add

Havo sifati bo‘yicha «aqlli ogohlantirish tizimi» yaratish kerak — 7 ta taklif

Kecha 20:352924 Daqiqa

Ekologlar ayni paytdagi changli havo yangi hafta oxirigacha saqlanib qolishi, O‘zgidromet esa dekabrning birinchi yarmi quruq va yog‘ingarchiliklarsiz kelishini ma’lum qildi. Bu shuni anglatadiki, mamlakatda havo sog‘liqqa xavfsiz darajaga qaytishi uchun kamida bir oycha vaqt kerak.

Havo sifati bo‘yicha «aqlli ogohlantirish tizimi» yaratish kerak — 7 ta taklif

Shunday ekan, hukumat ayni sharoitda ko‘rishi kerak bo‘lgan va shu kunlarda qilinayotgan ishlarga qo‘shimcha choralar yuzasidan ba’zi takliflarimni bildirmoqchiman.

Birinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi sinfxonalar va bog‘chalarda zudlik bilan ruxsat etilgan havo sifati bo‘yicha yangi standartlar ishlab chiqishi kerak. Bunda eng real qadam bog‘cha va maktablarga havo tozalagichlar o‘rnatishni zarurat sifatida belgilash. Oldindan aytib qo‘yay, bu katta siyosiy iroda talab qilmaydi, ammo millionlab bolalar sog‘lig‘ini asrab qoladi. Shifokorlar ham PM2.5 ko‘rsatkichining uzoq muddat yuqoriligi ayniqsa bolalar uchun xavfli ekanini takror-takror aytishyapti.

Ikinchidan, bog‘cha va sinfxonalarda havo tozalagichlar o‘rnatish haqida gapirarkanmiz, endi boshqa bir necha muammo ham yuzaga chiqadiki, bozorlarda narxlarning keskin oshayotgani jiddiy e’tiborni talab qilmoqda. Bir necha kun oldin narxi 2–3 million so‘m turgan havo tozalagichlar bugun 600–700 dollar atrofida sotilmoqda. Raqobat qo‘mitasi bu holatni zudlikda o‘rganishi shart. Sun’iy narx oshirish — favqulodda vaziyatdan foydalanib, odamlarni talashdan boshqa narsa emas.

Uchinchidan, hukumatda odamlar sog‘lig‘ini saqlash borasida zarracha samimiyat bo‘lsa, havo tozalagichlar va filtrlash texnikalarini O‘zbekistonga olib kirishda majburiy bo‘lgan 20 foizlik bojlarni tezda bekor qilishi shart.

Xo‘sh, bu boj kimning manfaatiga o‘rnatilgan? Qaysi importyorlar bozorni o‘zida ushlab turibdi? Ayni vaqtda, mamlakat havosi dunyo shaharlari va umuman insoniyat uchun «qizil» darajasida qolayotgan bir pallada bunday bojlar mazmunan ham, mantiqan ham izohga muhtoj.

To‘rtinchidan, havo sifati yomonlashib ketgan paytlarda nafaqat shahar ichidagi qurilishlar, balki, hududlar atrofidagi qazilma ishlari, konlar faoliyati ham to‘xtatib turilishi kerak. Bungacha chiqqan chora-tadbirlar rejasida bu chorani ko‘rmadim. Ma’lumot uchun, bugun poytaxt atrofida juda katta hududlarda qazilma ishlari davom etmoqda.

Beshinchidan, shahar ekologik xaritasi va geoma’lumotlar asosida muammoli zonalarni e’lon qilish.

Bu degani – odamlar o‘z hududi bo‘yicha aniq riskni ko‘ra olishi kerak.

Hozir hamma «bugun yomon», «bugun yaxshi» darajasida umumiy ma’lumot olyapti, lekin shahar ichida hududlar o‘rtasida ham katta farqlar bor.

Oltinchidan, iqlim va ekologiya bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda hukumatning axborot berish siyosati tubdan isloh qilinishi shart. bugungi amaliyot xalqaro talablarga mutlaqo javob bermaydi: aholiga o‘z vaqtida, aniq, tushunarli va hududlar bo‘yicha differensial ma’lumot berish tizimi mavjud emas. Natijada odamlar na qanday xavf ostida turganini biladi, na qanday choralar ko‘rishi kerakligini.

Rivojlangan davlatlarda bunday kunlarda:

  • real vaqt rejimida yangilanadigan PM2.5 xaritalari;

  • hududlar bo‘yicha xavf darajasi ko‘rsatilgan rasmiy ogohlantirishlar;

  • bolalar, qariyalar va surunkali kasalligi bor odamlar uchun alohida tavsiyalar;

  • mobil ilovalar orqali push-bildirishnomalar;

  • maktablar va bog‘chalar uchun alohida algoritmlar ishlaydi.

Bizda esa aksincha:

  • rasmiy idoralar, umumiy, batafsil bo‘lmagan va eng yomoni bir kunda faqat bir marta ma’lumot beradi;

  • PM2.5 ko‘rsatkichlari “yaxshi-yomon” darajasida cheklab qo‘yiladi;

  • aholi havo qachon xavfli, qachon nisbatan xavfsiz ekanini aniq bilmaydi;

  • tumanlar bo‘yicha farqlar umuman e’lon qilinmaydi.

Bunday yondashuv axborot yetishmasligi orqali xavfni kuchaytiradi. Rasmiylarning jim turishi odamlardagi xavotirni faqat kuchaytirmoqda — bu esa ishonchni yanada pasaytiradi.

Bugun hukumatdan talab qilinadigan eng oddiy standartlar:

  • havo sifati bo‘yicha «aqlli ogohlantirish tizimi» yaratish;

  • har 1–2 soatda yangilanadigan rasmiy PM2.5 xaritasi;

  • bolalar va maktablar uchun favqulodda ko‘rsatmalar;

  • vaziyat yomonlashganda aholiga darhol mobil ogohlantirish yuborish;

  • ochiq va aniq tushuntirishlar.

Agar hukumat shaffoflikka jiddiy yondashsa, odamlar bugungi xavfli vaziyatda o‘zini himoya qila olardi. Hozirgi axborot siyosati esa buning aksiga xizmat qilmoqda.

Yettinchidan, havo ifloslanishining asosiy manbalari bo‘yicha xalqaro audit tekshiruvi o‘tkazish:

Ko‘plab ekologlar muammoni mahalliy nuqtai nazardan tahlil qilmoqda, ammo xalqaro laboratoriyalar aniqligi yuqori:

  • qaysi hududdan chang ko‘proq kelayotgani;

  • sanoatning ulushi;

  • konlarning ta’siri;

  • sement zavodlarining emissiyasi aniq raqamlar bilan aniqlab berilishi kerak.

bugungi kabi vazirliklarning muammoni doim bir-biriga tashlashi, mas’uliyatni zimmasiga olmasligi, muammo ob’ektlari hali to‘la aniqlab chiqilmagani hukumat uchun o‘ta uyatli holat.

Shu o‘rinda aytish kerakki, ko‘cha-ko‘yda suv sepish, poytaxtdagi 54 ta fontanni yoqtirib qo‘yish bu — kosmetik choralar. Havo sifatiga real ta’sir ko‘rsatmaydi.

Takrorlayman, odamlar bugun hukumatdan shaffof, aniq, mas’uliyatli va samimiy qarorlar kutmoqda.



Vaqt.uz jurnalisti Ilyos Safarov

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 12

Barchasi

Mavzuga oid