
AQSH Qozog‘istonga 4,2 mlrd dollarlik lokomotivlar yetkazib beradi
23.09.2025 | 09:3030744
Wabtec kompaniyasi Qozog‘istonga 300 ta lokomotivni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Kontrakt AQSHda 11 ming ish o‘rni yaratadi.

Reuters xabariga ko‘ra, amerikalik Wabtec kompaniyasi Qozog‘iston bilan 4,2 mlrd dollarlik kelishuvga erishdi. Shartnoma doirasida mamlakat davlat temir yo‘l kompaniyasi «Qozog‘iston Temir Yo‘li» (QTJ) uchun 300 ta ES44Aci evolution seriyasidagi yuk lokomotivlari yetkazib beriladi. Lokomotivlar o‘n yil davomida bosqichma-bosqich ishlab chiqariladi.
AQSH Savdo vaziri Hovard Latnikning ta’kidlashicha, bitim Tramp va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning telefon orqali suhbati ortidan imzolandi. U shartnomani «tarixdagi eng yirik», deb atadi va bu kelishuv Amerika innovatsiyalarini ilgari surish, Texas va Pensilvaniyadagi minglab ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi temiryo‘l aloqalarini kuchaytirishini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kontrakt AQSHda 11 ming ish o‘rni yaratadi. Latnik bu kelishuvni «katta muvaffaqiyat tarixidan ham ortiq» deb baholab, uni ikki davlat hamkorligidagi yangi bosqich sifatida ko‘rsatdi.
Qozog‘iston prezidenti ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, Wabtec bilan tuzilgan kelishuv lokomotivlarning mamlakat ichida ishlab chiqarilishi va ularga xizmat ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi. «Biz yuk lokomotivlarini yangi xususiyatlar bilan ishlab chiqaramiz va ularning servisini ta’minlaymiz», — deyilgan rasmiy bayonotda.
Qozog‘iston Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh bo‘lib, Trampning AQSHga eksport qilinadigan tovarlarga 25 foizlik boj joriy etishi ortidan murakkab savdo sharoitiga duch kelgan edi. To‘qayev iyul oyida Trampga savdo masalalarida konstruktiv muloqotga tayyorligini bildirgan edi.





