
G‘azodagi qirg‘indan qaysi global kompaniyalar manfaat ko‘rmoqda?
18.07.2025 | 09:00108010
BMT ekspertining keskin baholashiga ko‘ra, global kompaniyalar Isroilning bosib olingan Falastin hududlaridagi harakatlarida ishtirok etib, genotsidga sheriklik qilmoqda va bosqindan foyda olmoqda.

Xo‘sh, hisobotda qaysi firmalar aniqlangan va ular qanday yo‘l bilan foyda olmoqda?
BMT maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanezening ta’kidlashicha, dunyoning ayrim yirik kompaniyalari Isroilning bosib olingan Falastin hududlaridagi harakatlariga sheriklik qilmoqda va ulardan foyda ko‘rmoqda. Albanezening muhim hisobotida Microsoft, Amazon va Google kabi AQSHning yirik texnologiya kompaniyalari Isroilga G‘azodagi genotsidni davom ettirishda yordam beruvchi «qo‘shma jinoiy korxona»ning bir qismi sifatida ko‘rsatilgan.
Lekin bunday BMT hisobotlarining huquqiy kuchi yo‘q, Isroil esa bu ayblovlarni rad etdi. Shunday ekan, yirik kompaniyalar moliyaviy manfaatlariga qaramay Isroil bilan aloqalarni qayta ko‘rib chiqadimi? Butun dunyo bo‘ylab iste’molchilar bu firmalarga iqtisodiy bosim o‘tkazadimi?
Isroilning G‘azodagi urushi 20 oydan ortiq davom etib, 56 mingdan ortiq falastinliklarning hayotiga zomin bo‘lgan va bu genotsid davom etayotganining sababi — u foydali biznesga aylanganidir.
BMT maxsus ma’ruzachisining aytishicha, G‘azo urushi ortida nafaqat Isroil bosqini iqtisodiyoti, balki endi genotsid iqtisodiyoti paydo bo‘lgan. G‘azoda va bosib olingan Falastin hududlarining boshqa qismlarida yuz bergan zo‘ravonlik, qotillik, mayib qilish va vayronagarchilikdan foyda ko‘rgan shaxslar va tashkilotlar mavjud.
Francheska Albanezening hisoboti davlatlar, inson huquqlari himoyachilari, kompaniyalar va olimlardan olingan 200 dan ortiq ma’lumotga asoslangan bo‘lib, unda 60 ta global kompaniya Isroilning genotsidini va G‘arbiy Sohilning noqonuniy bosib olishini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlashi ko‘rsatilgan.
Hisobotda AQSH texnologiya gigantlari falastinliklarni kuzatish va nishonga olish uchun texnologiyalar yetkazib bergani, qurilish kompaniyalari Isroilga falastinliklarning uylarini buzish va bosib olingan G‘arbiy Qirg‘oqdagi noqonuniy Isroil aholi punktlarini kengaytirish uchun uskunalar taqdim etgani, sayyohlik firmalari esa ushbu aholi punktlaridagi ijaraga beriladigan mulklarni ro‘yxatga olgani qayd etilgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, so‘nggi 20 oy ichida Isroil armiyasi va yahudiy kzchkindilari Falastin yerlarini vayron qilayotgan bir vaqtda, Tel-Aviv fond birjasi 213 foizga o‘sib, 220 milliard dollar daromad ko‘rgan.
BMT maxsus ma’ruzachisi barcha korxonalarni Isroil bilan aloqalarni uzishga va davlatlarni unga qurol sotishni to‘xtatishga chaqirdi. U kompaniyalarni jinoyat uchun javobgarlik kutayotganini eslatdi.
Associated Press axborot agentligining xabariga ko‘ra, G‘azo humanitar jamg‘armasi uchun ishlaydigan amerikalik xavfsizlik xodimlari oziq-ovqat olish uchun navbatda turgan odamlarga qarshi o‘qotar qurollar va karaxtlovchi granatalardan foydalangan. G‘azo Humanitar Fondi (GHF) may oyi oxirida G‘azoda faoliyatini boshlaganidan beri 600 dan ortiq falastinlik ommaviy o‘q uzishlarda halok bo‘lgan.
39 sahifali hisobotda IBM, Microsoft, Amazon, Google va Palantir kabi texnologiya kompaniyalarining Isroilning Falastin ustidan nazoratini kuchaytirish maqsadida sun’iy intellekt va kuzatuv tizimlaridan foydalanishga qanday ko‘maklashganlari batafsil yoritilgan. Shuningdek, Caterpillar, Hyundai va Volvo singari qurilish kompaniyalari Falastin infratuzilmasini buzish va noqonuniy aholi punktlarini barpo etishda ishtirok etganligi ham qayd etilgan.
Energetika sohasida Glencore, BP va Chevron kabi korporatsiyalar Isroilning okkupatsiya bilan bog‘liq infratuzilmani saqlab turishi uchun zarur bo‘lgan resurslarni yetkazib bermoqda. Hisobotda, shuningdek, Tnuva va Netafim singari Isroil oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari Falastin qishloq xo‘jaligi yerlariga kirib borayotgani, hamda Mekorot davlat suv kompaniyasi G‘azoga suv yetkazib berishni cheklashda ayblanayotgani tanqid qilingan.
Hujjatda logistika va turizm sohasidagi Maersk, Booking va Airbnb kabi kompaniyalar bosib olingan hududlarda faoliyat yuritayotgani va «manzilgohlar turizmi»ni rag‘batlantirayotgani alohida ta’kidlangan. Moliya sohasida esa BNP Paribas, Barclays va Allianz kabi banklar va investorlar inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq kompaniyalarga mablag‘ yo‘naltirgani aytilgan.
Hozirgi rejim nafaqat o‘n minglab falastinlik hayotini vayron qilmoqda, balki II jahon urushidan keyin yaratilgan xalqaro huquq asoslarini ham buzmoqda.
Hozirgi texnologiyalar hayotimizda juda muhim. Microsoft mahsulotlari orqali gaplashyapmiz. Shunday bir kompaniyani boykot qilish oson emas. Bu juda qiyin. Bu kompaniyalar hayotimizga shunchalik singib ketganki, ular bilan aloqani uzish deyarli imkonsiz. Ayniqsa, hozirgi masofaviy ish dunyosida.
Yillar davomida texnologik kompaniyalarni biz insoniyatni taraqqiyotga olib boradigan kuch sifatida ko‘rdik. Ularning rahbarlarini qahramonlarga aylantirdik.
Ammo bu hisobot shuni ko‘rsatdiki – bu soha harbiy-sanoat majmuasiga chuqur integratsiyalashgan. Endi qurol ishlab chiqaruvchilar faqat Lockheed Martin yoki Boeing emas. Bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt ham zamonaviy urush qurollariga aylandi.
Microsoft, Google, Amazon, Palantir, Meta — bularning barchasi harbiy texnologiyalar ishlab chiqaruvchilardir. Ularning rahbarlari esa, oxir-oqibat, urushdan foyda ko‘rayotgan tadbirkorlar. Microsoftʼni to‘liq boykot qilish bugun qiyin bo‘lishi mumkin, lekin kompaniya ichida Xbox o‘yini bo‘limi eng zaif nuqtalardan biri. Xbox o‘yinlar bozorida raqobat kuchliligi sababli, ularni iqtisodiy jihatdan bosim ostiga qo‘yish mumkin.





