
AQSHda 70 ga yaqin xorijlik olim «milliy xavfsizlik» sababli ishdan bo‘shatildi
20.07.2025 | 17:001803 daqiqa
AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar fuqarosi bo‘lgan 70 ga yaqin xorijlik olimni ishdan bo‘shatdi.

Fox News ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tadqiqotchilar AQSH oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng ishdan bo‘shatilgan. Ular shartnoma asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) tarkibidagi loyihalarda ishlab kelgan, endilikda esa bu dasturlarda ishtirok etish huquqini yo‘qotgan.
Ishdan bo‘shatilganlarning katta qismi xitoylik olimlar bo‘lib, ular USDA’ning Qishloq xo‘jaligi tadqiqot xizmati (ARS) doirasidagi postdoktorlik dasturida faoliyat yuritgan. Reuters xabariga ko‘ra, ular 9 iyul kuni ishga kelgan paytda shaxsiy ruxsatnomalarining bekor qilinganini bilib qolgan.
Mazkur qaror AQSHda xorijlik mutaxassislarning ilm-fan va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi ishtirokiga cheklovlar kiritilayotgan paytda qabul qilindi. Shu oy boshida vazir Bruk Rollinz AQSHda dushman davlatlardan kelgan shaxslar tomonidan yer sotib olishini cheklash va xorijiy ishchilar sonini kamaytirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati qaytib kelganidan so‘ng vazirlikda 2024 yilga nisbatan 17 foizdan ziyod qisqartirishlar amalga oshirilgan va 1 200 dan ziyod xodim ishdan bo‘shatilgan.





