyarli o‘zgarmasdan, barqaror kelmoqda. Hatto xalqaro tahlillarda so‘m mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hududidagi eng barqaror valutalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu esa denominatsiya o‘tkazishning eng birlamchi shartidir.

Ikkinchidan, banknotlardagi matnlar baribir o‘zgarishi aniq ekan, nega endi uning nominal qiymatidagi ortiqcha nollarni ham qo‘shib qisqartirmaslik kifoya? Eng maqbul va tushunarli variant bu pullarni 1000 ga 1 formatida o‘zgartirish bo‘ladi. Bu jamiyat, iste’molchilar uchun ham begona jarayon emas. Bugun bozorlarda, do‘konlarda yoki kafe-restoranlarda odamlar 50 000 so‘m o‘rniga shunchaki 50, yoki 75 000 o‘rniga 75 deb yozib qo‘yishayotganiga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Ya’ni xalqning tafakkuri allaqochon ortiqcha nollardan voz kechib, 100 000 so‘mni shunchaki 100 deb qabul qilishga tayyor bo‘lib ulgurgan.

Denominatsiya milliy valutaning nominal almashuv kursi bo‘yicha bo‘ladi. So‘m yangi so‘mga 1000 ga 1 nisbatda almashtiriladi.

Uchinchidan, nollarning qisqarishi odamlarda so‘mning xarid quvvatiga nisbatan psixologik ishonchni sezilarli darajada oshiradi. Kundalik hayotda, savdo-sotiqda hamda xalqaro hamkorlikda hisob-kitoblar tubdan soddalashadi. Masalan, Eron kabi yuqori inflatsiya tufayli pullarida nollari haddan tashqari ko‘payib ketgan davlatlarda bir dollar o‘n minglab mahalliy valutaga teng bo‘lib ketganda, biznes muloqotlarida million va milliardlar ichida chalkashliklar, tushunmovchiliklar yuzaga kelishi oddiy holga aylanadi. O‘zbekistonda ham yalpi ichki mahsulot hajmi 150 milliard dollardan oshayotgan bir paytda, uni milliy valutada ifodalash kvadrillionlarni talab qiladi. Shu sababli yirik raqamlarimizni so‘mda emas, ko‘pincha dollarda gapirishga majbur bo‘lamiz. (Masalan, 150 mlrd dollar taxminan 1,9 kvadrillion so‘m degani.) Vaholanki, qo‘shni davlatlar o‘z iqtisodiy ko‘rsatkichlarini faxr bilan o‘z valutalarida e’lon qila oladilar. Masalan, Qozog‘iston o‘zining yillik YAIM hajmini dollardan tashqari bemalol 100-120 trillion tanga deb, Qirg‘iziston esa 1-1,2 trillion so‘m deb hisobotlarda ko‘rsata oladi.

Kelajakda mintaqaviy moliyaviy markazga aylanishni maqsad qilgan davlat uchun milliy pul belgisining bunday ulkan inflyatsion ko‘rinishga ega bo‘lishi xorijiy investorlarda ham ma’lum ma’noda ishonchsizlik uyg‘otishi mumkin.

Lekin denominatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun 3 ta shart bajarilishi kerak:

1. Muomala ortiqcha pul chiqadigan barcha kanallar yopilishi kerak.

2. Davlat budjetini defitsitini qoplash uchun Markaziy bankning kreditidan foydalanilmasligi kerak.

3. Sanoat mahsulotlarining yillik o‘sish sur’ati kamida 20 foiz bo‘lishi kerak.

Ikki islohotni birlashtirishning foydalari

Agar hukumat va Markaziy bank alifbo islohoti bilan denominatsiya jarayonini parallel ravishda, ya’ni bitta umumiy tadbir sifatida amalga oshirsa, davlat iqtisodiyoti uchun bir qator jiddiy ijobiy jihatlar yuzaga yeladi. Jumladan, eng katta foyda bu xarajatlarni optimallashtirish, ya’ni ikki ishni bir yo‘la bitirish imkoniyati bo‘ladi.

