
22 davlat Isroilni G‘azodagi qamalni bekor qilishga chaqirdi
20.05.2025 | 08:4021842
Yevropa va Osiyoning 22 davlati, jumladan Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yaponiya Isroilni G‘azo sektoridagi blokadani to‘liq bekor qilishga da’vat etdi. Ular qisman yengillashtirishni yetarli deb hisoblamay, buni insonparvarlik yordamining samarali yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan chora, deb atadi.

Qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, Isroil ikki oydan ortiq vaqtdan beri yordam yetkazishni to‘sib kelmoqda, G‘azoda oziq-ovqat, dori-darmon va birinchi zarur vositalar tugagan, aholi ochlik xavfi ostida qolmoqda. Bayonotda «aholiga ularga kerak bo‘lgan yordamni yetkazish lozim» deyiladi, TRT-Global xabarida.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «qisman yengillashtirish» rejasi ham tanqid ostiga olingan. Unda bu reja yordam yetkazish samaradorligiga putur yetkazishi, BMT va boshqa tashkilotlar faoliyatini cheklashi, insonparvarlikni siyosiy va harbiy maqsadlarga bog‘lashi qayd etilgan.
Bayonotda Isroildan ikki talab ilgari surildi: yordamni to‘liq hajmda qayta boshlash va BMT hamda insonparvar tashkilotlarga mustaqil faoliyat yuritishga sharoit yaratish.
Bayonot Avstraliya, Germaniya, Britaniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Yaponiya, Estoniya, Finlandiya, Portugaliya, Niderlandiya, Shvetsiya va boshqa qator davlatlar tashqi ishlar vazirlari hamda Yevroittifoqning tashqi siyosat bo‘yicha vakili tomonidan imzolangan.





