Logo

Toshkentda 86 turdagi sertifikatsiz dori vositasi savdodan olindi

Bugun 20:141 daqiqa

Poytaxtdagi dorixonalarda sertifikatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar savdosi aniqlandi. Tekshiruvlarda 86 turdagi sertifikatsiz dori vositasi va yaroqlilik muddati o‘tgan 5 turdagi preparat savdodan olindi.

Toshkentda 86 turdagi sertifikatsiz dori vositasi savdodan olindi © Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkentdagi bir qator dorixonalarda sertifikatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari sotilayotgani aniqlandi. Tekshiruvlar natijasida to‘rtta dorixonadan 86 turdagi sertifikatsiz dori vositasi savdodan olingan. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma’lum qildi.

Nazorat tadbirlari farmatsevtika faoliyatida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini o‘rganish doirasida o‘tkazilgan. Tekshiruvlarga “Arzon apteka” Telegram-botida joylashtirilgan dori vositalari haqidagi e’lonlar asos bo‘lgan.

To‘rtta dorixonada muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 86 turdagi dori vositasi aniqlanib, savdodan olingan.

Bundan tashqari, dorixonalardan birida yaroqlilik muddati o‘tgan 5 turdagi dori vositasi ham savdoda turgani ma’lum bo‘lgan.

Yana bir holatda dorixona dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana sotish uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugaganiga qaramay, faoliyatini davom ettirgan.

Markaz fuqarolarni dori vositalarini qonuniy faoliyat yuritayotgan dorixonalardan xarid qilishga chaqirdi. Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e’lonlardan ehtiyot bo‘lish hamda dori vositalarining qonuniyligi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga e’tibor qaratish tavsiya etildi.

Teglar

Mavzuga oid