Markaziy bank bunga qadar jurnalistlar savollariga javob berarkan, to‘g‘ri fikrni aytib kelardi: shunchaki pullardan nollarni o‘chirish uchun butun boshli naqd pul massasini qaytadan bosib chiqarish davlat budjetiga juda qimmatga tushadi. Biroq hozir vaziyat boshqacha. Alifbo o‘zgarishi sababli qachondir baribir yangi banknotlarni chop etishga to‘g‘ri keladi. Demak, agar denominatsiya shu islohot bilan birga amalga oshirilsa, pullar faqat bir marta bosiladi. Harflarni ham to‘g‘rilab, nollarni ham olib tashlab, bitta katta logistik xarajat bilan ikkala vazifani ham hal qilish mumkin bo‘ladi.

Buning ustiga, buxgalteriya va bank tizimlarida hisobot yuritish tubdan yengillashadi. Bugungi kunda korxonalar va moliya muassasalarining hujjatlaridagi trillionlab so‘mlar hisob-kitoblarda, elektron jadvallarda juda ko‘p joyni egallaydi. Uchta nol olib tashlansa va 12 000 so‘m shunchaki 12 so‘mga aylantirilsa, kalkulatorlar, bank dasturlari, do‘konlardagi kassa apparatlari va cheklarda hisob-kitob yuklamasi yengillashadi.

Shuningdek, valutaning xalqaro nufuzi ortishi kutiladi. Psixologik nuqtayi nazardan qaraganda, 1 AQSH dollarining 12 so‘m bo‘lib ko‘rinishi, 12 000 so‘m bo‘lib turishidan ko‘ra ancha salmoqli va barqaror taassurot uyg‘otadi. Bu xalqaro reyting agentliklari, xorijiy hamkorlar va oddiy aholi uchun inflatsiya jilovlangani hamda iqtisodiyot sog‘lomlashganining o‘ziga xos ramziy isboti bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, pulning amaldagi dizaynini murakkablashtirish yoki tubdan o‘zgartirish shart emas, mavjud chiroyli ko‘rinishlarni saqlab qolgan holda, shunchaki yangi imloda yozib, uchta nolni o‘chirib qo‘yish kifoya qiladi.

Valuta qiymatining nominal jihatdan pastligi (masalan, 1 dollar bizda 12 000 so‘m, Eron, Indoneziya va Vyetnamda bundan ham past) u yoki bu darajada jamiyat va iqtisodiyotda dollarlashuvni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday vaziyatda yirik hisob-kitoblarda jamiyatning dollar bilan muomala qilish darajasi yuqori bo‘ladi.

Dollarlashuv — bu mamlakat ichida aholi va biznesning milliy valutaga ishonmay, o‘z jamg‘armalarini saqlash, narx belgilash va o‘zaro hisob-kitoblar uchun xorijiy valutadan (ko‘pincha AQSH dollaridan) foydalanishidir.

Ma’lumki, bu masala Markaziy bank uchun o‘ta ahamiyatli. Dollarlashuv sharoitida Markaziy bank monetar siyosat dastagini yo‘qotadi. Foiz stavkalarini o‘zgartirgani bilan iqtisodiyot bunga deyarli reaksiya bildirmaydi, chunki asosiy aylanma dollarda bo‘ladi.

Shuningdek, milliy valuta qadrsizlanganda, bozorda narxlar zanjirsimon tarzda silliq va tez ko‘tarilib ketadi.

Nollar soni (nominal qiymat) dollarlashuvga ta’sir qiladimi?

Ha, psixologik jihatdan ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, rivojlanayotgan, xususan, MDH davlatlari misolida ko‘rsak, kurs yuqori bo‘lmasa-da, inflatsiya belgilari paydo bo‘lishi bilan odamlar darhol dollarga qochadi. O‘zbekistondagi valuta bozorida esa bu holatning ta’sirchanligi anchayin yuqori.

To‘g‘ri, iqtisodiyotda dollarlashuvni kuchaytiradigan boshqa sabablar ham bor. Masalan, yuqori va surunkali inflatsiya, milliy valutadagi katta xaridlar riski (avtomobil va ko‘chmas mulk xaridida), o‘tmishdagi iqtisodiy travmalar, tashqi savdoga bog‘liqlik va import hajmi ham bunga bevosita ta’sir qiladi.

