Logo

Uy-joy uchun ipoteka: qaysi banklar eng past foizli kreditlarni taklif qilmoqda?

Bugun 10:262 daqiqa

2026-yil 29-iyun holatiga ko‘ra, aholi uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi e’lon qilindi.

Uy-joy uchun ipoteka: qaysi banklar eng past foizli kreditlarni taklif qilmoqda? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil 29-iyun holatiga ko‘ra, banklarning aholi uchun ajratadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi o‘tgan haftaga nisbatan 0,1 foizga kamayib, 22,1 foizni tashkil etgan.

Eng past ipoteka foiz stavkasini 19,1 foiz bilan «Orient Finans bank» taklif qilmoqda. Shuningdek, «Asaka bank»da ipoteka krediti 20,3 foiz, «Milliy bank»da 20,8 foiz, «SQB»da 21,0 foiz va «Agrobank»da 21,4 foizdan ajratilmoqda.

«BRB» va «Ipoteka bank» ipoteka kreditlarini 21,7 foizdan, «Hamkorbank» 22,0 foiz, «Infinbank» 22,7 foiz, «Xalq banki» 23,2 foiz hamda «Trastbank» 23,9 foiz stavkada taklif etmoqda.

Yuqoriroq foiz stavkalari qatoridan «Aloqabank» 24,0 foiz, «Mikrokreditbank» 24,6 foiz, «Ipak yo‘li bank» 24,7 foiz, «Asia Alliance Bank» 25,1 foiz va «Turon bank» 25,4 foiz ko‘rsatkich bilan o‘rin olgan.

Eng yuqori ipoteka foiz stavkalari «Universal bank»da 26,0 foiz, «Davr bank»da esa 26,1 foizni tashkil etgan.

photo_2026-07-02_10-27-55

Manba: Markaziy bank


Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar (mikrokreditlardan tashqari) bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,9 foizni, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha esa 21,7 foizni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, 5 oyida O‘zbekistonda 21,5 mingdan ortiq fuqaroga ipoteka kreditlari rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan 622,8 mlrd so‘mlik subsidiyalar to‘lab berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda «Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Yangi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish haqida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida maxsus ipoteka omonatini shakllantiradi.

Teglar

Mavzuga oid