Logo

Trillionlab foyda ko‘rayotgan banklar, Samarqand hokimiga yuborilgan ogohlantirish va mukofotlangan OAV xodimlari — 25-iyun dayjesti

Kecha 23:203 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Trillionlab foyda ko‘rayotgan banklar, Samarqand hokimiga yuborilgan ogohlantirish va mukofotlangan OAV xodimlari — 25-iyun dayjesti

O‘zbekiston banklari foydasi 8,5 trln so‘mga yetdi

2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistondagi 34 ta bank jami 8,5 trln so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66,7 foizga ko‘p.

Soliqdan oldingi foyda 9,6 trln so‘mga yetgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sishning asosiy manbai komissiyalar, to‘lov xizmatlari va boshqa foizsiz xizmatlardan tushgan daromadlar bo‘lgan.

Yil boshidan beri foyda va daromadlar o‘sishi bilan birgalikda bank tizimining rentabellik ko‘rsatkichlari ham yaxshilangan.

O‘zbekistonda aholisi eng kam hududlar ma’lum qilindi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam hudud Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri bo‘lib, u yerda 9,5 ming nafar aholi yashaydi. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati Tomdi tumani (15,3 ming), Sirdaryo viloyati Shirin shahri (19,4 ming) va Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani (20,7 ming) qayd etilgan.

Eng ko‘p aholi esa Namangan shahrida istiqomat qiladi — 731,3 ming kishi. Undan keyin Samarqand shahri (607,6 ming) va Urgut tumani (588,6 ming) joylashgan. 2026 yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi qariyb 38,4 million kishini tashkil etgan.

Samarqand hokimining ko‘cha tashabbusi bahslarga sabab bo‘ldi

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev oliy ta’lim muassasalariga ko‘chalarni biriktirishni taklif qildi. Uning aytishicha, har bir OTM o‘z hududidagi ko‘chalarda trotuarlar, daraxtlar, sug‘orish tizimi va nogironlar uchun sharoitlarni kuzatib, muammolar bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak. Bu videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilikda o‘qituvchi va talabalarni obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilish xavotirini kuchaytirdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati tashabbus majburiy emasligi, u faqat tegishli sohadagi olim va mutaxassislarning ilmiy salohiyatidan foydalanishga qaratilganini bildirdi. Shu bilan birga, Mehnat inspeksiyasi amaldagi qonunchilik pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etishni taqiqlashini eslatib, Samarqand viloyati hokimiga mazkur tashabbus yuzasidan huquqiy ogohlantirish yuborilishini ma’lum qildi.

Toshkentda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlari taqiqlandi

Toshkent shahrida 22-iyundan 15-sentabrgacha «yong‘inga qarshi maxsus rejim» joriy etildi. Shu munosabat bilan bozorlar, savdo majmualari va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ovqat tayyorlash uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlandi. Shuningdek, gaz quvurlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish maqsadida mazkur obyektlarda nazorat kuchaytiriladi.

Qarorga muvofiq, soat 11:00–17:00 oralig‘ida yirik transport vositalariga yonilg‘i quyish va omborlarga yonilg‘i yuklash cheklanadi, yengil avtomobillarga esa avtotsisternalardan suyultirilgan gaz quyish taqiqlanadi. Shu bilan birga, aholi xonadonlarida elektr va gaz tarmoqlari, isitish qozonlari, ventilyatsiya tizimlari hamda mo‘rilar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha profilaktika ishlari kuchaytiriladi.

Prezident OAV xodimlarini davlat mukofotlari bilan taqdirladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, milliy manfaatlarni axborot maydonida himoya qilish hamda demokratik islohotlarni yoritishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Davlat mukofoti olganlar ro‘yxatidan Aziza Qurbonova, Mahliyo To‘lqinova, Ravshanbek Meliqo‘ziyev, Shoxrux Majidov kabi jurnalistlar ham joy oldi.

Teglar

Mavzuga oid