
AQSHda yana immigratsiya siyosati: malakali ishchilar vizasi uchun 100 ming dollarlik to‘lov joriy etildi
20.09.2025 | 17:0035914
AQSH prezidenti Donald Tramp H-1B vizasi orqali mamlakatda ishlashni istagan malakali chet ellik mutaxassislar uchun yiliga 100 ming dollar to‘lov joriy etilishini ma’lum qildi.
19 sentyabr kuni Oq uyda e’lon qilingan qarorga ko‘ra, kompaniyalar H-1B vizasi asosida ishlayotgan har bir xodim uchun olti yilgacha yiliga ushbu to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
Bu o‘zgarishlar Amerika tarixidagi ko‘plab iqtisodiy qatlamlar uchun ochiq bo‘lgan an’anaviy immigratsiya siyosatidan keskin chekinish hisoblanadi. Huquqshunoslar yangi tartib «vizalar dasturini amalda yo‘qotishi» mumkinligini ta’kidlab, AQSH iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda, deb xabar berdi Bloomberg.
Savdo vaziri Xovard Lutnikning ta’kidlashicha, mazkur qarorning maqsadi amerikalik ishchilar uchun ish o‘rinlarini kengaytirishdir. «Yoki bu shaxs kompaniya va Amerika uchun juda qimmatli bo‘ladi, yoki u ketadi va kompaniya amerikalikni yollaydi», — dedi u. Oq uy hujjatlarida aytilishicha, bu tartib amerikalik ishchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Arzon ishchi kuchi orqali mahalliy xodimlar o‘rinlaridan mahrum bo‘lmoqda va bu milliy xavfsizlikka tahdid sifatida baholanmoqda. Biroq, huquqiy bahslar, Kongress qarshiligi va xalqaro kompaniyalarning ofislarni chetda ochishi ehtimoli yangi tashabbuslarning amalga oshishiga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
H-1B vizalariga eng ko‘p tayanadigan yirik kompaniyalar orasida Amazon, Microsoft, Meta, Apple, Google, JPMorgan Chase va Walmart kabi korporatsiyalar bor. Masalan, Amazonda bu vizada ishlayotgan 10 mingdan ziyod xodim mavjud. Yangi tartib ularning ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Huquqshunos Devid Leopoldning fikricha, 100 ming dollarlik to‘lov H-1B dasturi faqat ulkan moliyaviy imkoniyatga ega kishilar uchungina ochiq bo‘ladi. Ayrim rekruting kompaniyalari esa bu siyosatni «Amerikaning global talant bozorida raqobatbardoshligini susaytiruvchi» qaror sifatida baholadi.