Nollarni o‘chirish dollarlashuvni kamaytirishga psixologik yordam beradi, hisob-kitoblardagi murakkablikni kamaytirib, milliy valutamiz jozibadorligini oshiradi. Agar 12 000 so‘m o‘rniga kurs 12 so‘m bo‘lsa, bu aholi orasida u yoki bu darajada "pulimiz qadrli va kuchli" degan ishonchni uyg‘otadi.

Agar denominatsiyadan keyin Markaziy bank yangi so‘mning barqarorligini ta’minlay olsa, unda milliy valutaga nisbatan ishonch paydo bo‘ladi. Bu esa, dollarlashuv ko‘lamini qisqarmishiga olib keladi.

Kartalardagi pullar, oylik va pensiyalar, omonatlar hamda kreditlar masalasi qanday yechiladi?

Kartalardagi pullar va omonatlar masalasi denominatsiya jarayonining eng nozik, siyosiy va iqtisodiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Bu vaziyatda banklar aholiga pullari kamaymayotgani, aksincha, ularning sotib olish quvvati to‘liq saqlangan holda raqamlar matematik jihatdan ixchamlashayotganini to‘g‘ri va sodda tushuntirishi kerak.

Jarayon bank tizimining o‘zida mutlaqo avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Masalan, belgilangan kuni (odatda dam olish kuni yarim tunda) barcha banklarning elektron bazalari va mobil ilovalari texnik ishlar uchun qisqa muddatga to‘xtatiladi va maxsus dastur orqali hisoblardagi qoldiqlar 1000 ga bo‘linadi.

Agar vatandoshlarning plastik kartasida yoki bankdagi omonatida 5 000 000 so‘m mablag‘i bo‘lsa, u yangi tizimda 5 000 so‘m bo‘lib ko‘rinadi. Bunda hech qanday yo‘qotish bo‘lmaydi: ilgari 5 million so‘mga qanday mahsulot sotib olish mumkin bo‘lsa, yangi tizimdagi 5 000 so‘mga ham aynan o‘sha mahsulotni sotib olish imkoniyati saqlanib qoladi, chunki bozordagi narx-navo ham xuddi shu nisbatda kichrayadi.

Iqtisodiy muvozanat buzilmasligi uchun faqat omonatlar emas, balki aholining banklardan olgan kreditlari, qarzdorliklari, oylik maoshlari va nafaqalari ham bir vaqtning o‘zida, ayni shu nisbatda avtomat ravishda o‘zgartiriladi. Omonatlar bo‘yicha shartnomada belgilangan yillik foiz stavkalari (masalan, 22 foiz) o‘zgarishsiz qoladi va foizlar yangi pul o‘lchovida hisoblanishi davom etadi. Banklarning asosiy vazifasi aholiga pullari kuymaganini, balki shunchaki texnika va hisob-kitob qulayligi uchun ularning shakli ixchamlashib, mazmuni o‘z joyida qolganini tinmay uqtirishdan iborat bo‘ladi.

Kutilayotgan xavflar va salbiy tomonlar

Har qanday yirik moliyaviy islohot kabi, denominatsiyaning ham o‘ziga xos ehtimoliy risklari bor va Markaziy bankning shu vaqtgacha ehtiyotkorlik qilgani ham bejiz emas. Buni to‘g‘ri baholash kerak.

Birinchi xavf — bu narxlarning yaxlitlanishi oqibatida yuzaga keladigan sun’iy qimmatlashishdir. Masalan, hozir 4 500 so‘m turadigan mahsulot uchta nol o‘chirilganidan keyin matematik jihatdan 4.5 so‘m bo‘lishi kerak. Biroq chakana savdoda sotuvchilar va tadbirkorlar mayda pullar bilan muammo bo‘lmasligi uchun uni 5 so‘m qilib yuqoriga qarab yaxlitlashga moyillik bildiradilar. Bu esa bozorlarda yashirin inflatsiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Ikkinchi xavf — aholi o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan asossiz vahima va tushunmovchiliklar bilan bog‘liq. Alifbo almashishi va pullardan nollarning yo‘qolishi, ayniqsa yoshi katta insonlarda pullar qadrsizlanyapti yoki eski jamg‘armalarimiz kuyib ketadi, degan xavotirlarni uyg‘otishi hech gap emas. Bunday stress holatida odamlar orasida naqd so‘m pullarini chet el valutasiga yoki ko‘chmas mulkka almashtirish kerak degan fikrlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Oqibatda bir muddat dollarga bo‘lgan talab keskin ortishi mumkin.

Uchinchidan, bu faqatgina pul bosish xarajati bilan cheklanmaydigan texnik yuklamadir. Mamlakatdagi barcha bankomatlar, terminallar, to‘lov tizimlari, kassa apparatlari hamda korxonalarning 1C kabi buxgalteriya dasturlarini bir vaqtning o‘zida yangi o‘lchov tizimiga o‘tkazish katta logistik va moliyaviy tayyorgarlikni talab etadi.

Islohot muvaffaqiyati uchun nimalarga e’tibor berish shart?

Bugungi qulay imkoniyatdan talafotlarsiz va yuqori samara bilan foydalanish uchun davlat iqtisodiy idoralari bir qator qat’iy qoidalarga amal qilishlari kerak.

Eng asosiysi, bozorda uzoq muddatli parallel muomala davri joriy etilishi kerak. Eski ko‘p nolli banknotlar va yangi denominatsiya qilingan pullar bozorda kamida 1 yil davomida teng huquqli ravishda yonma-yon yurishi shart. Odamlar eski pullarini darhol almashtirish uchun bankma-bank yugurishga majbur bo‘lmasliklari lozim. Ular do‘konda eski pulda to‘lov qilib, qaytimini yangi pulda olish imkoniga ega bo‘lishsa, jamiyatdagi vahima darajasi nolga tushadi.

Shu bilan birga, ikkilik narxlar tizimini joriy etish majburiy bo‘lishi lozim. Kamida 6 oydan 12 oygacha bo‘lgan davrda barcha peshtaxtalarda narxlar har ikkala formatda yozilishi shart, ya’ni masalan, non 3 000 so‘m yoki 3 so‘m deb ko‘rsatiladi. Bu xalqning ko‘zi va tafakkuri yangi shkalaga asta-sekin ko‘nikishi hamda sotuvchilar tomonidan narxlarni noqonuniy ravishda yuqoriga yaxlitlash holatlarining oldini olish uchun eng ishonchli to‘siqdir.

Albatta, ommaviy axborot vositalari, televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilishi shart. Odamlarga sodda tilda denominatsiya bu pulning qadrsizlanishi yoki devalvatsiya emas, balki shunchaki hayotni yengillashtiradigan texnik qulaylik ekani muntazam uqtirib borilishi lozim. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar bank tizimlari tomonidan avtomatik ravishda to‘g‘ri qayta hisoblanishi fuqarolarda davlatga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Masalaning yana bir jihati shundaki, nollar o‘chirilgach, muomalaga majburan mayda tangalar yoki kichik nominaldagi pullar qaytadi. O‘zbekiston sharoitida aholi tanga pullarni unchalik xush ko‘rmasligini inobatga olib, yangi chiqariladigan mayda pullarning sifati, shakli va muomaladagi qulayligini puxta o‘ylash talab etiladi. Yangi pullarda eng zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash ham qalbaki pullar ko‘payishining oldini oladi.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, alifbo islohoti haqiqatan ham naqd pullarni yangilash xarajatlarini qisman optimallashtirish imkonini beruvchi juda qulay tarixiy vaziyatni yaratmoqda. Biroq Markaziy bank bu jiddiy qadamni tashlashi uchun faqatgina kursning barqarorligi va alifbo omilining o‘zi yetarli emas. Eng asosiysi baribir mamlakatdagi makroiqtisodiy barqarorlik, puxta texnik tayyorgarlik hamda eng muhimi inflatsiya darajasining uzoq muddat davomida barqaror va past, ya’ni kamida 5 foiz atrofida saqlanib turishidir. Shundagina denominatsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, iqtisodiyotimizga faqat va faqat foyda keltirishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham, denominatsiya sinovdan o‘tmagan, butkul yangi amaliyot emas: bugunga qadar MDH davlatlarining deyarli barchasi, Yaqin Sharqda Eron va yaqindagina Turkiya ham ushbu tajribadan o‘tdi. Markaziy bank bu amaliyot uchun ularning tajribasi, bosib o‘tgan yo‘lini bemalol o‘rganish mumkin.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 112

Barchasi

Mavzuga oid