Trampning Eron bilan «katta o‘yini»: Oq uy tarixiy g‘alaba yoki halokat yoqasida
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning yuqori rahbariyatini yo‘q qilish orqali misli ko‘rilmagan siyosiy tavakkalga qo‘l urdi. Ushbu urush natijasi nafaqat Yaqin Sharq, balki Trampning prezidentlik merosini ham belgilab beradi.

Donald Tramp Eron rejimiga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotni Floridadagi Mar-a-Lago rezidensiyasidan turib shaxsan kuzatib bormoqda. Ushbu qaror Amerika siyosati uchun ulkan xavfni anglatadi. Agar Tramp avvalgi prezidentlar uddalay olmagan vazifani — Yaqin Sharqni AQSH harbiy mashinasi yordamida qayta shakllantirishni amalga oshira olsa, bu uning tarixiy triumfi bo‘ladi. Biroq zarbalar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki davomli urushga aylansa, Tramp nafaqat noyab oyidagi saylovlarda respublikachilarning imkoniyatlarini, balki o‘z obro‘sini ham xavf ostiga qo‘yadi, deyiladi BBC maqolasida.
Tramp Eronga hujumni 47 yil davomida «Amerikaga o‘lim» deb hayqirgan va xalqaro terrorizmni yoygan rejimga nisbatan sabr kosasi to‘lgani bilan izohladi. Trampning ta’kidlashicha, bu safar AQSH «abadiy urushlarni» tugatish va’dasiga sodiq qolgan holda, keskin va hal qiluvchi zarba berish yo‘lini tanlagan.
«Men katta o‘yin o‘ynab, hamma narsani egallashim yoki ikki-uch kunda jarayonni yakunlashim mumkin», — dedi u «Axios» nashriga.
Tramp intensiv bombalashlar rejimni tez orada taslim bo‘lishga majbur qiladi, deya ishonchi komil.
Biroq ekspertlar vaziyat Tramp kutganidan ko‘ra murakkabroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Eron rahbariyatining yo‘q qilinishi mintaqadagi keskinlikni nazoratdan chiqarib yuborishi mumkin. Tramp bir vaqtning o‘zida Eron, Venesuela va Suriyada harbiy amaliyotlarni boshlab yuborgani uning «izolyatsiya» siyosatidan voz kechganini anglatadimi yoki bu shunchaki kuch ishlatish orqali tinchlikka erishish strategiyami, hozircha noma’lum. Amerika xalqining, xususan, MAGA harakati tarafdorlarining bunday harbiy sarguzashtlarni qanchalik qo‘llab-quvvatlashi ham katta savol ostida turibdi.
Ichki siyosiy bosim va qarama-qarshiliklar
AQSH ichida Trampning harakatlari keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Demokratlar va muxolifat vakillari prezidentni Amerika xalqini istamagan urushga tortayotganlikda ayblamoqda. Kamala Harrisning ta’kidlashicha, xalq yangi qonli to‘qnashuvlarni xohlamaydi. Kongressdagi demokratlar Trampning strategiyasi va maqsadi aniq emasligidan norozi. Ular ma’muriyatning jamiyat va parlamentni xabardor qilmasdan, impulsiv qarorlar qabul qilayotganini tanqid qilmoqda.
Tramp esa bunga javoban: «Bir kun kelib ularning o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, kimni rahbar etib tayinlashni so‘rashadi», — deya kinoya qildi.
Amerika Harbiy-dengiz maktabi professori Muhammad Hofizning fikricha, Eronning javob zarbalari ularning eskalatsiyaga tayyorligini ko‘rsatdi. Eron rejimi jahon iqtisodiyotiga zarba berish orqali AQSHga bosim o‘tkazishga harakat qiladi.
Cho‘zilib ketgan nizo Trampning Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni mustahkamlash va G‘azoni qayta tiklash kabi boshqa rejalarini ham chippakka chiqarishi mumkin. Ichki bozorda narx-navoning ko‘tarilishi esa saylovchilarning ishonchini susaytirishi tayin.
Tramp ma’muriyati ichida ham Eron masalasida yakdil fikr yo‘qligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda. Shunga qaramay, prezident o‘zining «nuqtali» bombalashlar to‘xtatib bo‘lmas kuch ekaniga ishonadi. Ushbu siyosiy va harbiy tavakkal Tramp uchun «haqiqat lahzasi» bo‘ladi. U yoki Yaqin Sharqni tinchlantirgan qahramonga aylanadi, yoki Amerikani yangi global inqiroz botqog‘iga botirgan yetakchi sifatida tarixda qoladi.
Binobarin, navbatdagi bir necha kun nafaqat Tehron, balki Vashington uchun ham hal qiluvchi bo‘ladi.





