add

Boysun tumanida neft sizib chiqishi nazoratga olindi — Energetika vazirligi

05.01.2026 | 12:052 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» (M25) koni yaqinidagi hududlarda neft sizib chiqayotgani haqidagi videolar yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Boysun tumanida neft sizib chiqishi nazoratga olindi — Energetika vazirligi

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, 2025 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Boysun tumani hududida joylashgan «M-25» konida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning yer yuzasiga chiqishi holati kuzatilgan. Holat tegishli idoralar tomonidan zudlik bilan nazoratga olingan.

«Neft suyuqligining atrof-muhitga tarqalishining oldini olish maqsadida kon hududi atrofida hamda yaqindagi soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etildi. Bu choralar suyuqlikning keng maydonga yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Yig‘ib olingan neft suyuqligi doimiy ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda har biri 5 ming kub metr hajmga ega bo‘lgan, maxsus izolyatsiyalangan ikkita shlam hovuzi mavjud. Mazkur infratuzilma neft suyuqligini xavfsiz saqlash va kelgusida undan samarali foydalanish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda olib borilmoqda. Hududda xavfsizlik texnikasi va atrof-muhitni muhofaza qilish me’yorlari qat’iy nazorat qilinmoqda.

Neft suyuqligidan olingan namunalar asosida laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda. Ushbu tahlillar natijalariga ko‘ra, suyuqlikni qayta ishlash va iqtisodiy jihatdan maqbul foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shu bilan birga, kon hududida geologik tadqiqot ishlari ham davom ettirilmoqda.

Ayni paytda holat doimiy monitoring ostida ekani, neft suyuqligi to‘liq jilovlangani qayd etildi. Ilk kunlarda kanalga oqib chiqqan neft qoldiqlarini tozalash ishlari ham olib borilmoqda. Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik taqdim etilishi ma’lum qilindi», deyiladi xabarda.

Avvalroq Vaqt.uz Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» (M25) koni yaqinidagi hududlarda neft sizib chiqayotgani aytilgan videolarni e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid