Tramp kriptovalyutasini xarid qilganlar milliardlab dollar zarar ko‘rdi
«TRUMP» memkoini atrofidagi shov-shuv katta yo‘qotishlarga aylandi. Tahlillarga ko‘ra, qariyb bir million investor mablag‘idan ayrilgan.
© binance.comAQSH prezidenti Donald Tramp nomi bilan bog‘liq «TRUMP» memkoinini xarid qilgan qariyb bir million kishi zarar ko‘rdi. «The New York Times» nashri «Nansen» tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib, umumiy yo‘qotishlar 3,81 milliard dollarga yetganini xabar qildi.
Hisobotga ko‘ra, 3-iyul holatida token narxi 1,76 dollar atrofida savdo qilingan. Bu uning avval qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichi — 75,35 dollardan qariyb 97 foizga past degani.
2024 yilgi saylovlarda Trampni qo‘llab-quvvatlagan kriptotreyder Nikolas Pinto ham zarar ko‘rganlar orasida bo‘lgan. U «TRUMP» memkoiniga qariyb yarim million dollar kiritgani va mablag‘ining yarmidan ayrilganini ma’lum qilgan.
Memkoin qanday quladi?
«The New York Times» nashrining yozishicha, «TRUMP» tokeni savdoga chiqarilganidan keyin keskin qimmatlashgan. Uning narxi qisqa vaqt ichida bir dollardan kamroq ko‘rsatkichdan 70 dollardan yuqoriga ko‘tarilgan.
Biroq professional treyderlar va avtomatlashtirilgan savdo botlari dastlabki o‘sishdan foydalanib, aktivlarni yuqori narxda sotgan. Keyinroq bozorga kirgan tajribasiz investorlar esa narx tushishi oqibatida asosiy zararni ko‘rgan.
«Nansen» tahlillariga ko‘ra, 988 905 ta kriptohamyon egasi – ya’ni memkoin xarid qilgan har uch kishidan qariyb ikkitasi pulidan ayrilgan. Ularning umumiy zarari (tokenlarini hanuzgacha saqlab turganlarning qog‘ozdagi yo‘qotishlarini ham qo‘shib hisoblaganda) 3,81 milliard dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, 500 mingga yaqin hamyon egasi savdodan umumiy hisobda 4 milliard dollar atrofida daromad olgan.
Trampning daromadlari
Nashrning ta’kidlashicha, token narxi ko‘tarilgan yoki tushganidan qat’i nazar, uning savdosi Tramp bilan bog‘liq tuzilmalarga daromad keltirgan. Sababi har bir operatsiyadan komissiya olingan.
AQSH Hukumat etikasi boshqarmasi e’lon qilgan moliyaviy hisobotga ko‘ra, Trampning kriptovalyuta bilan bog‘liq umumiy daromadi 1 milliard dollardan oshgan. Huquqshunoslar esa kelajakda memkoin bilan bog‘liq holat yuzasidan jamoaviy da’volar paydo bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.





